OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov "Paxtakor" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Albatta, g‘alaba qo‘lga kiritilgani uchun jamoamizda juda yuqori ruh, ijobiy kayfiyat hukm surmoqda. Bu juda muhim. Futbolchilarning o‘yindan keyingi ichki his-tuyg‘ulari, muhiti o‘zgardi. Biz bu to‘qnashuv oldidan biroz qiyin kechishini taxmin qilgan edik.
O‘z o‘rnida, maydondagi kurashlar jiddiy tus oldi, har bir lahzada jamoalar yutuqqa erishish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Agar bosh hakam uchinchi bo‘limga yana biroz vaqt qo‘shganida, albatta, bu qismida ham faol harakatda bo‘lishimiz mumkin edi. Ammo qanday bo‘lmasin, o‘yinni yana bir bor tahlil qilib, unda yo‘l qo‘yilgan xatolarni chuqur tahlil qilib chiqishimiz zarur.
Ikki jamoa ham o‘yin davomida taktik yondashuvlarini qayta-qayta o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi. Bu esa uchrashuvning yanada keskin va murosasiz muhitda o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shu o‘rinda, raqib jamoa — "sherlar"ga kelgusi uchrashuvlarda omad tilayman”.
Sezilarli darajadagi o‘zgarishga nimalar sabab bo‘ldi?
Mavsum davomida jamoada barqarorlikni saqlab qolish borasida biroz qiyinchiliklar kuzatilyapti. Bu holatga sharh berar ekan, murabbiy shunday deydi:
“Menimcha, “Sho‘rtan”ga qarshi kechgan bellashuv jamoaning umumiy ruhiyatiga va sezilgan o‘zgarishlarga katta ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, FIFA kunlari sababli yuzaga kelgan tanaffuslar ham ma’lum darajada ta’sir qilmay qolmadi. Endi esa jamoamiz tarkibiga yosh futbolchilar ham qo‘shilib, ular maydonda o‘zlarini ko‘rsatishmoqda va jamoa manfaati yo‘lida kurashishmoqda”.
Pressing borasida qanday ko‘rsatma berildi?
“Bugungi bellashuv oldidan futbolchilarga yuqori pressing talab qilingani bor gap. Bu birinchi davradagi o‘yinda ham samara bergan. Biz o‘shanda shu sxemada harakat qilib, g‘alabani qo‘lga kiritgan edik. Bugun ham shu uslubga tayanildik. Chunki “Paxtakor” kabi katta jamoaga hatto biroz imkon berish katta xatoga aylanishi mumkin. Shu bois, xatoga yo‘l qo‘yilmasligi uchun bizning uslub aynan shunaqa tanlandi”.
Transfer masalasi va moliyaviy cheklovlar
So‘nggi paytlarda jamoada transfer faolligi pastligi ko‘zga tashlanmoqda. Bunga munosabat bildirgan mutaxassis shunday dedi:
“Hozirgi paytda katta imkoniyatlarimiz yo‘q. Moliyaviy jihatdan ba’zi cheklovlar mavjud. Shu bois, yuqori darajadagi futbolchilarni jalb qilish oson emas. Lekin, qo‘l ostimdagi tarkibga ishonchim baland. Ularning salohiyatiga ishonaman va ular bilan birgalikda natija ko‘rsatishga intilayapman”.
Legioner tanlashda nima muhim?
Mutaxassis bu haqda ham aniq fikr bildirdi:
“Avvalambor, har bir futbolchining o‘yin ko‘rsatkichi — statistikasi asosiy mezon hisoblanadi. Qolaversa, ularning shaxsiy xususiyatlari, jamoaviy ruhga mosligi, maydondagi intizomi kabi jihatlar ham e’tibor markazida bo‘ladi. Bularning barchasini tahlil qilgan holda tanlov amalga oshiriladi”.
Mirjalol Qosimov "Paxtakor" mag‘lub etilgan o‘yindan so‘ng nimalar dedi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar