Foto: AP
Syntropy marketing agentligi hammuassisi Dmitriy Semyonov koronavirus pandemiyasidan so‘ng jahon iqtisodiyotini nimalar kutayotgani to‘g‘risida fikr yuritdi.
Okean yaqinida yashaydiganlar zilzila halokatning bir qismi ekanligini bilishadi. Zilziladan so‘ng ular bor-budlarini yig‘ishtirishadi va sunami ostida qolib ketmaslik uchun sohildan uzoqroqqa ketishadi.
Koronavirus — bu oylar, balki yillarga cho‘ziladigan zilzila. Bir hafta ichida kasallikka chalinganlar soni ikki millionga yetadi. Aksariyat mamlakatlarda pandemiya endi boshlanmoqda. Va u karrali tarzda o‘smoqda — har hafta kasallik yuqtirganlar va o‘lganlar soni ikki baravarga ko‘paymoqda.
Ammo darhol bizni cho‘ktirishi mumkin bo‘lgan sunamiga — iqtisodiy inqirozga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Masalan, AQSHdagi S&P500 - 500ta yirik kompaniyaning birja indeksi 30 foizga tushib ketdi — bunaqasi 2008 yildan beri bo‘lmagandi. Faqat farqi shundaki, o‘shanda bunga yarim yil ketgandi, hozir esa ikki oy kifoya qildi.
Nimalar yuz berdi?
- Mehmonxona-restoran biznesi (jahon YAIMning 9,2 foizi) va turizm (jahon YAIMning 10,5 foizi) sohasi deyarli butunlay to‘xtadi. Prognozlarga ko‘ra, 13 milliondan 25 milliongacha kishi ishidan ayriladi. Taqqoslash uchun — 2008 yilda 8,7 million ish o‘rni yo‘qotilgandi.
- Aksariyat aviatashuvchilar may oxiriga qadar bankrot bo‘lishi ehtimoli katta.
- Kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lmagan mahsulotlarga talab pasaydi. Do‘konlar yopildi. Hattoki onlayn-savdolar ham vaziyatni qutqarib qololmaydi.
- Ko‘ngilochar sanoat to‘xtadi.
- Logistika kompaniyalari yo‘qotishlarga uchradi. Bu o‘z navbatida neftni qayta ishlash sanoatining qulashiga olib kelmoqda.
Nimalar kutmoqda?
Iqtisodiyot murakkab va o‘zaro bog‘liq tizim. Mos ravishda, endigi navbat yuqoridagi sanoatlar bilan bog‘liq sohalarga keladi. Xo‘sh, ular qaysilar? Taxmin quyidagicha:
1. Ko‘chmas mulk. To‘rtta sabab tufayli.
- Yangi uylar qurilishi to‘xtaydi — ularga investitsiyalar yetmaydi + kompaniyalarning bu ishga kirishishlari kamayadi.
- Aksariyat bizneslar yopiladi, omon qolganlari esa kichikroq va oddiyroq ofislarga ko‘chib o‘tadi.
- Masofadan ishlash madaniyati keng ommalashadi.
2. Kino. Ko‘plab suratga olish ishlari to‘xtatilgan, kinokompaniyalarning bankrot bo‘lishi boshlanadi. Kinoteatrlar yopiladi. Bu vaqt davomida odamlar striming servislariga o‘rganib qoladi.
3. Ko‘ngilochar muassasalar, ommaviy sport, ivent-industriya. Prognozlarga ko‘ra, vaksina yaratish, sinovdan o‘tkazish va uni ommaviy qo‘llashni boshlash bir yilga yaqin vaqtni oladi. Bu vaqt ichida ko‘plab hukumatlar o‘z fuqarolari sog‘ligini xatar ostiga qo‘yishi qiyin — odamlar to‘planishi uzoq vaqt davomida taqiqlanishi mumkin.
4. Ijtimoiy jamg‘armalar va nohukumat tashkilotlarga to‘lovlar kamayadi — inqiroz davrida odamlar va tashkilotlar badallarni kamaytiradi.
5. San’at. Rassomlarning voqealarga nisbatan munosabati orqali san’at asarlari ko‘payishi mumkin, ammo san’atdagi mablag‘lar kamayadi — inqiroz vaqtida odamlar estetikaga xarajatlarni kamaytiradi.
6. Mehmonxona-restoran biznesini yuqorida eslab o‘tgandik. 2008 yilgi inqirozdan keyin sohaga avvalgi ko‘rsatkichlarga chiqish uchun 9 oy kerak bo‘lgandi. Hozirgi vaziyatda pandemiya va iqtisodiy inqiroz kesishuvi natijasida bu muddat ko‘proq bo‘lishi mumkin.
7. Marketing. Inqiroz paytida kompaniyalar birinchi navbatda safarlar, o‘qish va tadqiqotlarga ajratilgan xarajatlarni kamaytiradi.
