Qo‘qonda 19 yoshli qiz yangasini o‘ldirgani uchun qamaldi

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan og‘ir jinoyat sud hukmi bilan yakunlandi. Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli qiz o‘z yangasi bilan avvaldan kelib chiqqan oilaviy nizolar sababli mojaroga borgan.
Hodisa 2025 yil 3 dekabr kuni yuz bergan. Aytilishicha, qiz o‘ch olish maqsadida oshxona pichog‘idan foydalanib, yangasiga bir necha bor jarohat yetkazgan. Olingan og‘ir tan jarohatlari natijasida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Voqeadan so‘ng huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor qidiruv ishlari olib borilgan va qiz 4 dekabr kuni qo‘lga olingan. Unga nisbatan sud qaroriga qadar qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybini tan olgan va qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan. Biroq ish holatlari, dalillar hamda jinoyatning og‘irligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra, u qasddan odam o‘ldirishda aybli deb topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahri sudi qaroriga asosan, 19 yoshli qizga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!