date

Mirjalol Qosimov "Buxoro" mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?

Mirjalol Qosimov "Buxoro" mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?
Superliga 16-turidan o‘rin olgan "Buxoro" - OKMK (0:2) uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi va bo‘lib o‘tgan o‘yin haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Bir oylik tanaffusdan keyin yana futbolga qaytdik va bugun ikkinchi davrani boshladik. Mavsumning ikkinchi yarmini g‘alaba bilan boshlashni maqsad qilgandik. Bugungi yutuqdan xursandmiz. Yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik va eng muhimi uch ochkoni qo‘lga kiritdik.

- Ikkinchi davra oldidan jamoangizda yuz bergan o‘zgarishlarga to‘xtalsangiz.
- Biz uncha ko‘p transfer qilmadik. Darvozabon va ikki nafar himoyachini taklif etdik. Yarim himoya va hujum chizig‘iga futbolchi chaqirmadik, chunki o‘zimizning tarkibdagi futbolchilardan ko‘ngil to‘q.

- "Buxoro" Kubok o‘yinida OKMKni musobaqadan chiqarib yuborgandi. Bugun esa chempionatda jamoangiz g‘alaba qozondi.
- Esimda, o‘shanda o‘z xatolarimiz tufayli mag‘lub bo‘lgandik. Lekin men hech qachon o‘yin ajratmayman, biz uchun Kubok ham, chempionat ham muhim. Faqat futbolda doim yutishning imkoni yo‘q. Bugun o‘sha mag‘lubiyat uchun qasos oldik deb o‘ylamayman, maydonga chiqib faqat uch ochko uchun o‘ynadik.

- Darvozabon Xumoyunshoh Sayyotovning ketishi nima bilan bog‘liq?
- U ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani uchun ketishni xohladi. Bilasiz, darvozabonlar hadeb almashavermaydi, buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Afsuski, Xumoyunshoh jamoamizda o‘zini ko‘rsata olmadi. Shu bois uning o‘rniga Hamidullo Abdunabiyevni taklif etdik.

- Ikkinchi davra oldidan rahbariyat tomonidan vazifa qo‘yildimi?
- Vazifa har doim yuqori bo‘lgan, qolaversa men ham o‘zimga nisbatan talabchan bo‘lganim uchun doim yuqori maqsadlarni qo‘yaman. Kerak bo‘lsa chempion bo‘lishni xohlaymiz. Nasib qilsa bu ham bo‘ladi.

- Maydonda yotib o‘yinni cho‘zadigan jamoalarga qarshi nima qilsa bo‘ladi?
- Buning yo‘li oson: tezkor gol urish kerak. Shunda vaqt cho‘zmasdan futbol o‘ynaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov "Buxoro" mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?