06:25 / 09.01.2023
414

Musulmon shifokori va psixiatriyaning kashshofi – Al-Balxiy haqida

Musulmon shifokori va psixiatriyaning kashshofi – Al-Balxiy haqida
Psixiatriya fan sifatida Yevropada XIX asrda va kognitiv terapiya XX asrning o‘rtalarida shakllangan. Biroq, ruhiy kasalliklarni aniqlash qadimgi Yunonistonda, keyinroq esa islom dunyosida ma’lum. U yerda hatto ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash uchun shifoxonalar yaratilgan. Ahmad ibn Sahl al-Balxiy (850-934) bu sohaning kashshofi sifatida tanilgan. U fanga ruhiy salomatlik va ruhiy gigiyena tushunchalarini kiritdi hamda tushkunlik va depressiyani davolash uchun kognitiv terapiyadan foydalanishni boshlab berdi.

Ahmad ibn Sahl al-Balxiy Balxdan (hozirgi Afg‘oniston) uncha uzoq bo‘lmagan Shamastiyon qishlog‘ida tug‘ilgan. U mashhur al-Kindiyning shogirdi bo‘lgan. Al-Balxiy falsafa, grammatika, geografiya, matematika, tibbiyot va psixiatriya kabi fanlarning bilimdon olimi sifatida shuhrat qozongan.

Muallif “Masolih il-abdon va-n-nufus” («Jismlar va ruhlarni saqlash») asarida inson salomatligini saqlash uchun tana va ruh o‘rtasida uyg‘unlik zarurligini yozadi. Tanadagi nomutanosiblik isitma, bosh og‘rig‘i va boshqa jismoniy kasalliklarga, ruhdagi nomutanosiblik esa g‘azab, tashvish va qayg‘uga olib kelishi mumkin. Ruhiy kasallikning psixologik va fiziologik sabablari mavjudligini birinchi bo‘lib al-Balxiy aniqlagan.

Shuningdek, u birinchi bo‘lib to‘rt xil hissiy buzilishlarni aniqladi:

1) qo‘rquv va xavotir, 2) g‘azab va tajovuz, 3) qayg‘u va tushkunlik 4) ta’qib qilishyapti degan gumonda bo‘lish.

Bundan tashqari, al-Balxiy ruhiy tushkunlikning ikki turini aniqlagan: 1) ichki sabablardan kelib chiqadigan, suhbat va maslahatlar bilan davolash kerak bo‘lgan tushkunlik, 2) dori vositalari bilan davolash kerak bo‘lgan, tashqi omillar tufayli yuzaga keladigan klinik tushkunlik.

Al-Balxiy ushbu kasalliklarning har biri uchun kognitiv terapiyani yaratdi. Bu kasalliklarga uning tavsiyalari quyidagicha:

Go‘zallikdan zavqlanish; ovqatlanishni nazorat qilib borish, ko‘p suv ichish, yaxshi uxlash, toza havodan nafas olish va tabiatda sayr qilish; tasalli beruvchi massajlar, parfyumeriya va moylardan foydalanish, shuningdek, jismoniy faollik bilan tanaga g‘amxo‘rlik qilish; faol jismoniy hayotga ega bo‘lish; boshqa odamlar bilan ko‘p muloqot qilish, dangasalik, zerikish va bekorchilikdan qochish kerak; muammolarni do‘stlar, oila va shifokor bilan muhokama qilish, ularning yordamini tinglash va hokazo.

Olimning kasallikka yondashuvi ham profilaktik, ham terapevtik bo‘lib, bu shaxsning shaxsiyati, uning hissiy holatlarini chuqur anglashidan dalolat beradi.

Al-Balxiy iymonning inson ruhiy salomatligidagi ahamiyati, qadri haqida gapirib, o‘z asarlarida Qur’oni Karimdan misollar keltirgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Darhaqiqat, tanada bir parcha go‘sht borki, u buzilganda tana buziladi, sog‘lom bo‘lsa, tana ham sog‘lom bo‘ladi. Albatta, bu qalbdir”. — degan hadisi uning asarlarida ko‘p misol qilinadi.

Al-Balxiyning eng katta yutuqlaridan bir shuki, u ma’naviyat va moddiyat o‘rtasidagi muvozanatni belgilab berdi. Ungacha hech kim bunga muvaffaq bo‘lmagan. Ruhiy buzilishlarni shayton vasvasasi, jin urishi va gunohlar zarari nuqtai-nazaridan ta’riflash o‘rniga, ilmiy tildan, ilmiy atamalardan foydalanadi. Shu bilan birga ko‘zga ko‘rinmas dunyoni ham e’tibordan chetda qoldirmadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat