20:40 / 21.04.2020
2 960

Neft narxi keskin quladi, endi O‘zbekistonda ham benzin arzonlashadimi?

Neft narxi keskin quladi, endi O‘zbekistonda ham benzin arzonlashadimi?
1-maydan O‘zbekistonda AI-80 markali benzin va dizelning chakana narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi. Bu iste’molchilar uchun qanchalik foydali bo‘ladi?

Bu boradagi prezident qarori va umuman jahon neft bozoridagi noyob holat O‘zbekistondagi benzin narxiga qanday ta’sir qiladi?
Kun.uz muxbiri mutaxassislarning ayni mavzudagi fikrlari bilan qiziqdi.

«Yangi narxlar qanday bo‘lishi va ular qanday shakllanishi hukumat belgilaydigan o‘yin qoidalariga bog‘liq»

Yuliy Yusupov, Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori:

– Bizda benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari davlat tomonidan tartibga solinadi, ya’ni belgilab beriladi. Narxlar ancha oldinroq erkin bozorga chiqarilishi kerak edi, ammo hozir – buning uchun qulay vaqt. Chunki jahon bozorida neft narxi keskin pasayib bormoqda.

Yangi narxlar qanday bo‘lishi va ular qanday shakllanishi hukumat belgilaydigan o‘yin qoidalariga bog‘liq. Agar haqiqatan ham erkin bozor qoidalariga amal qilinsa, jahon bozorida kuzatilayotgan narxlar ortidan O‘zbekistonda ham yoqilg‘i narxlarining tushishi muqarrar.

Ammo biz sun’iy monopoliyalarni yaratishni yaxshi ko‘ramiz (bunga avtomobilsozlik sanoati eng yaqqol misol). Agar erkin bozor o‘rniga shu kabi monopoliya ta’minotini yaratilsa, unda hammasi rasvo bo‘ladi. Ammo o‘yin qoidalari halol bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

O‘zbekistonda erkin bozor sharoitida yoqilg‘i narxi taxminan Qirg‘izistondagi kabi bo‘ladi (Qozog‘istondan mo‘ljal olmaslik kerak, chunki u yerda benzinga eksport bojlarini hisoblanmasligi sababli narxlar anchagina past).

«Bozor erkin bo‘lmasa, narx ham erkin bo‘lmaydi»

Behzod Hoshimov, AQSHning Viskonsin universiteti doktoranti:

– Men yashaydigan shaharda benzinning narxi taxminan 40 foizga tushibdi. AQSHda energetika bozorida raqobat juda kuchli, shuning uchun ham bo‘lsa kerak, neftning narxi qanchaga o‘zgarsa, benzin narxi ham xuddi shunday o‘zgaradi. Ozgina vaqt o‘tib, albatta.

Foto: Kun.uz
Neft narxi yaqin tarixdagi eng arzon marraga keldi. Energetika va yoqilg‘i sektorida islohot qilish uchun bundan yaxshi vaqt topib bo‘lmaydi. Hozir davlat benzin subsidiyalaridan voz kechib, butun yoqilg‘i sektorini xususiylashtirib yuborishi uchun bundan yaxshi vaqt bo‘lmaydi. Chunki bunday arzon neft hisobiga, subsidiyalar olinganidan keyin ham, benzin narxi qimmatlashmaydi va iste’molchilar islohotni xursandchilik bilan qabul qilishadi. Davlat ham harna bir narsa bilan kamroq shug‘ullanadi va budjet uchun mablag‘ tejaydi (O‘zbekiston 2017 yilda energetika subsidiyalariga 5,2 mlrd dollar sarf qilgan).

Neft narxi boshqa energoresurslar uchun narxni belgilagani uchun ham, energetika sohasidagi barcha islohotlarni shu yilda qilib qo‘yish kerak. Yil oxiriga kelib normal energetika sektori shakllanishi mumkin.

Yaqin yigirma yilda bunday imkoniyat bo‘lmagan.

Benzin narxlari erkin qilinayotgani yaxshi yangilik. Lekin yoqilg‘i bozorga kirish uchun to‘siqlar olinmas ekan, qo‘yilgan maqsadga erishish qiyin bo‘ladi. Bilishimcha, davlat bu bozordan chiqishni hali rejalashtirmayapti. Raqobat cheklanishi va bozorga yangi o‘yinchilar kirishini regulyatsiya qilish – narx uchun yaxshi ish bo‘lmaydi. Benzin ishlab chiqarish va sotishdan davlat batamom chiqib ketishini ta’minlash kerak.

Benzinga kelganda to‘liq erkin bozorga o‘tishning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Shunday qilsak, barcha yutadi. Agar bu bozorni to‘liq raqobatli va narx erkin belgilanadigan bozorga aylantirmasak, hozirgi narxlarni erkinlashtirishnig ma’nosi qolmaydi.

Bozorning erkinligi unda nechta tashkilot faoliyat olib borishi bilan emas, yangi o‘yinchi shu bozorga kirib kelishi uchun mavjud to‘siqlar bilan o‘lchanadi.

Ya’ni agar bir faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun to‘siqlar ko‘p bo‘lsa va to‘siqlarni ishlab turgan tashkilotlar ijro qilsa, bu raqobatli bozor emas degani. Nechta tashkilot shu bozorda faoliyat yuritmasin, bozorni erkin deb bo‘lmaydi. Bozor erkin bo‘lmasa, narx ham erkin belgilanmaydi.

Umid qilamizki, yaqin kelajakda davlat bu sohadan to‘laligicha chiqib ketadi. Qaytaraman, energetika va yoqilg‘i sohasida islohot qilish uchun hozirgidan yaxshi imkoniyat hech qachon bo‘lmagan va kelajakda bo‘lmasligi ham mumkin.

«Barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat berish muhim»

Nodir Jumayev – Oliy Majlis deputati, iqtisod fanlari doktori, professor:

– Joriy etilayotgan holatni mazkur turdagi yoqilg‘i mahsulotlarining arzonlashishiga olib kelishi sifatida baholash kerak emas.

O‘rnatilayotgan tartibga ko‘ra, narxlarni bozorning o‘zi belgilaydi, ya’ni narxlar talab va taklif qonunlariga oid shakllanadi. Bundan anglashiladiki, mahsulotga qanchalik talab yuqori bo‘lsa, narxlar ham shunga monand shakllanadi va aksincha.

Mazkur masalaning asosiy jihati – sohada sog‘lom raqobat muhiti va xizmat ko‘rsatish sifatining qaror topishidir. Barcha ishtirokchilarga teng kirish imkoniyatini va narxlarni shakllantirishning shaffofligini ta’minlash muhim masaladir. Shu nuqtayi nazardan, qaror bilan 2020 yil 1 oktabrga qadar neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimi joriy etilishining belgilanishi ayni muddaodir.

Eslaylik, non va non mahsulotlari narxlarining bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin shakllanishiga yo‘l ochilishi qanday holatni berdi? Bir narsani to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak. O‘rnatilayotgan tartib, nafaqat mahsulotning narxi masalasida, balki uning sifatini ta’minlash yuzasidan ham amalga oshirilyapti.

Tan olaylik, biz hanuzgacha to‘liq bozor iqtisodiyotiga o‘tmadik. Iqtisodiyotimizni bozor qonunlari doirasida shakllantirmas ekanmiz, raqobat muhitini rivojlantira olmaymiz, xalqaro bozordagi o‘rnimizni boy beramiz. Monopol korxonalar o‘zi istagan narxlarni o‘rnatishda davom etadi. Bular jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvimizga xam salbiy ta’sir qiladi.

Qarorda 2020 yil 1 iyunga qadar yuqori malakali xorijiy ekspertlar va mutaxassislar, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarni neft-gaz tarmog‘i korxonalariga ishga yollash to‘g‘risida ham aniq chora-tadbirlar belgilab berilganki, bularning barchasi mazkur sohadagi shaffoflikni ta’minlashdagi muhim qadamdir. Fikrimizcha, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yoqilg‘i-energetika sohasini sog‘lomlashtirishga, uning bozor iqtisodiyoti va raqobat muhitida faoliyat yuritishiga olib keladi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot yaratish davridagi xarajatlar (ish haqi, soliqlar, foyda va h.k.) hisobga olingan holda narx taklifi beriladi. Bozorda mazkur narx maqbul ko‘rinish hosil qilmasa, ya’ni qimmat bo‘lsa, sifatga ta’sir etmagan holda korxona mahsulot ishlab chiqarishning nisbatan arzon bo‘lgan, ilm-fan yutuqlariga tayangan va innovatsiyalashgan variantidan foydalanish yo‘llari ustida ishlashiga to‘g‘ri keladi. Monopoliya va raqobatsiz holat ma’lum bir narxni iste’molchilar talabiga nomutanosib shakllanishiga olib keladi.

Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, eng muhimi narxlarning arzonligi yoki qimmatligi emas, uning maqbul holatda bo‘lgani yaxshi, ya’ni ishlab chiqaruvchiga ham, iste’molchiga ham manfaatli bo‘lishi muhim.

«O‘zbekneftgaz» AJ raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurovning qayd etishicha, ushbu mexanizmning joriy qilinishi sohada raqobat muhitini kuchaytiradi, narxni tushiradi hamda xizmat sifatini oshiradi.
«Mazkur mexanizmning aprel-may oylarida joriy etilishi benzin va dizel yoqilg‘isi narxining dunyo bozorlaridagi narxlardan kelib chiqqan holda pasayishiga olib keladi», deydi u.

Foto: O‘zbekneftgaz

Kun.uz`ga ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston 2020 yilda jami 1,1 mln tonna avtobenzin ishlab chiqarishni rejalashtirgan (shundan 891 ming tonnasi – AI-80 markali). Bundan tashqari, 2,4 ming tonna Yevro 4 va 5 ekologik toifadagi benzin import qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda 1,2 mln tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish va 1,6 ming tonna Yevro 4, 5 ekologik toifadagi yuqori sifatli dizel yonilg‘isini import qilish rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Neft narxi keskin quladi, endi O‘zbekistonda ham benzin arzonlashadimi?