8. Luks va premium toifasidagi mahsulotlar. Sotilishi qiyin bo‘ladi.
9. Avtosanoat. Odamlar mashinada kamroq yuradi. Yangi mashina sotib olishmaydi, minib yurganlarini ta’mirlashadi.
10. Hardware. Xitoydagi yirik ishlab chiqarishlar yopilgandi, jahonda ham shu amaliyot davom etmoqda.
Ijtimoiy sohada — giyohvand moddalar savdosi, alkogol sanoati, oilalardagi kelishmovchiliklar va jinoyatchilik o‘sishi mumkin. Bular iqtisodiy inqirozning odatiy to‘rt chavandozi.
Yaxshi xabarlar ham bor
Qaysi sohalar koronavirusdan keyingi inqiroz «sharofati» bilan rivojlanishi mumkin?
- Tibbiyot va biotexnologiya. Insoniyat yangi epidemiyalar oldida o‘zining ojizligi va himoyasizligini ko‘rdi — buni oddiy niqoblar bilan bog‘liq holat ham ko‘rsatib turibdi. Salomatlikni kuzatuvchi gadjetlar, dasturlar, yangi dorilar ishlab chiqarish gullab-yashnaydi – bu sanoat tez o‘sadi.
- Telekommunikatsiya sanoati. Dunyo onlayn rejimga o‘tmoqda, provayderlar va aloqa dasturiy ta’minotining pichog‘i moy ustida bo‘ladi.
- Onlayn-riteyl. Bezosning oshig‘i olchi — inqiroz Amazon aksiyalari qiymatiga deyarli ta’sir qilmadi. Yetkazib berish xizmatlari va onlayn-do‘konlar ko‘proq pul topishni boshlaydi. Mahsulotlarni uyda turib ko‘rish uchun AR va VR texnologiyalar rivojlanadi.
- Onlayn-ko‘ngil ochish. Kompyuter o‘yinlari, kibersport, beting, striming servislar — odamlar uyda o‘tirib zerikadi va nima bilandir mashg‘ul bo‘lishni istaydi. Keyin esa undan voz kechishi qiyin bo‘ladi.
- Xavfsizlik sanoati. Jinoyatchilik o‘sishi natijasida himoyalanish vositalariga talab ham o‘sadi.
- Buyumlarni ta’mirlash, servis markazlari, arzon kiyimlar. Odamlar buyumlarini uzoqroq ishlatadi va mablag‘ kamligi tufayli tez-tez ta’mirlatadi.
- Sport jismoniy tarbiya sifatida. Yangi viruslar va inson hayoti o‘rtasidagi yagona devor immunitet hisoblanadi. Sog‘lom turmush tarzi zaruriyatga aylanadi. O‘rta istiqbolda sport zallari, sport ilovalari ko‘plab mijozlarga ega bo‘lishi mumkin.
- Multiplikatsiya. Filmlar suratga olish taqiqlandi, ammo multfilm ishlab chiqarish uchun odamlar bir joyga yig‘ilishi shart emas. Multfilmlar va virtual aktyorlar soni oshishi mumkin.
- Ommaviy tadbirlarning yangicha ko‘rinishlari paydo bo‘lishi mumkin — onlayn bazmlar o‘tkazish servislari, futbolchilarning bo‘m-bo‘sh stadionlardagi o‘yinlaridan translyatsiyalar va Zoom orqali WebSummit kabilar.
- Ta’limning yangicha shakllari. Pandemiya sharoitida maktab va universitetlar odatiy shaklda faoliyat ko‘rsata olmaydi. Ta’lim berishning yangi shakllari, servislar, yondashuvlar paydo bo‘ladi.
Shifokorlar tayyorlovchi servislarni alohida toifaga kiritish mumkin. Buyog‘iga shifokorlik eng nufuzli kasbga aylanadi.
Nima qilmoq kerak?
Quyidagilarni tavsiya qilaman:
- Biznesni «modulli» qilish. Jamoaning o‘zagi va asosiy daromad manbalarini qoldirib, qolgan barcha qo‘shimchavazifalarni autsorsga topshirish. Bu kompaniyaning harakatchanligi va moslashuvchanligini oshiradi.
- Barcha xarajatlarni kamaytirish.
- Raqamlashish, avtomatlashish. Dastur orqali bajarish mumkin bo‘lgan barcha ishlarni dastur yordamida bajarish. Raqamlashmagan kompaniyalarning zamonaviylashish vaqti keldi.
- Ingliz tilini o‘rganish.
- Xorijdan hamkorlar izlash. Kompaniyani Quora, Linkedin, Reddit kabi xalqaro maydonchalarda tanitish, xorijlik hamkorlarni topish.
«co-competition» — hamkorlikdagi raqobatga o‘tish. Masalan, raqobatchilar bilan sohalar bo‘yicha klasterlarga birlashish va xorijdagi bozorlarga chiqish.
- Mamlakat ichida imkon boricha ko‘proq pul sarflash. Retsessiya tovar/mablag‘lar yo‘qligi uchun emas, iqtisodiyot harakatlanishdan to‘xtagani sababli boshlanadi. Pul – iqtisodiyotning qoni. Biz uni mamlakat iqtisodiyoti orqali qancha ko‘p aylantirsak, iqtisodiyot shuncha sog‘lom bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari