date

Taremining keskin tanqidi Eron futbolini larzaga soldi

Taremining keskin tanqidi Eron futbolini larzaga soldi

Eron terma jamoasi yetakchi hujumchisi Mehdi Taremi Al Ain Cup musobaqasidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoadoshlari va mamlakatdagi futbol tizimi haqida juda qattiq fikrlar bildirib, katta bahslarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi kamchilik bo‘lib ham Eronni penaltilar seriyasida taslim etdi va aynan shu o‘yindan keyin vaziyat yanada chuqurlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, penaltilarni kim amalga oshirishi kerakligi bevosita Taremiga topshirilgan — bu huquqni unga bosh murabbiy Amir G‘alinoi bergan. Biroq seriya davomidagi omadsizlikdan so‘ng Taremi jamoadoshlarining munosabatini qattiq tanqid qildi.

Uning aytishicha, 10 nafar futbolchi penalti tepishdan bosh tortgan va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqqan:

«Biz ikki marta penalti mashq qildik. O‘shanda ham to‘pni faqat to‘rt marta darvozabonimiz qaytara olgandi. Bugun esa jamoadoshlarimning ko‘pchiligi mas’uliyatdan qochishdi. Agar O‘zbekistonga qarshi penaltini tepa olmasak, unda bunday futbolchidan Jahon chempionatida qanday foyda?» — deydi u.

Taremidan nima uchun o‘zi tepmagani haqida so‘rashganda esa u shunday javob berdi:

«Men o‘zimga tegishli penaltilarimni o‘sha vaqtgacha amalga oshirib bo‘lgandim. Bu faqat penalti masalasi emas. Eron futbolidagi struktura jiddiy buzilgan».

Shu bilan ham cheklanmagan Taremi mamlakatdagi siyosiy muhitning futbolga bosim o‘tkazayotganini ham ochiq tanqid qildi. Uning fikricha, so‘nggi yillarda futbolni rivojlantirish o‘rniga aksincha uni zaiflashtirish jarayoni ketmoqda.

«Oxirgi 2–3-yilda futbolni yo‘q qilish boshlandi. “Zobahan” — “Sepaxon” o‘yiniga qanday qilib bor-yo‘g‘i 2000 kishi kelish mumkin? Ozodi stadioni to‘rt yildan beri ta’mirda. "Istiqlol" va "Persepolis" esa 8000 o‘rinli maydonda o‘ynashga majbur», — deydi u.

Futbolchining fikricha, bunday holatlar ortida bir necha ming tomoshabinning bir joyga yig‘ilishidan qochish siyosati bor:

«Agar maqsad 50–60 ming kishini yig‘iltirmaslik bo‘lsa, nima uchun futbolni qurbon qilyapsizlar? Bizga yaxshi maydonlar bering, shundan keyin natija talab qiling. Futbolni o‘ldirish kerak emas — dunyoda u doimo eng global o‘yin bo‘lib qolaveradi».

Taremining bu bayonoti nafaqat Eron futbolida, balki ommaviy axborot vositalarida ham katta muhokamaga aylandi. Terma jamoa ichidagi mas’uliyat, tuzumdagi kamchiliklar va muxlislar uchun yaratilgan sharoitlar masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Mazkur tanqiddan keyin Eron futbolida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi esa hozircha noma’lum.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Taremining keskin tanqidi Eron futbolini larzaga soldi