Angliya Premer-ligasining 6-turida «Manchester Yunayted» safarda «Brentford» maydoniga tashrif buyurib, kutilmagan tarzda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Londonning «Brentford Kommuniti Stedium» arenada o‘tgan bahs dramatik tarzda kechdi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq mezbonlar tashabbusni qo‘lga olib, raqibni qiyin ahvolga soldi. 8-daqiqada Tiago aniq zarbasi bilan hisobni ochdi. Birinchi goldan so‘ng ham to‘pga egalik qilishda faollikni yo‘qotmagan futbolchi 20-daqiqada yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dublga erishdi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi.
Biroq «qizil iblislar» javobsiz qolmadi. 26-daqiqada Sheshko aniq zarbasi bilan hisobni qisqartirdi va mehmonlarga umid bag‘ishladi. Ushbu goldan so‘ng «Manchester Yunayted» hujumlarni kuchaytirdi, biroq darvozaga yo‘l topa olmadi.
76-daqiqada manchesterliklar sardori Brunu Fernandesh penaltidan hisobni tenglashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo uni ishlata olmadi.
Bellashuv oxirida esa «Brentford» o‘yin taqdirini hal qildi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan 90+5-daqiqada Yensen o‘yinga yakuniy nuqta qo‘yib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga yetkazdi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng «Brentford» 7 ochko bilan onlayn jadvalda 11-o‘ringa ko‘tarildi. «Manchester Yunayted» esa shunchaki 7 ochko bilan 13-o‘ringa tushib ketdi va muxlislarini yana bir bor xafsalasini pir qildi.
APL. 6-tur. 27 sentyabr
«Brentford» — «Manchester Yunayted» 3:1
Gollar: Tiago 8, 20 (dubl), Yensen 90+5 — Sheshko 26.
Ishlatilmagan penalti: Fernandesh 76.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!