
Har ikki-uch kunda yo‘llardagi avtohalokatlar haqida mudhish xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Xo‘sh, avtohalokatlar soni haqiqatan ko‘payib ketdimi yoki turli xabarchi nashrlar holatni bo‘rttirib ko‘rsatmoqdami?
Avtohalokatlarni mashinalar ko‘paygani bilan izohlovchilar ham topiladi. Biroq barchasini avvaldan hisobga oladigan shunday tizim yaratilsaki, yo‘llarda umuman halokat sodir bo‘lmasa, deb o‘ylaysan, beixtiyor.
Aytish kerakki, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muvaffaqiyatli dasturlar qo‘llanmoqda. Maqolamizda Shvetsiya tajribasiga nazar solamiz. 20 yildan beri qo‘llab kelinayotgan bu dastur Shvetsiyada mashinalar soni oshganiga qaramasdan YTHdagi o‘lim sonini ikki barobarga kamaytirdi.
Vision Zero. Bu so‘zni eslab qoling. 1997 yilda Shvetsiya parlamenti ushbu dasturni qabul qilgan. Dastur maqsadi yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va YTHlar natijasida kelib chiquvchi o‘lim hodisalarini kamaytirishdir. Dasturga (YTHlar va yo‘ldagi o‘lim holatlariga) “mutlaqo toqatsizlik”, deya ta’rif berishadi.
Dasturning asosiy yo‘nalishi haydovchining yo‘lda o‘lim sodir etishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, ya’ni bunda yo‘lsozlar, yo‘llarga xizmat ko‘rsatuvchilar va avtomobilsozlar ham qatnashadi. Dastur mualliflari haydovchilar ham xom sut emgan bandaligi bois adashishi mumkinligini nazardan soqit qilmaydi. Biroq shunga qaramay, yo‘lda harakatni shunday tashkil etish lozimki, hech qanday xatolik o‘limga olib kelmasin.
Vision Zero dasturining qisqacha mazmuni nimalardan iborat?
Chorrahalarda aylanma harakatni tashkil etish. Ma’lumki, chorrahalardagi harakat svetofor va aylanma orqali tartibga solinadi. Svetofor avtohalokatlar sonini kamaytiradi va chorrahadagi o‘tuvchanlikni oshiradi. Ammo aylanma chorrahadagiga qaraganda svetoforli chorrahada o‘lim bilan tugagan avtohalokatlar ko‘p yuz beradi.
Yo‘llardagi harakatni to‘siq bilan ikkiga ajratish. Bu chora ham qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtomobillar to‘qnashuvini oldini oladi. 1998 yildan beri Shvetsiyada yo‘llar qizg‘in sur’atda ikkiga ajratilmoqda.
Aholi yashash punktlarida tezlikni 30 km/soatgacha pasaytirish. Mutaxassislarning aytishicha, aynan 30 km/soat tezlikda harakatlanayotgan avtomobil urib ketganda odam tirik qolish ehtimoli yuqori. Shvetsiyaning aholi yashovchi punktlari o‘z hududidagi cheklovni o‘zi mustaqil belgilaydi.
Yo‘l yoqasidan yot narsalarni yo‘qotish. YTHning noxush oqibatini kamaytirish uchun yo‘lga tutash joylardan tosh, daraxt, turli to‘siqlar olib tashlanadi.
O‘lim bilan tugagan YTHlarni batafsil tekshirish. Barcha o‘lim bilan tugagan avtohalokatlar maxsus komissiya vositasida o‘rganiladi. Tekshiruv natijasida bu hodisadan saqlanish bo‘yicha yechim taklif etiladi.
Xavfsizlik kamarini “bog‘lab qo‘yish”. Mamlakatda ishlab chiqariladigan avtomobillarning barchasi xavfsizlik kamarini taqishni eslatuvchi tizim bilan jihozlanadi hamda bu avtomobillarning haydovchilari 100 foiz kamar taqib yuradi.
Alkoqulflar. Mast haydovchini mashinaga yaqinlashtirishga yo‘l qo‘ymaydigan elektron qurilmalar keng joriy etilgan.
Fotoradarlar. Yo‘llardagi tezlik cheklovlarini qat’iy nazoratga olinadi.
Velosiped shlemlari. 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar velosiped minganda shlem kiyishi shart.
Ushbu dastur 1997 yildan Shvetsiyada amal qila boshladi. Natijasini esa o‘zingiz ko‘ring:
Yil O‘lim soni
1997 541
1998 531
1999 580
2000 591
2001 583
2002 532
2003 529
2004 480
2005 440
2006 445
2007 471
2008 397
2009 358
2010 266
2011 319
2012 286
2013 260
2014 270
2015 259
Statistika (bu vaqtda mashinalar soni ko‘payganiga qaramasdan) yo‘llardagi o‘lim holatlari ikki barobardan ham ortiq kamayganidan dalolat bermoqda.
2010 yil holatiga ko‘ra Shvetsiya dunyoda YTHda odamlar eng kam nobud bo‘ladigan davlatlar orasida turadi (100 ming aholiga 3 nafar). Yevroittifoq mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 5, AQShda esa 11dan ortiq.
Shundan beri Shvetsiya tajribasi dunyoda mashhur bo‘lib ketgan. Bu tajribani O‘zbekistonda ham bemalol qo‘llab yo‘llardagi o‘lim sonini kamaytirish mumkin. Siz nima deysiz?
Manba: carzone.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar