…Chaqaloqning qattiq yig‘lagan ovozi do‘konini qulflab, endigina ketmoqchi bo‘lib turgan Eldorni esankiratib qo‘ydi. Chunki ovoz do‘konning ichkarisidan kelayotgandi. Eldor ovoz kelgan tomonga yugurdi. Chaqaloqning yig‘isi peshtaxtalar orasida turgan kattagina sumka ichidan eshitilardi. Eldor ehtiyotkorlik bilan sumkani ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning ichida yo‘rgaklangan chaqaloq yig‘lab yotardi. Uning o‘rovi ichida so‘rg‘ich ham bor edi. Eldor so‘rg‘ichni norasidaning og‘ziga soldi. Ona mehrini qo‘msayotgan chaqaloq yig‘idan to‘xtadi. Gangib qolgan Eldor akasiga qo‘ng‘iroq qildi va bo‘lgan voqeani yotig‘i bilan tushuntirdi…
… Sardor bilan Nodira sevib, sevilib turmush qurishgandi. Ammo taqdir ekan, farzand ko‘rishmadi. Nodiraning yuzi kulgani bilan ichi to‘la dard edi. Ayniqsa, shifokorlarning: “Ayollarda uchraydigan kasallik tufayli farzand ko‘rolmayapsiz. Yaxshilab davolaning”, degan maslahatlarini eshitaverib, ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmaydigan bo‘lib qoldi. Chunki uning bormagan shifokori, uchramagan tabibi qolmagandi, hisob. Sardor akamni ham baxtsiz qilayapman, deya ich-ichidan ezilardi u. Yaqinlari ularga bola asrab olishni maslahat berishdi. Ammo Nodira ko‘nmadi. Sardorning o‘z farzandi bo‘lishi mumkin-ku, axir!..
Shu tariqa yillar o‘tdi. Kunlarning birida Nodira turmush o‘rtog‘iga qo‘yidagi mazmunda xat qoldirib, onasinikiga ketib qoldi:
“Sardor aka!
Siz men uchun nihoyatda qadrli insonsiz. Sizni baxtsiz qilishga haqim yo‘q! Farzand – er-xotin o‘rtasidagi mustahkam rishta. Farzand ko‘rmas ekanmiz, biz hech qachon baxtli bo‘lolmaymiz. Shuning uchun siz boshqa oila quring, farzandli bo‘ling. Men roziman.
Nodira.”
Sardor hayotini Nodirasiz tasavvur ham qilolmasdi. U ukasi Eldorni do‘konda qoldirib, o‘zi Nodirani uyiga qaytarib olib kelish uchun qaynotasinikiga yo‘l oldi. Shu payt ukasi qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytib berdi. Bu xabarni eshitgan Sardor dovdirab qoldi. Yonida bir ahvolda turgan xotiniga qarab:
– Nodira, bizga Allohning rahmi kelgan ko‘rinadi. Do‘konga kimdir chaqaloq tashlab ketibdi, – dedi. Er-xotin do‘konga shoshilishdi.
Mana, o‘sha voqeaga ham besh yildan oshdi. Chaqaloqqa Umidjon deb ism qo‘yishdi. Unga bor mehrlarini berishdi. Umidjonning qadami qutlug‘ keldi. Oradan ikki yil o‘tib, ular qizlik ham bo‘lishdi. Lekin bir narsadan Nodiraning ko‘ngli g‘ash. Kimdir doim Umidjonga sovg‘a-salom tashlab ketardi. Shuncha urinsa-da, uning kimligini bilolmasdi…
… Qo‘shni qiz Gullola bu yil kollejni tamomlaydi. Bo‘y qizning uyidan sovchilarning qadami uzilmay qoldi. Qiz bolani palaxmon toshi, deyishadi. Ota-onasining oq fotihasi bilan uni unashtirishdi.
Lekin Gullolaning to‘yi kuni erta tongda sovuq xabar tarqaldi: U ko‘p miqdorda uyqu dori ichib…
To‘y azaga aylandi. Gullolaning singlisi Gulandom ma’rakaga chiqqan Nodirani bir chetga tortib, uning qo‘liga maktub tutqazdi.
– Opam ushbu maktubni hech kimga ko‘rsatmasdan Nodira kelinoyimga bergin, deb tayinlagandi.
U shunday deya yig‘laganicha iziga qaytdi.
“Nodira kelinoyi! Adashgan singlingizni kechiring.
Men aldanib qoldim. Bir odamning shirin so‘zlariga, sovg‘a-salomlariga uchdim. Homilador bo‘lib qolganimni sezgach, o‘zimni to‘rt tarafga urdim. Ota-onam bilib qolishsa, bu isnodni ko‘tara olmasligi tayin edi. Chunki ular menga juda ishonishardi. O‘ylay-o‘ylay dardimni opamga aytishga majbur bo‘ldim. U hamshira emasmi, darhol meni tekshirib ko‘rdi. Avval rosa urishdi, so‘ng birga yig‘ladik. Jigar emasmi, onamga: “Qiynalayapman, Gullola menga bir-ikki oy qarashib yuborsin”, deb uyiga olib ketdi. O‘zim to‘ladan kelgan qiz bo‘lganim uchun homiladorligim unchalik sezilmadi. Pochcham Rossiyaga ishga ketgan paytda opamning uyida ko‘zim yoridi.
– Gaplarimni ikki qulog‘ing bilan eshit: Farzand ko‘rganingni hech kimga ayta ko‘rma. Birov eshitib qolsa, bir umr yuzi qora bo‘lib qolasan! – opam shunday dedi-da, chaqaloqni kattagina sumkaga joylab, chiqib ketdi. O‘sha kuni sizning qaynukangiz Eldor do‘konda ekan. Opamning do‘konda sumkani qoldirib ketganini sezmay ham qolibdi. Bundan keyingi voqealardan xabaringiz bor.
Kelinoyi, bilib-bilmay og‘ir gunoh qilib qo‘ydim. Endi buning azobini tortayapman. Umidjonni ko‘rganimda o‘zimdan nafratlanardim. Shunday bo‘lsa-da, uni ko‘rgim, sovg‘alar bergim, bag‘rimga bosgim kelaverardi. Ota-onam: “O‘qishni tugatding, ayni turmush quradigan payting”, deb meni unashtirishdi. Kechalari yig‘lab chiqardim. Yoshlikdagi xatoyim tushim bo‘lsaydi, deb o‘ylardim. Afsuski, bunday bo‘lmasligini bilardim. To‘y kuni ham belgilandi. Hamma xursand. Ammo men bamisoli jonsiz bir haykal edim. Menga uylanmoqchi bo‘lgan yigitni aldab baxtli bo‘larmidim? Yo‘q, vijdonimga qarshi borolmadim. Meni aldab, baxtiqaro qilgan yigitdan nafratlanardim.
Kelinoyi, sizdan iltimosim shuki, Umidjon qabrimga gul qo‘ysin! Chimildiqqa gullarga burkanib kirish nasib qilmadi. Buni qanchalik orzu qilgandim. Alvido!
Gullola.”
Nodira xatni o‘zida kuch topib oxirigacha o‘qidi. Tizzalaridan darmon qochdi.
– Eh, ochilmasdan so‘lgan Gullola, xato ustiga yana xato qilgan singlim. Hayot insonga bir marta beriladi. Undan o‘zingni mosuvo qilish xiyonatga teng. Agar aybingni aytsang, balki, o‘sha yigit kechirardi, irodasizlik qilibsan… Ammo Nodiraning bu gaplarini Gullola eshitmadi. … Men esa bu gaplarni gulning yaprog‘iday qizlar eshitishini juda xohlardim. Toki ular qiz bolaning sha’ni, or-nomusi hayot qadar qadrli ekanini bilishsin!
Zuhra BOBOJONOVA
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”