Bugun ham bozorda oldi-sotdining mazasi bo‘lmadi. Shuhrat savdo yaxshi bo‘lgan kunlari asr namozigacha bozorda qolib ketmasdi. Buyumlarini sotib uyiga jo‘nardi. Bu gal esa negadir xaridor kam bo‘ldi. Qo‘pol qilib aytganda, sotuvchilar aksar vaqtlarini pashsha qo‘rib o‘tkazishdi.
— Bi-ir qahvaxonaga kirib qittay-qittay qilsammikan? — o‘zicha o‘yladi Shuhrat atrofga sovuq nazar tashlab. — O‘zi bugun g‘alati kun bo‘lyapti. Xudoning bergan kuni qo‘l qo‘lga tegmasdi. Bugun-chi? Xaridor chaqirib og‘zim toldi…
Shu tobda qovun bozori tarafdan kelishgan, chamasi yigirma besh yoshlar oralig‘idagi bir qiz rastalar tomon kela boshladi. Qizni ko‘rdi-yu, Shuhratning yuragiga o‘t tushdi. Bildi. Qizning ko‘zlari negadir olma terayotgandek. Xuddi o‘zini, chiroyini namoyish qilayotgan kabi sollana-sollana qadam tashlayapti.
— O‘, zo‘r-ku! — deya sekin rastalar orasidan tashqariga chiqdi Shuhrat. — Nima olmoqchiykin o‘zi bu huriliqo?
Qiz uning ro‘parasiga yetganda to‘xtab, mollarni bir-bir ko‘zdan kechira boshladi.
Bunday vaziyatlarda hech qachon fursatni boy bermaslikka o‘rgangan Shuhrat pildiragancha qizga yaqinlashdi.
— Opoq qiz, nima olmoqchiydingiz? — muloyimlik bilan so‘radi Shuhrat. — Mabodo manavi matolar kerakmasmidi?
Qiz Shuhratga o‘tli nigoh tashladi-da, kulimsirab bosh egdi.
— Men… O‘zim uchun mana shu matodan sotib olmoqchi edim. — dedi past ovozda. — Qanchadan o‘zi?..
— Agar tanishaman desangiz bepul! — deb yubordi Shuhrat tavakkal. — O‘lay agar, jon foydaga qolib turganda qasam ichishdanam toymaydigan yigitman! Siz juda chiroyli ekansiz.
— Voy, hamma chiroyli qizlargayam molingizni tekinga bervoraverasizmi? — erkalangan ohangda gap tashladi qiz. — Unda uyingizniyam topib borolmay qolasiz-ku!
— Menga siz bo‘lsangiz bas edi! — dedi Shuhrat bo‘sh kelmay. — Xo‘sh, rozimisiz?..
— Mening erim, farzandim bor-ku! — dedi qiz. — Qandoq bo‘larkin?
— E, mendayam bor o‘sha oila, farzand. — kuldi Shuhrat. — Bilasiz-ku, sevgining ko‘zi ko‘r! Ishoning, sizni uzoqdan ko‘rdim-u, es-hushimdan ayrilayozdim.
— Bechora, — mayin jilmaydi qiz. — Nahotki shu gaplaringizga ishondi deb o‘ylasangiz meni?
— Qasam ichyapman-ku! Iltimos, ismingizni, telefon raqamingizni ayting! Bilib qo‘ying, baribir endi sizni tinch qo‘ymayman. Men shunaqa bir so‘zli yigitman!
— Gulasal, — dedi qiz lab tishlab. — Telefon raqamimni bermayman.
— Nega? Qo‘rqyapsizmi?..
— Yo‘q… Shunchaki… Noqulay…
— Bugun sizni soat yettilarda hov anavi yoqdagi qahvaxonada kutaman. — dedi Shuhrat. — Agar kelmasangiz, uvolimga qolasiz.
— Ko‘ramiz. — Gulasal qo‘lidagi katmonini ochib pul chiqarishga tutindi.
— Yo‘q, yo‘q! — qizning qo‘lini qaytarib tashladi Shuhrat. — Va’da berildimi, tamom! Tanlang! Xohlagan matongizni tanlang!..
* * *
Shuhrat bunday ayollarni juda yaxshi biladi. Ular ham eri bo‘lishiga qaramasdan o‘zganing mehriga, erkalashlariga o‘ch bo‘lishadi. Boshqacharoq aytganda, ehtiros bunday ayollarda kuchli. Shu sababli ular o‘zlari yoqtirib qolgan erkakni qiynab, takliflarini rad etib, nozlanib o‘tirishmaydi.
Shuhrat shu kundan e’tiboran Gulasal bilan uchrasha boshladi. Bu ayolning nozu-firog‘i, gap-so‘zlari, shubhasiz, xotininikiga sira o‘xshamasdi. Gulasal bir so‘z bilan har qanday erkakning hushini olishga qodir edi.
— Erimdan ko‘rmagan mehr-muhabbatni faqat sizdan ko‘ryapman! — deya takrorlardi har gal uchrashganlarida va o‘zini Shuhratning bag‘riga otib ancha vaqtgacha chuqur xo‘rsinishdan nariga o‘tmasdi. — Qolaversa, siz tadbirkor yigitsiz. Erkak kishining tadbirkor bo‘lgani ma’qul. Erim kabi birgina maoshga tikilib yashaydiganidan Xudoning o‘zi asrasin!
— Unda ajrash! — dedi kunlarning birida Shuhrat. — Men seni ikkinchi xotin qilib olaman. Ishon, kamlik ko‘rmaysan. Shohona qasr va’da qilmasam-da, har holda boshqalardan yomon yashamaysan.
— Yo‘q, — dedi qat’iy Gulasal. — Yolg‘iz qizimni otasiz o‘stira olmayman. Qizchamning bir marta dada deb yig‘lashi meni adoyi tamom qiladi. Uchrashib yuribmiz-ku shundoq ham. Tag‘in sizga nima kerak, yaxshi yigit!?.
Shuhrat yana bir karra tan berib Gulasalni bag‘riga bosdi.
* * *
Shuhrat ikki kunda bir uchrashishga ko‘nikib qolgan ekan. Gulasalning uch kun umuman qorasini ko‘rsatmay qo‘yishi yuragiga g‘ashlik soldi. Negadir telefoni ham o‘chirilgan edi.
U bezovtalanib, erta tongda bozor-o‘charni jiyaniga topshirdi-da, taksiga o‘tirib Gulasal yashaydigan dahaga jo‘nadi.
— Bunday yo‘qolib qolishi mumkinmas. — o‘ylardi yo‘l-yo‘lakay. — Uzog‘i bilan ikkinchi kunning yarmida xabarlashardik. Nima bo‘ldi unga? Kasalmikan? Kasal bo‘lsa, nega menga xabar qilmadi? Yo eriminan g‘ijillashib qolib biror yoqqa jo‘navorganmikan? Shunday bo‘lgan taqdirdayam meni bexabar qo‘ymasligi kerak edi.
Manzilga yetgach, taksidan tushiboq tanish pod’ezdga o‘zini urdi. Azbaroyi bezovtalanganidan uchinchi qavatga qanday ko‘tarilganini payqamay qoldi.
Eshik qulf edi. Shunday bo‘lsa-da, ehtiyot shart qo‘ng‘iroq tugmachasini qayta-qayta bosib, qulog‘ini ding qildi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, nihoyat eshik zulfini sug‘urildi.
Qarshisida Gulasal yengil xalatda paydo bo‘ldi.
— Shu yerda ekansan-ku! — taklifni kutib o‘tirmay, ichkariga kirdi Shuhrat. — Nega menga qo‘ng‘iroq qilmaysan?.. Nima bo‘ldi o‘zi?
