date

Starbucks AQSH va Yevropada yuzlab qahvaxonalarini yopishga majbur bo‘ldi

Starbucks AQSH va Yevropada yuzlab qahvaxonalarini yopishga majbur bo‘ldi

Dunyodagi eng mashhur qahvaxonalar tarmoqlaridan biri sanalgan Starbucks moliyaviy qiyinchiliklar fonida keng ko‘lamli qisqartirishlarni amalga oshirmoqda. Kompaniya rasmiy bayonotiga ko‘ra, ayni damda AQSHda 900 nafar xodim ishdan bo‘shatilib, oy yakuniga qadar Shimoliy Amerika bo‘ylab 400 ga yaqin do‘kon faoliyati tugatiladi. Yevropa hududida ham ayrim filiallar eshiklarini yopishi mumkinligi bildirildi.

Starbucks rahbariyatining ta’kidlashicha, bu qarorlar orqali kompaniya xarajatlarni kamaytirishni va daromadli hududlarda savdo hajmini oshirishni ko‘zlamoqda. Shu bilan birga, yangi tartib orqali mijozlar uchun qator qulayliklar yaratilib, qahva sotib olish jarayonidagi kutish vaqtlari sezilarli darajada qisqarishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, shu yilning fevral oyida ham Starbucks AQSHda 1100 ta ish o‘rnini qisqartiradi va menyu tarkibini optimallashtiradi, deb e’lon qilgan edi. Natijada, kompaniya bir yil ichida mamlakat ichida jami 2000 dan ortiq ish o‘rnidan voz kechishga majbur bo‘lmoqda.

Starbucks bosh direktori Brayan Nikkolning aytishicha, yangi qisqartirishlar nafaqat Amerikada, balki Britaniya, Shveysariya va Avstriyadagi ayrim qahvaxonalarni ham qamrab oladi. Biroq shunga qaramasdan, kompaniya Britaniyada 80 ta, shuningdek Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada jami 150 ta yangi filial ochish rejasidan voz kechmagan.

Kompaniyaning iyul oyidagi choraklik hisobotidan ko‘rinib turibdiki, Starbucks’ning AQSHda ochilganiga bir yildan ortiq bo‘lgan qator filiallarida sotuv hajmlari ketma-ket oltinchi chorakda ham pasaygan. E’tiborlisi, AQSH Starbucks uchun eng yirik va asosiy bozor hisoblanadi.

Sotuvlarning kamayishi ortidan Starbucks aksiyalari yil boshidan beri 8 foizga arzonlashgan. Moliya bozori tahlilchilari bu holatni bir necha omillar bilan izohlashmoqda. Jumladan, TD Cowen mutaxassislari fikriga ko‘ra, AQSHda ommalashgan "drive-thru" formati – avtomobildan tushmagan holda qahva xarid qilish imkonini beruvchi kofeshoplar Starbucks uchun jiddiy raqobatga aylanmoqda.

Shuningdek, mijozlar o‘rtasidagi so‘rovnomalar ham kompaniya uchun salbiy xulosalar berdi: xaridorlarning 70 foizdan ortig‘i Starbucks qahvaxonalariga narxlar balandligi sabab tashriflarini kamaytirganini bildirgan.

Bundan tashqari, qator shaharlarda Starbucks baristalari kasaba uyushmalari orqali o‘z noroziliklarini ochiq bildirishni boshlashgan. Bu esa menejment uchun qo‘shimcha muammo sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda AQSH mehnat bozoridagi vaziyat ham murakkab kechmoqda. Joriy oy boshida e’lon qilingan rasmiy statistikaga ko‘ra, ishsizlik va qisqartirish ko‘rsatkichlari kutilgandan ancha yomonroq bo‘lib chiqdi. Ko‘plab tahlilchilar bu jarayonlarni prezident Donald Trampning savdo siyosati bilan ham bog‘lashmoqda.

Starbucks oldida turgan muammolar juda jiddiy. Ammo kompaniya bir vaqtning o‘zida qisqartirishlar orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va yangi do‘konlar orqali brendining nufuzini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Starbucks AQSH va Yevropada yuzlab qahvaxonalarini yopishga majbur bo‘ldi