Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga kirishni rejalashtirayotgan ayrim davlatlar fuqarolari endi viza rasmiylashtirishda yangi moliyaviy shartga duch kelishadi. Reuters agentligining Davlat departamenti ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, endi ayrim mamlakatlardan kelayotgan mehmonlardan 5 mingdan 15 ming AQSH dollarigacha miqdorda garov puli so‘ralishi mumkin.
Ushbu talab avvalambor viza olib, mamlakatda belgilangan muddatdan ortiq qoladigan sayyohlarning oldini olishga qaratilgan. Ya’ni, AQSH hukumati o‘z hududiga kirib, viza talablarini buzadigan fuqarolarga qarshi samarali choralar ko‘rish maqsadida ushbu sinov dasturini joriy qilmoqda.
Tafsilotlar qanday?
Ta’kidlanishicha, yangi dastur 2025 yil 20 avgustdan kuchga kiradi va taxminan bir yil davomida amal qiladi. Bu loyiha Amerikadagi konsullik organlariga muayyan yurtlardan kelayotgan nomzodlardan garov puli undirish huquqini beradi. Agar nomzod mamlakat vizasi muddatini buzish ehtimoli yuqori deb baholansa, undan moliyaviy kafolat so‘ralishi mumkin.
Bundan tashqari, agar sayyohlar tekshiruvlar, ma’lumotlar yoki skrining jarayonlari to‘liq ta’minlanmagan davlatlardan kelgan bo‘lsa, ularga nisbatan ham ushbu talab qo‘llanilishi ehtimoli bor.
Garov qanday miqdorda talab qilinadi?
Yangi tartibga ko‘ra, nomzodlarga 3 xil garov miqdori taklif etiladi: 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p hollarda kamida 10 ming dollarlik garov so‘ralishi kutilayapti. Bu mablag‘ vaqtincha saqlanadi va agar sayohatchi viza talablariga amal qilib, belgilangan muddatda vataniga qaytsa, pul to‘liq ravishda o‘z egasiga qaytarib beriladi.
Ushbu dastur ilgari ham bo‘lganmi?
Aytish joizki, shunday sinov mexanizmi avval ham mavjud bo‘lgan. 2020 yil noyabr oyida, Tramp ma’muriyatining oxirgi oylarida shunga o‘xshash tizim amalga oshirilgan edi. Biroq pandemiya tufayli xalqaro sayohatlar keskin qisqargani sababli, dastur to‘liq hayotga tatbiq etilmagan.
Viza yig‘imi ham yo‘lga qo‘yiladi
Bundan tashqari, AQSH Kongressi tomonidan iyul oyida tasdiqlangan yangi qarorga muvofiq, noimmigratsiya vizasiga ega bo‘lgan barcha talabgorlardan 250 dollar miqdorida maxsus yig‘im undiriladi. Qiziqarlisi shundaki, ushbu yig‘im vizani qonunlar asosida to‘liq ado etgan fuqarolarga keyinchalik qaytarilishi mumkin. Mazkur yig‘im 1 oktyabrdan boshlab amaliyotga joriy etiladi.
Xulosa o‘rnida
Amerika vizasini olishni niyat qilayotgan fuqarolar uchun yangi talablar nafaqat moddiy jihatdan, balki mas’uliyat jihatidan ham katta ahamiyat kasb etadi. Sayohat yoki ish yuzasidan Amerikaga bormoqchi bo‘lganlar bu yangilikka tayyor turishlari va viza talablarini avvaldan puxta o‘rganishlari maqsadga muvofiq.
Sayyohlar uchun yangi qoida: AQSH 5-15 ming dollargacha garov evaziga viza bermoqchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar