Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Valaam orolida uchrashib, oliy darajadagi muzokaralarni o‘tkazdi. Shundan so‘ng, 1 avgust kuni skameykada o‘tirgan holda jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Suhbat davomida xalqaro vaziyat, Ukrainadagi urush, Yevropadagi iqtisodiy o‘zgarishlar va suverenitet masalalariga oid asosiy fikrlar ilgari surildi. Meduza asosiy iqtiboslarni keltirdi.
Putin: Bizda tuzum Konstitutsiyaga asoslangan, Ukrainani esa bu haqda aytib bo‘lmaydi. Muzokaralar har doim muhim. Kimningdir hafsalasi pir bo‘lishiga kelsak, hafsala pir bo‘lishi ortiqcha umidlardan kelib chiqadi. Rossiya 2024 yil yozida e’lon qilgan maqsadlar o‘zgarmasdan qoldi.
Lukashenko: Biz sanksiyalar fonida jiddiy iqtisodiy burilish qildik. Dunyo hali buni baholaydi. Bizni hech kim tiz cho‘ktirolmaydi. Muzokaralar – bu yaxshi narsa. Amerikaliklar Vetnamda urush olib borgan va muzokara ham o‘tkazgan. Ukraina esa imkonsiz narsani talab qilyapti. Rossiya nima yomonlik qildi? Qarovsiz bolalarni ovqatlantirdi, kiyintirdi. Endi ular Rossiyani ayblayapti!
Putin: U yerda bunchalik bola yo‘qligi ma’lum bo‘ldi!
Lukashenko: Albatta, uch yoki to‘rt bola. Vaziyatni chigallashtirish ketyapti, bu foyda bermaydi. Kelishish kerak. Belarusga kelishni istamasanglar — hech bo‘lmasa Oyga, qayerga bo‘lsa ham! Zelenskiy, nega baqirasanki, Putin bilan uchrashmoqchiman deb? Avval tayyorlaning va imzo cheking. Trampni ham, Makronni ham, Starmerni ham, kimni xohlasangiz, chaqiring!
Putin: Maxsus harbiy operatsiyada hammasi yaxshi. Dinamika aniq, yaqinda Chasov Yarni oldik. Dushmanlarimiz avval Rossiyani strategik mag‘lubiyatga uchratish kerak derdi. Endi esa kamida hujumni to‘xtatishni xohlashyapti. Bizga esa mustahkam tinchlik kerak.
Lukashenko: Yevropada sanoatsizlashtirish allaqachon boshlandi. Amerikaliklarning maqsadi shunday, deyishyapti. Ular esa biz bilan birga bo‘lishi kerak edi, Yevropa Ittifoqi va Rossiya — bu ulkan kuch bo‘lardi. Bu Xitoydan ham dahshatliroq kuch bo‘lardi.
Putin: Yevropa Ittifoqida umuman suverenitet yo‘qligi aniq. Bu esa ulkan yo‘qotishlarga olib kelyapti.
Lukashenko: G‘arb Zelenskiyga bosim o‘tkazyapti, u nima xohladi? Milliardlab pul oldi, endi pul berganlar aytyapti: "Pul qayerga sarflandi, ko‘rsat!" Hech qanday suverenitet yo‘q! Boshboshdoqlik!
Putin: Korrupsiya barcha mamlakatlarga xos. Ammo unga tashqi tomondan kurashib bo‘lmaydi, ayniqsa, tashqi tomondagi o‘zlari qiynalsa. Yevropa Ittifoqida va AQSHda korrupsiya umuman qonuniylashtirilgan! Lobbizm, bu nima o‘zi? Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurash byurolari mahalliy hokimiyatga bo‘ysunmaydi! Odamlar mamlakatdagi jarayonlarga ta’sir qilmasa — bu tahqirli holat. Ular suverenitetning bir qismini qaytarib olishga harakat qildi, ammo yuqoridan hushtak chalinib, hamma narsa darhol orqaga qaytarildi. Faqat sharmanda bo‘lishdi.
Lukashenko: Yana Chasov Yar haqida — bu Kramatorsk yo‘li. Ukraina endi Rossiyadan kelishishni iltimos qilishi kerak. Agar shunday bo‘lmasa, rossiyaliklar asta-sekin hammasini g‘ajib, egallab, qaytarib olib, oldinga boradi.
Putin: Qaytarib oladi! Bu – bizniki...
Lukashenko: Ha... qaytarib oladi, xa-xa. Kelishish kerak. Ular tezroq kelishishga shoshilishi kerak. Chunki Rossiya hamma joyda hujumga o‘tmoqda.
Putin va Lukashenko o‘rindiqda o‘tirgan holda matbuot anjumani o‘tkazishdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar