O‘zbekistonda giyohvandlik balosidan jabr ko‘rayotgan shaxslar va ularning yaqinlariga aniq, maxfiy va bepul maslahat berish maqsadida maxsus ishonch telefoni tashkil etildi. Yangi ishga tushgan koll-markaz 7 kun, 24 soat faoliyat yuritadi va uning raqami: +998 55 515-45-65.
Ushbu tashabbus aholiga narkologiya xizmatlarini yanada yaqinlashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda og‘riqli muammoga nisbatan munosabatni yumshatishga qaratilgan. Endi fuqarolar narkologiya muassasasiga bormasdan, shaxsiy ma’lumotlarini sir saqlagan holda, telefon orqali anonim maslahat olishlari mumkin.
Ishonch telefoni orqali murojaat qilganlar mutaxassislardan quyidagi masalalar bo‘yicha maslahat olishlari mumkin:
-
Giyohvandlikka mos keluvchi ilk alomatlar;
-
Ushbu baloga qanday tushib qolish mumkinligi;
-
Oila a’zosi, yaqin insonining xatti-harakatida shubhali o‘zgarishlar bo‘lsa, nima qilish kerakligi;
-
Qanday profilaktik choralar ko‘rish va yordam taklif etish lozimligi.
Mahfiylik to‘liq kafolatlanadi. Har qanday ma’lumot, so‘zlashuv va shaxsiy tanishuv sir saqlanadi. Bu xizmat nafaqat davolash, balki insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiluvchi muhim qadam hisoblanadi.
Ushbu loyiha giyohvandlikka qarshi kurashda muhim vosita bo‘lib, jamiyatda bu muammoni ochiq muhokama qilishga ilk qadam sifatida baholanmoqda. Shuningdek, psixologik ko‘makka muhtoj insonlarga bag‘rikeng va insonparvar yondashuvni targ‘ib qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!