
So‘nggi yuz yil davomida kuzatilmagan darajada uzoq davom etadigan Quyosh tutilishi 2027 yil 2 avgust kuni sodir bo‘ladi. Bu haqda NASA prognozlariga tayanilgan holda The Daily Galaxy nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob astronomik hodisa paytida ayrim mamlakatlarda kunduz vaqti olti daqiqadan sal ko‘proq muddatga deyarli to‘liq tunga aylanadi. Oy soyasi Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq hududlari uzra harakatlanadi. Astronomlarning ta’kidlashicha, to‘liq Quyosh tutilishi Marokash va Ispaniya janubidan boshlanib, Jazoyir, Tunis va Liviya orqali o‘tib, Misr hududini deyarli to‘liq qamrab oladi. Keyin esa soya Yaqin Sharq tomon yo‘naladi.
Eng qulay va ta’sirli kuzatuv sharoiti Misrning Luksor va Asuan shaharlarida bo‘lishi kutilmoqda. Bu joylarda kunduzgi qorong‘ilik 6 daqiqadan ortiq davom etib, XXI asrdagi eng uzoq to‘liq Quyosh tutilishi sifatida tarixga kirishi aytilmoqda.
Tutilish paytida bir qator g‘aroyib manzaralar kuzatiladi: Quyosh Oy diski ortida butunlay yo‘qoladi, havo harorati sezilarli pasayadi, osmonda yulduzlar ko‘rina boshlaydi va Quyoshning tashqi qatlami — quyosh toji yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, to‘liq Quyosh tutilishining davomiyligi Yer, Oy va Quyoshning o‘zaro joylashuviga bog‘liq. 2027 yilda ushbu joylashuv deyarli mukammal bo‘ladi, shu sababli tutilish 6 daqiqa 23 soniya davom etadi. Shunga yaqin miqyosdagi keyingi bunday hodisa faqat 2045 yilda kuzatilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.