17:01 / 02.09.2024
58

“Otamning o‘ligini “sotdim”: otasi uchun tovon puli olgan yigit iztiroblari

“Otamning o‘ligini “sotdim”: otasi uchun tovon puli olgan yigit iztiroblari
“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni oddiy yigit. U ancha yillar avval 10 ming dollar evaziga otasini mashina bilan bilan urib yuborib, o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga nisbatan da’vosidan voz kechgan.

Yigit maktubida o‘shandan so‘ng ta’nalar ostida qolib ketganini va hanuzgacha odamlar o‘sha ishini yuziga solishini yozibdi.

Oilada yolg‘iz o‘g‘il edim. Otam bolaligimdan “Ulg‘aysang opalaringga himoyachi, oying bilan menga suyanchiq bo‘lasan”, deb uqtirardi.

Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun ancha erka o‘sdim. Ota-onam barcha orzularimni muhayyo qilardi. Nima so‘rasam olib berardi.

Endi eslasam, otam yaxshi odam edi. Kuchsizlarni himoya qilardi. Kambag‘allarga tez-tez ehson tarqatardi. U men uchun ideal odam edi. Ulg‘aya boshlagach unga o‘xshashga harakat qila boshladim.

Maktabni bitirganimdan so‘ng institutlarning biriga hujjat topshirdim va kontraktga ilindim. Keyingi yili budjetga harakat qilaman degan joyimda otam “O‘qiyver, kontrakt pulingni to‘lab beraman”, deb qoldi.

O‘qishni bitirib uyga qaytdim, biroq o‘qigan soham bo‘yicha yaxshiroq ish topilmadi. Bozordan ijaraga do‘kon olib, savdoga chiqa boshladim.

O‘tgan yillar mobaynida opalarim uzatilib ketdi, men uylanishim kerak edi. O‘ylab ko‘rsam, opalarimni uzatish otamga oson bo‘lmagan, biroq u hammasiga ulgurar edi.

Biron marta uning noliganini yoki pul masalasida qiynalganini aytganini eshitganim yo‘q. Nazarimda otam yaxshi odamligi uchun Alloh uning ishlariga, topayotgan pullariga baraka berardi.

Bu orada men uylandim. O‘sha paytlarda zo‘r pul topmasam-da, ishlarim yomon emasdi. Bir kuni o‘tirib otamga diqqat bilan qaradim va uning sochlari oqarib, yuzlarini ajin bosganini ko‘rdim. Yoshi oltmishga borayotgan otam qariy boshlagandi.

Pensiyaga chiqqach u ishdan bo‘shadi. “Onang bilan menga pensiyam yetadi. Sen endi o‘zing va oilang uchun harakat qilaver”, dedi u. Otam oshna-og‘aynilari bilan kunora uchrashar, ular bilan gap o‘ynar, qisqasi hayotning zavqini totib, umr kechira boshladi.

Biroq bu kunlar vaqtincha ekan. Bir kuni ajal farishtasi uning jonini oldi. Bunga esa qoidabuzar haydovchi sababchi bo‘ldi.

Kunlarning birida bozorda savdo qilib turgan joyimda xotinim telefon qildi. U yig‘lardi. Nima bo‘lganini so‘rasam, “Otangizni mashina urib ketibdi, shifoxonaga olib ketishibdi”, dedi.

Do‘konni qulfladim-u, shifoxonaga qarab otlandim. Borsam otam jonlantirish bo‘limida ekan. Shifokorga uchrashsam u “Uka, biz qo‘limizdan keladiganini qilyapmiz, shifo Allohdan”, dedi.

Bir zumda shifoxonaga onam, opalarim, pochchalarim va boshqa yaqin qarindoshlar yetib kelishdi. O‘sha paytda bizning qo‘limizdan faqat duo qilish kelardi xolos.

Necha soat o‘tganini bilmayman, shifokor chiqib “Otangiz bo‘lmadi, sizlarga sabr tilayman”, dedi. Shundan so‘ng yig‘lab yubordim va uning cho‘ntagiga pul tiqib, “Iltimos, jasadni yorishmasin”, dedim.

Otam jon bergancha qancha azob tortgan, jasadini yorib, endi o‘likni ham qiynashmasin, deb o‘ylardim.

Ertasi kuni janoza bo‘ldi va otamni ko‘mib keldik. Shifoxonada otamning haqqiga duo qilib turganimda hushim o‘zimda emasdi, uni urib yuborgan haydovchi haqida o‘ylaganim ham yo‘q.

Janozadan so‘ng uyimiz oldiga bir mashina kelib to‘xtadi va undan to‘rt kishi tushib keldi. Ulardan biri haydovchining otasi, qolgani aka-ukalari ekan.

Otaxon mendan ko‘ngil so‘radi. So‘ng har bir insonning qachon tug‘ilishi va o‘lishi taqdirida yozilishi, bu dunyo barcha uchun sinov ekani, o‘g‘li esa ana shu sinovdan o‘ta olmagani haqida gapirdi.

Kechira olsangiz o‘g‘limni kechiring. Uni qamatib yuborganingiz bilan otangiz tirilib kelmaydi. Alloh uning umrini ham sizlarga qo‘shib bergan bo‘lsin”, dedi va oldimga ancha pul qo‘ydi.

Hayron bo‘lib qaragandim, “Bu pul otangizning ma’rakalari uchun” dedi. Hayron bo‘lib amakimga qaragandim, rozilik ma’nosida boshini irg‘ab qo‘ydi.

Ular ketgandan so‘ng amakim izoh berdi: "Sen otangdan ayrilib, yana xarajat qilasanmi? Pullarni olaver, hali otangning ma’rakalarini o‘tkazish kerak, asqatib qoladi”.

Bir necha kun fotihaxonlik bo‘ldi va ko‘ngil so‘rab kelganlar bilan band bo‘ldim. Shu kunlar orasida tergovchi biron marta ham telefon qilmadi. Otamni urib yuborgan yigit esa qorasini ko‘rsatmadi. Otasi va inilari ham pul berib ketgandan so‘ng qaytib kelmadi.

Odatda odam o‘limi bilan bog‘liq avariya sodir bo‘lsa jinoyat ishi ochilishi, tergov o‘tkazilishi kerak. Tergovchi nimadir ma’lumot so‘rashi kerak. Shu tomonlama hech qanday xabar bo‘lmagani uchun o‘zim tuman IIBga bordim.

Otamning o‘limi bilan bog‘liq ish topshirilgan tergovchini topib, oldiga kirsam u menga “Hali jinoyat ishi ochilmadi, tergovga qadar surishtiruv ishlari ketyapti”, dedi.

Uning bu gapidan jahlim chiqdi. Bir inson mashina boshqarib birovning o‘limiga sababchi bo‘ldi. O‘lgan odam dafn qilindi. Oradan qariyb bir haftacha muhlat o‘tdi. Lekin hali jinoyat ishi ochilgani yo‘q.

Maqsadingiz nima, shu ishni sekin imi-jimida “marhumning o‘zi aybdor bo‘lgan” deb yopib yuborishmi?” – deya tergovchiga keskin savol berdim.

Uka, qizishmang, hali hech narsa aniqmas. Avariyaga otagizning o‘zi sababchi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin”, dedi. Uning bu gapidan tepa sochim tikka bo‘ldi.

Shundan so‘ng eng birinchi navbatda otamni urib yuborgan yigitni surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha u tadbirkor, akasi esa tuman hokimligida muhim bir vazifada ishlaydi. O‘sha kuni u otamni “Kaptiva” mashinasi bilan urib yuborgan.

Hodisa yuz bergan joyga borib u yerdagi savdo do‘konlariga kirib “Kaptiva” otamni qay holatda urib yuborgani bilan qiziqdim. Biron kishi men ko‘rdim, falon holatda sodir bo‘ldi demaydi. Kim bilan gaplashsam, qattiq zarba ovozini eshitib tashqariga chiqdik, otangiz yo‘l o‘rtasida yotardi. Uni qanday urib ketganini ko‘rmadik deb javob berardi.

Shunda ko‘chaning narigi tarafidagi savdo do‘koni peshtoqidagi kuzatuv kamerasiga ko‘zim tushdi. Darhol o‘sha yoqqa bordim va do‘kon egasidan iltimos qilib, kadrlarni oldim.

Qarasam, otam mashina bilan borib yo‘l chetiga to‘xtayapti. So‘ng undan tushib mashina oldida turibdi. Turgan joyi yo‘lning qatnov qismi emas. Shu paytda juda tez kelayotgan “Kaptiva” o‘zidan oldinda ketayotgan “Jiguli”ni o‘ng tarafdan quvib o‘tmoqchi bo‘lyapti va rul chambaragini sal ko‘proq burib yuboryapti.

Oqibatda mashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida turgan otamni urib ketyapti. Videoda otam “Kaptiva” urib yuborgandan so‘ng bir necha metrga ko‘tarilib, asfalga kelib urilgani ko‘rinib turgandi. “Kaptiva” haydovchisi to‘xtamay ketib qolgan.

Videoning davomida hodisa joyiga darhol odamlar to‘plandi. Kimdir tez yordam mashinasini chaqirdi. Bu orada YPX mashinasi kelib to‘xtatdi.

Haydovchi bu yerda kamida ikkita qoidabuzarlik sodir etgan, birinchisi – o‘ng tomondan quvib o‘tgan, ikkinchisi – tezlikni me’yordan oshirgandi. Biroq tezlik qoidasini buzganini videoga qarab belgilab bo‘lmasdi, ekspertiza qilib aniqlash mumkin edi.

Do‘kon egasidan iltimos qilib videoni otamni tez yordam mashinasi olib ketgan joygacha ko‘chirib oldim va tergovchining oldiga jo‘nadim. Borib unga kadrlarni ko‘rsatdim va jahl ustida “Agar shu ishni yopib yuboradigan bo‘lsang, seni va haydovchini onangdan tug‘ilganingga pushaymon qilaman”, deb chiqib ketdim.

Shundan so‘ng bir haftacha tinchlik bo‘lmadi. Tumandagi “og‘zi katta, gapi o‘tadigan” kimlar bo‘lsa, haydovchi hammasini menga elchi qilib jo‘natdi. Hatto mahalladoshlar va qarindoshlardan ayrimlari ham o‘rtaga tushishdi.

Ularning barchasi bir paytlar haydovchining otasi gapirgan “kechirimli bo‘lish, otamning tirilib kelmasligi” kabi gaplarni aytib, uni kechirishimni so‘rashardi.

Men “elchilar”ning barchasiga ikkita gapni takrorlardim: “Agar otamni urib yuborgandan so‘ng qochib ketmay, uni shifoxonaga olib borganda kechirardim. Qochgani uchun hech qachon kechirmayman”.

Bir muddat o‘tgach haydovchining otasi keldi. Bu safar bir o‘zi edi. Uyga kirgach gap boshladi:

O‘g‘lim, hech kim birovni urib yuborib o‘ldiray deb mashina minib chiqmaydi. O‘g‘limning aybi yo‘q demayman, o‘tgan gal kelganimda ham uning Yaratganning sinovidan o‘ta olmaganini aytgandim. Otangning belgilab berilgan hayoti shu yoshida tugashi yozilgan ekan, o‘sha ish sodir bo‘ldi. Hozir o‘g‘limni qamatsang ham otang tirilib kelmaydi. Shu uchun mana buni ol, kam-ko‘stingga ishlatasan, sudda da’voyim yo‘q deb ayt, iltimos. Hozir sen olmasang, shu pulga bemalol tergovchini va sudyani “sotib” ololaman va o‘g‘lim jazodan qutuladi. Biroq men bunday yo‘lni tanlamadim va pullarga ulardan ko‘ra seni haqliroq deb o‘yladim. Buyog‘i o‘zingga havola”.

Haydovchining otasi oldimga bir pachka dollar qo‘ydi. O‘sha paytda bir muddat tilim kalovlanib qoldi. Otaxonga nima deyishimni bilmasdim. O‘sha paytda uning o‘g‘liga bo‘lgan nafratim biroz so‘nib, ichimda urush boshlandi.

Yarmim “pulni ol” derdi, qolgan yarmim “otangning o‘ligini 10 ming dollarga sotasanmi?”, deb turardi. O‘ylanib qolganimni ko‘rgan otaxon “sukut alomati rizo” qabilida indamay o‘rnidan turib ketdi. Pul dasturxon ustida qoldi.

Shundan so‘ng amakimning oldiga jo‘nadim va otaxon bilan bo‘lgan ishni aytib berdim. Amakim shunday dedi:

Sen otangdan ayrilgan bo‘lsang, men jigarimdan ayrildim. Seni bilmadim-u, men uni kechirmayman. Chunki u hozir jazosiz qolsa, ertaga shu ishni takrorlashi va boshqa birovning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Shu uchun har qanday holatda aybdor jazolanishi tarafdoriman. Senga maslahatim, agar o‘sha yigitni kechirmoqchi bo‘lsang pulni olmasdan kechir. Kechirmoqchi bo‘lmasang ham o‘zing bilasan. Agar pullarni olsang va kechirsang, boshing bir umr ta’nadan chiqmaydi. Hamma “Mana bu odam otasining o‘ligini sotgandi”, deb bir umr gapiradi. Shunga o‘ylab ish qil”.

Amakimning oldidan chiqdim va o‘ylab-o‘ylab pullarni olib, haydovchini kechirishga qaror qildim. Lekin bu haqda hech kimga indamadim va qarorimni sudda aytdim.

Yigit aybdor bo‘lsa-da, yetkazilgan zararlarni qoplagani va mening unga da’voyim yo‘qligi uchun qamalmadi. Faqat haydovchilik guvohnomasini ikki yilga olib qo‘yishdi.

Sud zalidan chiqqanimizdan so‘ng amakim “pullarni qaytarib berdingmi?” deb so‘radi, yo‘q devdim, boshini chayqab, afsus degancha nari ketdi.

Mana hozir o‘sha voqealarga ham 10 yildan oshdi. O‘shandan buyon mahallada bosh ko‘tarib yura olmayman, do‘stlarim davrasiga kirishga betim yo‘q. Ba’zilar orqavarotdan, boshqalari o‘zimga eshittirib “otasining o‘ligini sotgan shu yigitmi?” deyishadi.

O‘shanda amakimning gapini olmaganimga juda afsuslanaman, biroq endi kech. Hatto olgan pullarimni qaytarib bersam ham bunga hech kimni ishontira olmayman. Bu tavqi la’natni bir umr ko‘tarib o‘tsam kerak.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Otamning o‘ligini “sotdim”: otasi uchun tovon puli olgan yigit iztiroblari