date

«Qo‘ziqorin» mehmonxona: ruxsatsiz qurilgan inshoot atrofida shov-shuv

«Qo‘ziqorin» mehmonxona: ruxsatsiz qurilgan inshoot atrofida shov-shuv

Samarqand tumanidagi “Jo‘yisoy” mahallasi yaqin kunlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan noodatiy qurilish bilan yana diqqat markazida turibdi. Bu yerda istiqomat qiluvchi fuqaro F.Xalilov o‘z uyining muayyan qismini buzib, uning o‘rniga ko‘p qavatli mehmonxona qurishga kirishgan. E’tiborli jihati shundaki, mazkur qurilish biror-bir shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan, deb xabar berdi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi.

Vazirlikning ma’lumot berishicha, hech qanday shaharsozlik ruxsatnomalari mavjud bo‘lmaganiga qaramay, F.Xalilov tomonidan qurilish ishlari bir necha marta ogohlantirilgan holda davom ettirilgan. Rasmiy manbalar bu inshoot “qo‘ziqorin uy” deb nomlanib, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi.

Qurilish jarayonida qator qoidabuzarliklar va texnik kamchiliklar aniqlangan:

  • Samarqand tumani hokimligidan va tuman qurilish bo‘limidan hech qanday rasmiy qaror yoki ruxsatnoma olinmagan;
  • Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i – APZ hujjati yo‘q;
  • Muhandislik-geologiya, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq va to‘g‘ri rasmiylashtirilmagan, shuningdek, tasdiqlanmagan;
  • Shaharsozlik kengashi tomonidan hech qanday ko‘rib chiqish amalga oshirilmagan;
  • Mehmonxona obyektining bosh rejasi naturaga ko‘chirish dalolatnomasi tayyorlanmagan (SHNQ 3.01.01-03ning 2.4 bandi bajarilmagan);
  • Qurilish materiallarining sifati va standartlarga mosligini tasdiqlovchi pasport hamda sertifikatlar taqdim etilmagan;
  • SHNQ 3.01.01-03ning 7.8 va 9.9 bandlariga ko‘ra yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari yo‘q;
  • Mutaxassislar tomonidan qurilgan inshoot seysmik jihatdan xavfli, talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.

Shu bilan birga, yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lishiga qaramay, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari ham haligacha rasmiylashtirilmagan. Shu sharoitda “Konstant Proyekt” MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq tayyorlanmagan. “Triumf Proyekt” MCHJ xususiy ekspertiza tashkiloti esa hujjatlar yetilmagan va ruxsatsiz bo‘lsa-da, inshootga xulosa bergan.

Qo‘shimcha ravishda, “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ va hududiy inspeksiya xodimlari 2022 yil 6 mayda binoning seysmik holatini tekshirib, rasmiy xulosada inshoot QMQ va SHNQ talablariga umuman javob bermasligi, ayrim kolonnalarda darzlar, ya’ni yoriqlar paydo bo‘lgani, shu bois binoni buzish zarurligi qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “qo‘ziqorin uy” sifatida tanilgan ushbu mehmonxona binosi bo‘yicha Respublika komissiyasi ham o‘z fikrini bildirgan. 2022 yil 6 iyulda esa fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi F.Xalilovga Jo‘yisoyda qurilgan, hech qanday ruxsatsiz va o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan 12 qavatli inshootni o‘z mablag‘i evaziga buzish haqida qaror chiqargan va ijroga yo‘llagan.

Mazkur voqea ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Fuqarolar, mutaxassislar va jamoatchilik noqonuniy qurilishlar bo‘yicha rasmiy organlar pozitsiyasini qiziqish bilan kuzatmoqda. Bu esa hokimiyat va nazorat idoralarining qurilish sohasida mas’uliyatini yana bir bor kun tartibiga olib chiqmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qo‘ziqorin» mehmonxona: ruxsatsiz qurilgan inshoot atrofida shov-shuv