date

AQSHda beshta “prava” si bor o‘zbekistonlik hibsga olindi

AQSHda beshta “prava” si bor o‘zbekistonlik hibsga olindi

AQSHning Arizona shtatida noodatiy holat qayd etildi — beshta haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan 29 yoshli o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi yo‘l-transport hodisasidan keyin qo‘lga olindi. Bu haqda US Border Patrol Yuma Sector — Chegara patrul xizmati rasman ma’lumot tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, 19-noyabr kuni Kvarsit shahri yaqinida avtohalokat sodir bo‘lgan. Hodisa yuzasidan mahalliy politsiya tekshiruvi boshlaganida haydovchida bir emas, beshta haydovchilik guvohnomasi borligi aniqlangan. Tafsilotlarga ko‘ra, unga Nyu-York shtatida 2 ta, Ogayoda esa 3 ta haydovchilik guvohnomasi berilgani ma’lum bo‘ldi.

Jarohatlanganlar yo‘qligiga qaramay, politsiya yuk mashinasi va tirkamani maxsus maydonga olib kirgan va shundan so‘ng haydovchining shaxsiy ma’lumotlarini qiyoslashni boshlagan. Tekshiruvlar davomida esa yana bir jiddiy holat ochilgan: erkak 2023-yil aprel oyida AQSHga noqonuniy tarzda kirib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, joriy yilning iyul oyida immigratsiya sudyasi uni deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan bo‘lsa-da, u mazkur buyruqqa itoat etmagan va mamlakatdan chiqib ketmasdan yashirincha qolib kelgani aniqlandi. Shu bois uning ishi yana qayta ko‘rib chiqish uchun tegishli federal organlarga yuborilgan.

Bu holat o‘zbekistonlik muhojirlar orasidagi qonuniy maqom masalasi yana dolzarb ekanini ko‘rsatadi. Chunki bundan avval ham AQSHning ICE xizmati 31 yoshli A.B.ni terrorchilik faoliyatiga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olgani ma’lum qilingan, keyinroq esa u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha qidirilayotgan shaxs sifatida tan olingan.

Amerikadagi bu kabi holatlar migratsiya qoidalariga rioya qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatda qonuniy maqomni saqlash nechog‘li muhimligini yana bir bor yodga solmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » AQSHda beshta “prava” si bor o‘zbekistonlik hibsga olindi