Sport arbitraj sudi (CAS) rossiyalik kurashchi Alik Xadarsevning sport fuqaroligini o‘zgartirish masalasiga nuqta qo‘ydi. Sud hukmiga ko‘ra, polvon endi xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida qatnashishi mumkin emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil boshida Xadarsev O‘zbekiston pasportini qabul qilgan va shu orqali mahalliy kurash assotsiatsiyasi uni jamoaga rasman qo‘shish uchun ariza taqdim etgan. Biroq, Butunjahon kurash uyushmasi (UWW) bu iltimosni rad etdi. Asos sifatida Rossiya sport kurashlari federatsiyasi (FSBR) berishi mumkin bo‘lgan maxsus kvotalarning tugab qolgani ko‘rsatilgan. Qoidaga ko‘ra, bunday kvota yiliga uch nafar sportchigagina taalluqli.
Xadarsev vaziyatni hal qilish maqsadida Sport arbitraj sudiga murojaat qildi, ammo CAS uning shikoyatini qanoatlantirmadi. Shu tariqa, rossiyalik polvonning O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro turnirlarda qatnashish imkoniyati vaqtincha yo‘qqa chiqdi.
Alik Xadarsev o‘z faoliyati davomida Rossiya chempionatlarida bir necha marta sovrindor bo‘lgan. Shuningdek, O‘zbekiston chempionligida ham muvaffaqiyat qozongani sportchilar va muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otgandi.
E’tiborlisi, rossiyalik sportchilarning O‘zbekiston bayrog‘i ostida qatnashishi avval ham kuzatilgan holat. Masalan, 2024 yilgi Parij Olimpiadasida dog‘istonlik Razambek Jamalov 74 kg vazn toifasida bellashib, oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Hozirgi vaziyat esa xalqaro maydonda sport fuqaroligini o‘zgartirish masalasining qay darajada murakkab va tortishuvlarga boy ekanini yana bir bor namoyon etdi. Muxlislar va ekspertlar Xadarsev kelajakda bu masala bo‘yicha yana imkoniyat topishi mumkinligiga umid qilishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!