
«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone «Jirona»ga qarshi safar o‘yinida qo‘lga kiritilgan ishonchli 3:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng jamoaning holati va maqsadlari haqida atroflicha fikr bildirdi.
Argentinalik mutaxassis ta’kidlashicha, jamoa safarda ham oldinga intilmoqda va bu o‘z samarasini beryapti. Himoyada barqarorlik, hujumda esa samaradorlik sezilarli darajada oshgan.
«Biz har bir uchrashuvda ijobiy natijaga erishishni maqsad qilamiz. Hozir jamoa oldinga qarab harakat qilyapti, bu esa o‘yinimizda ham yaqqol ko‘rinmoqda», — dedi Simeone.
U, shuningdek, hujumchi Syorlotning jamoa uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, norvegiyalik futbolchi so‘nggi o‘yinlarda o‘zini ancha erkin his qilayapti va jamoaga yangi imkoniyatlar olib kelmoqda.
«Syorlot biz uchun juda muhim figura. U faqat gol urish bilan cheklanib qolmaydi, ko‘p yuguradi, himoyani yorib o‘tadi. U Grizmann yoki Raspadoridan farq qiladigan, bizga boshqacha jihat qo‘shayotgan futbolchi», — deya qo‘shimcha qildi Simeone.
Mutaxassis o‘tgan mavsumga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, Chempionlar Ligasida jamoa yuqori darajada o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, La Ligada barqarorlik yetishmagan.
«Har safar «Real» va «Barselona»ni ko‘rganimda, bizga yanada ko‘proq g‘ayrat kerakligini his qilaman. Ayrim vaziyatlarda 100 foiz yetarli emas. Biz raqobatchilar bilan teng kurashish uchun 110 foiz kuch sarflashimiz shart», — dedi «matraschilar» ustozi.
Ma’lumot uchun, ushbu g‘alabadan keyin «Atletiko» ochkolari sonini 37 taga yetkazib, La Liga turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.