Shu payt balkon tarafda kimningdir yalang‘och holda sigaret chekayotganini ko‘rib hushyor tortdi.
— Iye, bu kim bo‘ldi, Guli?.. Tushunmadim…
Gulasal yugurib kelib Shuhratning oldini to‘sdi.
— Bu kishi… Usta… Santexnik. — tutila-tutila uqtirishga tushdi Gulasal. — Yuring, ichkariga kiring!
— Santexnik degin? — Shuhratning qalbida shubha uyg‘onib, jahdi mushtlariga ko‘chdi. — Yalang‘och holda ustalik qilyaptimi?..
Yigit hech narsa bo‘lmagandek, hanuz joyida qilt etmay o‘tirar, qur-qur Shuhrat tomon ko‘z tashlab olardi.
— Haqqingiz yo‘q! — deya Shuhratning bilagidan siqdi Gulasal. — Kim bo‘lgan taqdirdayam, mening hayotimga aralashishga haqqingiz yo‘q, bildingizmi?!. Keting! Hoziroq uyni bo‘shatib qo‘ying!
Shuhrat hammasini anglab yetgandi. Ayolning yarim ochiq siynalariga nafrat aralash boqarkan, lablarini tishlagancha beixtiyor stol ustida turgan oshpichoqni oldi va cho‘ntagiga tiqdi.
— Bo‘pti, haqim bo‘lmasa, yur, tashqarida gaplashib olamiz! Faqat tezroq qimirla! Kutishga sira vaqtim yo‘q.
— Chiqmasam-chi? — qaysarlik bilan ortga tislandi Gulasal. — Urasizmi?..
— Gapni aylantirmay, tezroq chiq! Seni domning orqasida kutaman!
* * *
— Xo‘sh, nima deysiz tag‘in? — Gulasal ikki qo‘lini beliga tiragan ko‘yi Shuhratga yaqin keldi. — Gapiring tezroq, mening vaqtim yo‘q!
— Oldingi gaplaring shunchaki ekan-da!?. — dedi Shuhrat zardali ohangda. — Va’dalar, yonib-kuyishlar boshqacha edi-ku!
— Men nima qildim? Nega menga tuhmat qilyapsiz?
— Sen yaramas… — Shuhrat chirt etib tupurdi-da, qo‘liga oshpichoqni oldi. — Menga xiyonat qilding! Shuni bilasanmi?
— E, kim bo‘psiz menga buyruq beradigan? Hech kimga xiyonat qilganim yo‘q! U usta!
— Usta begona ayolnikida yalang‘och yurmaydi. Meni ahmoq qilma!
— Bo‘ldimi? Shumi? Bo‘pti, men ketdim!
— Yo‘q, ketmaysan! — Shuhrat ayolning bilagidan mahkam tutib o‘ziga tortdi. — Xiyonatning haqini to‘lab ketasan!
— Qoching dedim! Qo‘yvoring!
— O‘ldiraman seni! — xirillab Gulasalning ko‘zlariga boqdi Shuhrat. — Senga aytganman xiyonatni kechira olmayman deb! Sen mening muhabbatimni oyoqosti qilding!
— Qo‘yvoring! Siz menga hech kim emassiz!
— O‘ldiraman!
— O‘ldirib bo‘psan, hezalak! Qo‘yvor!
Gulasalning so‘nggi so‘zlari Shuhratning vujud-vujudini o‘q kabi teshib o‘tdi. Beixtiyor qo‘lidagi tig‘ni ayolning qorniga bir necha marotaba tiqib oldi. Shu zahoti qon tizillab Gulasal gandiraklagancha yerga chalqancha quladi.
XOTIMA O‘RNIDA:
Gulasalni qo‘ni-qo‘shnilar zudlik bilan kasalxonaga olib borishdi. Xayriyatki, vrachlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuhrat esa sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi