16:57 / 11.08.2022
1 403

«Podadan oldin chang chiqarmang». Aybsizlik prezumpsiyasining qanchalik muhimligi haqida

«Podadan oldin chang chiqarmang». Aybsizlik prezumpsiyasining qanchalik muhimligi haqida
Gumonlanayotgan, ayblanayotgan shaxsga hali sud hukmi chiqarilmasdan biror aybni to‘nkash, uning nomini qoraga chiqarib qo‘yish holatlari ko‘p uchraydi. Bu holatda aybsizlik prezumpsiyasi butunlay unutiladi. Yaqin vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealarni eslang. Misollar ko‘p topiladi. Eng yomon yakunda o‘sha nomi qoraga chiqib bo‘lgan gumonlanuvchi mutlaqo aybsiz bo‘lib chiqadigan holatlar ham uchraydi, lekin birgina xato uning sha’nini qaytarib bo‘lmaydigan darajada bulg‘ab bo‘lgan bo‘ladi.

Jahon tajribasida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida aybsizlik prezumpsiyasi, ya’ni aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi tartibi mavjud. Aybsizlik prezumpsiyasi umumhuquqiy norma bo‘lib, unga amal qilish jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ustuvor hisoblanadi.

Amaldagi konsititutsiyamizning 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi, sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab berilishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan.

Mantiqan olib qaralganda, jinoyatning zaruriy belgisi sifatida shaxsning aybi isbotlanishi bilan jinoyat (jinoiy holat emas) sodir etilganligi e’tirof etiladi. Bu esa sud hukmi bilan tasdiqlanadi. Demak, sud hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib shaxsni hozirdanoq «poraxo‘r», «firibgar» «o‘g‘ri», «zo‘ravon» va boshqa iboralar bilan sifatlash, atash va uni aybdor shaxs sifatida internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda talqin qilish noto‘g‘ri hisoblanadi.

Afsuski, bunga rioya qilinmagan holatlar juda ko‘p. Misol tariqasida, shaxs qaysidir jinoyatni qilganlikda xuddiki aybdor sifatida jamoatchilik o‘rtasida, masalan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Biroq ertaga sudda shaxsning aybi isbotlanmay, u oqlansa-chi? Shaxsning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Ma’lum bir tizim yoki sohaning obro‘si nima bo‘ladi? Oqibatda sudlanuvchi shaxsning sharmanda bo‘lgani qoladi, sha’ni, qadr-qimmati kamsitiladi. Shaxs ishlayotgan tizimning obro‘yini tushirib, uning nufuzini pasaytirib, xalqning o‘sha tashkilotga nisbatan salbiy fikrlarining paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shuningdek, shaxsning go‘yoki jinoyat sodir qilganlikdagi harakatlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinishi kelgusida tergov organining ishni tergov qilishda yoki sudda ishni ko‘rishda mustaqil sudyada o‘sha shaxsga nisbatan barvaqt salbiy xulosa shakllanishiga turtki bo‘lishi mumkin. Bu esa mustaqil sudning fikriga qaysidir ma’noda ta’sir qilishga olib keladi.

Aynan shu omillar sabab Konstitutsiyaning 26-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar qo‘shish davr taqozosiga aylandi. Shu maqsadda bosh qomusimizga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyihada mazkur modda ko‘plab qo‘shimchalar va to‘ldirishlar bilan boyitildi.

Jumladan, taklif etilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, hech bir shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Bu qoida sud va huquq-tartibot organlari tomonidan shaxsni majburlash yoki unga bosim o‘tkazish yo‘li bilan uning irodasiga qarshi olingan dalillardan foydalanmaslikni belgilaydi. Bu huquq aybsizlik prezumpsiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Shaxsning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi har xil turdagi qiynoqlar, tahdidlar va majburlov choralarini qo‘llashni cheklaydi. Bu qoidaning Konstitutsiya darajasida belgilanishi shaxsga boshqa birovning xohish-irodasi ob’ekti sifatida munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligini, shaxsiy hayot daxlsizligi mustahkam huquqiy asosga egaligini anglatadi.

Har bir gumonlanayotgan fuqaro birinchi navbatda odam, inson. Uning ham barchada bo‘lgani kabi haq-huquqlari bor va rivojlangan, demokratik jamiyat qurayotgan davlatlarda eng ustuvor normalardan biri bo‘lishi kerak. Inson qadri ulug‘lanayotgan davlatda bu juda muhim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Podadan oldin chang chiqarmang». Aybsizlik prezumpsiyasining qanchalik muhimligi haqida