23:57 / 01.06.2018
6 833

Italiyalik chol-kampir O‘zbekistonga birdek oshufta bo‘lishdi (foto)

Italiyalik chol-kampir O‘zbekistonga birdek oshufta bo‘lishdi (foto)
O‘zbekistonlik san’atkor va velosportchi Xursand Sherovdan intervyu olish uchun Amir Temur xiyoboniga borgan paytda Italiyadan kelgan bir guruh turistlar bilan ham uchrashib qoldik. Ularning aksariyati yoshi ulug‘ insonlar edi. Mehmonlar orasida, ayniqsa, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan keksa onaxon va otaxon beixtiyor diqqatimizni tortdi. Ular shunchalik baxtiyor edi-ki... Xuddi yosh bolalardek quvnab yurishar, haykal tagida bizga qadrdon bo‘lgan “Chinor ostidagi duel” filmi qahramonlaridek suratga tushishardi. Fursatdan foydalanib dunyodagi eng baxtli italyan chol-kampirning taassurotlarini bilishga oshiqdim. Jurnalist ekanligimni aytganimda, ular bajonidil suhbatlashishga rozi bo‘lishdi. Ular bilan miriqib muloqot qildik. Keyin fotografimizni chaqirib, esdalik uchun ikkisi bilan, so‘ng barcha italiyaliklar bilan birga suratga tushdik.

Keling, apenninlik “Layli” va “Majnun”ning yurtimizdagi sarguzashtlari haqidagi dil so‘zlarini sizlarga ham ilindik.

“Avvalo, o‘zimizni tanishtirib o‘tsak. Mening ismim Bernardo Rozochka. Bu esa birinchi muhabbatim, aziz turmush o‘rtog‘im Luiza Koloker. Biz 53 yildan beri birgamiz. Rimda yashaymiz. Uch farzandimiz va yana shuncha nevaramiz bor. O‘zim uzoq yillar davomida muhandislik qilganman. Luiza esa Rimdagi La-Sapiyensa universitetida matematikadan dars bergan. Professor”, — deydi Bernardo Rozochka.

— O‘zbekistonga kelish istagi qanday paydo bo‘ldi?

— Turmush o‘rtog‘im bilan pensiyaga chiqqanimizdan so‘ng yiqqan pulimizga dunyo bo‘ylab sayohatga chiqamiz deb kelishib olgandik. Shuning uchun internet va turfirmalar orqali ko‘plab takliflarni o‘rganib chiqdik. Menga Sharq javohiri deya ta’rif berilgan O‘zbekiston, uning tarixiy shaharlari aks etgan reklama roligi juda yoqib qoldi. Biz boradigan sehrli diyor, ertaklar mamlakati aynan shu yer degan qarorga keldim. To‘g‘risi, bu haqida Luizaga aytganimda, avvaliga unamadi. Sababi u plyajlari bilan mashhur joylarga borishni xohlagan ekan. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi. U “Yuventus” muxlisasi bo‘lsa, men “Fiorintina”ga ishqibozlik qilaman. Oilada mustaqil fikr bo‘lgani yaxshi. Shunga qaramasdan O‘zbekistonga borish istagi menda shu qadar kuchli edi-ki, “keksa senora”ni o‘z tarafimga og‘dirishning uddasidan chiqdim.

“O‘shanda xato qilgan ekanman, — deya gapga qo‘shildi Luiza Koloker. — Sababi yurtingizga keldimu, uning tabiatiga, odamlarning mehmondo‘stligiga maftun bo‘lib qoldim. Xiva, Samarqand, Buxorodagi qadimiy yodgorliklarni bir bor tomosha qilish, osori-atiqalar bilan tanishish dunyodagi eng zo‘r, ekzotikaga boy kurortlarga, plyajlarga ming marta borgandan ko‘ra ko‘proq taassurot qoldirdi. Madaniy-ma’naviy jihatdan bitmas-tuganmas rohat baxsh etdi. Ayniqsa, fan olamiga algebra, algoritm atamalari kirib kelishiga sababchi bo‘lgan buyuk olim Al-Xorazmiy, yana bir mutafakkir Mirzo Ulug‘bek tug‘ilib o‘sgan zamin haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldi. Uyga qaytganda shular haqida maqola yozib, universitet nashrida berishni niyat qildim. Garchi rimlik bo‘la turib Bernardo “binafsharanglilar”ga, men esa Turin futbol klubi o‘yinlarini sevib tomosha qilsak-da, har ikkimiz xuddi bir-birimizga mehr qo‘ygandek O‘zbekistonni birdek yaxshi ko‘rib qoldik”.

“Ochig‘ini aytaver, Luiza . Bugun Italiyaga uchib ketamiz, — suhbatga aralashadi Bernardo Rozochka. — Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan qisqa tur davomida mazza qilib xordiq chiqardik. Turmush o‘rtog‘im bilan uchinchi yoshligimizni boshdan kechirdik, desam aslo xato bo‘lmaydi. O‘zimizning tabiiy bolalik paytidan keyin ilk nevaramiz dunyoga kelganda yoshlikka qaytgandek bo‘lgandik. Mana O‘zbekiston yana bir bor bizga navqiron damlarimiz gashtini, kuch-g‘ayratini baxsh etdi. Bunday quvvatni nafaqat Xiva, Buxoro, Samarqandga xos ko‘hna tarix salobatidan, moviy gumbazlardan, betakror devoriy naqshlar, tasvirlardan, Toshkentning toza va ozoda ko‘chalaridan, o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik va olijanoblik fazilatlaridan, balki palov, somsa, manti kabi milliy taomlarni, sarxil meva-sabzavotlardan, ulardan tayyorlangan salatlarni tanovvul qilib, oldik”.

“Biroq mehmonxonalarda mevalarni juda kam berishar ekan, — deya qo‘shimcha qildi Luiza Koloker. — Keyin, viloyatlarga chiqqanda sof italyancha ta’mli ekspresso topishga juda qiynaldik. Yana bir tomoni, yo‘llarning ayrim joylaridagi notekisliklar bartaraf etilsa. Avtobusda ketayotgan har bir kishi buni xohlaydi, yo‘l bo‘yidagi infratuzilmalar, ayniqsa, san uzellar xuddi Toshkentdagi kabi toza-ozoda, zamonaviy qilinsa, ayni muddao bo‘lardi. Qolganlari esa yaxshi”.

“Ishonasizmi, yetti kun ichida unutilmas sarguzashtlarimizni o‘zida ifodalagan mingdan ortiq fotosuratlar, videotasvirlar oldik. Biroq ularda O‘zbekistonning betakror go‘zalligi, xalqiga xos bag‘rikenglikni baribir to‘la qamrab ololmadik, deb qo‘rqaman, — deydi Bernardo Rozochka. — Ularni Italiyaga borib farzandlarimiz, nevaralarimiz, yaqin qarindoshlarimiz, do‘st-birodarlarimizga ko‘rsatamiz, beqiyos sayohatimiz haqida so‘zlab beramiz. Tasmalarga muhrlangan, yurtingizda o‘tkazgan qisqa, ammo nihoyatda sermazmun hayotimiz shingillari jigarbandlarimizga bizdan meros bo‘lib qoladi.

Bu yerdan olgan energiya har birimiz uchun uzoq umr ko‘rishga bo‘lgan qat’iy intilishimiz, irodamizni har tomonlama mustahkamlab berdi. Agar o‘zimizda u kamayganini his etsak, yana O‘zbekistonga kelamiz. Luiza esa mana shunday jozibador mamlakatga kelishga ko‘ndirganim uchun ellik yildan ziyod muxlislik qilgan “Yuventus”ini “Fiorintina”ga almashtirib yubormasa bo‘lgani!?

“Yana olib kelsangiz, albatta, shunday qilaman”, — deydi Luiza Koloker.
S. Maxsumov yozib oldi.

Manba: “Xalq so‘zi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Italiyalik chol-kampir O‘zbekistonga birdek oshufta bo‘lishdi (foto)