16:25 / 12.04.2023
291

Temuriylar saltanatida ayollarning o‘rni qanday bo‘lgan?

Temuriylar saltanatida ayollarning o‘rni qanday bo‘lgan?
Tarixni o‘rganar ekansiz, “yugurganniki emas, buyurganniki” maqoli o‘z isbotini topgan o‘rinlarga ko‘p guvoh bo‘lasiz. Ko‘plab ixtirolarni boshqa olimlar qilgan bo‘lsada, tarix va fanda boshqalarning ismi muhrlangan. Amerikani Kolumb ochgan bo‘lsada, (aslida undan ham oldin vikinglar borgan, deyishadi) yangi dunyoga boshqa bir sayohatchi va dengizchi Amerigo Vispuchchining nomi berilgan.
 
Bundan tashqari, ko‘plab mashhur tarixiy shaxslarning buyuk bo‘lib yetishishlariga asosiy yordamchi bo‘lgan shaxslarning nomi saqlanib qolmagan yoki ko‘p eslanmaydi. Stiv Jobsni bilamiz, lekin unga g‘oya bergan va ixtirolariga bevosita sababchi bo‘lgan hamda yonida turgan Stiv Voznyakni hamma ham tanimaydi.
 
Bu G‘arb tamadduniga oid masalalar bo‘lsada, yurtimiz tarixida ham shunga o‘xshash holatlar uchrab turadi. Masalan, Amir Temurni bilamiz, otasi kimligini bilamiz. Lekin volidai muhtaramasi haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Umuman, Amir Temur saltanatida hukmronlarga ta’sir qilgan ayollar tarixi qanchalik o‘rganilgan?
 
AzonTVda Amir Temur tarixini o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan «Fikrat» ko‘rsatuvida Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev ekspert sifatida mana shu savolga javob berdi:
 
“Har qanday buyuk shaxsning kamolotga yetishishida, buyuk shaxs bo‘lishida ayollarning o‘rin beqiyos bo‘ladi. Birinchi o‘rinda onalarning roli katta. Amir Temurning onasi haqida so‘z yuritsak, Tekinamohbegim asli buxorolik bo‘ladi. U buxorolik yirik shayxning qizi edi. Demak o‘z dini va e’tiqodiga mustahkam bo‘lgan ona o‘g‘lini o‘sha ruhda tarbiyalaydi.
 
Eng yomoni, bizda Amir Temurning bolaligi haqida ma’lumotlar kam. Deyarli yo‘q. Hatto ayrimlar Amir Temurni savodsiz bo‘lgan, deyishadi. “10-12 yoshda savodli bo‘ldi, o‘yinqaroq edi”, degan yolg‘onlarni ham to‘qishgan. Unday emas! Temur o‘sha paytdagi an’analarga ko‘ra, uni 4 yoshu 4 oyu 4 kunlik bo‘lganida ta’lim berishni boshlashadi. Unga yaxshi murabbiylar tayinlanadi. Amir Temurning otasi barlos urug‘idan bo‘lib, Shahrisabzning yirik beklaridan edi. Ilmga katta e’tibor berardi. Shu bois yosh Temur 6-7 yoshlarida anchagina bilim olib bo‘lgandi. 10 yoshida esa jangovor o‘yinlarga qiziqa boshlaydi.
 
Endi Temuriylar saltanatidagi ayollarga qaytadigan bo‘lsak, ularning eng buyugi Saroymulkxonim edi. Amir Temur safarda yurgan paytlarida barcha ishlarini o‘z zimmasiga oladigan, oqila va muammolarga tez yechim topa oladigan ayol bo‘lgan.
 
Lekin tarixni yaxshi o‘rganmaslik, manbalarni qiyosiy tahlil qilmaslik ayrim chalkashliklarga ham olib kelyapti. O‘n yil oldingi bir voqeani aytib beray. Menga Buxorodan bir xat keldi. Bir o‘quvchi yozyaptiki, “7 sinf tarix darsligida Amir Temur haqidagi maqolada shunday faktlar keltirilgan. Lekin sizlar yozgan kitobdagi Amir Temur maqolasida xuddi shu ma’lumot boshqacha berilgan”.
 
Men o‘sha 7-sinf darsligini olib tekshirib ko‘rdim. O‘quvchi qiz to‘g‘ri aytgan ekan. Lekin biz berayotgan ma’lumotlar qo‘lyozma manbalardan olingani uchun, to‘g‘ri, deb taqdim etganmiz.
 
Keyin o‘sha qizga javob xati yozdim. Sinchkovligingiz uchun ota-onangizga rahmat, dedim. Endi o‘ylab ko‘ring. O‘sha qiz oliy o‘quv yurtiga kirish chog‘ida 7-sinf tarix darsligida yolg‘on ma’lumotni javob deb bersa to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki testda shu xato fakt olingan. Lekin biz topgan yangi faktni bersa, testda xato qilgan bo‘ladi!
 
Ko‘ryapsizmi, o‘quvchilarni biz olimlarning o‘zlari chalg‘itib qo‘ymoqdamiz. Bu kitobda Saroymulkxonim farzand ko‘rmagan, deb yozyapti. Buyoqda esa “Habibus-siyar” kitobining tarjimasida Saroymulkxonim ikkita farzand tuqqan, deb yozilgan.
 
Demak, ko‘plab tarixiy shaxslarning, jumladan, ayollarning nomi hamon noma’lum qolayotgani, ularning tarixdagi o‘rni yoritilmaganiga O‘zbekiston tarixini yozuvchi va o‘rganuvchi olimlarimizning o‘zlari ham sababchi bo‘lishyapti. Buning asl sabablari qayerda ekanini bilishni istasangiz, umuman Temuriylar saltanatida ayollarning o‘rni ko‘plab yangi va batafsil  ma’lumotlar olmoqchi bo‘lsangiz, “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining mazkur sonini youtube.com tarmog‘ida tomosha qilishingiz mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat