22:57 / 27.09.2018
4 197

Yuliy Yusupov islohotlar va davr chaqiriqlari haqida (video)

Yuliy Yusupov islohotlar va davr chaqiriqlari haqida (video)
Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov UzAna... onlayn nashriga intervyu berdi. Eʼtiboringizga ushbu intervyuni havola qilamiz.

Nimalar qilindi?

Hokimiyat tepasiga yangi prezident kelishi bilan ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Eng avvalo, jamiyatda ochiqlik kuchaydi. Hukumat jamiyat bilan muloqot qilishni, uni tinglashni oʻrgandi. Avvallari bunday emas edi. Hukumat oʻz bilganicha yashar, jamiyatda yuz berayotgan voqealar haqida umuman bilmas, jamiyat ham hukumatga hech qanday taʼsir oʻtkaza olmas edi.

Hozir ahvol butunlay oʻzgardi. Bu hali jamiyat va hokimiyat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning barcha mexanizmlari toʻliq yoʻlga qoʻyilgan demokratik davlat degani emas, albatta. Bunga erishish uchun hali uzoq vaqt kerak boʻladi. Lekin jamiyat endi oʻz fikri, nuqtai nazarini bayon qilish imkoniga ega boʻldi, hukumat esa ijtimoiy fikrga quloq tuta boshladi.

Bu – dastlabki katta oʻzgarish. Ikkinchi muhim oʻzgarish – tashqi dunyoga, ayniqsa, qoʻshni davlatlarga nisbatan ochiqlikning paydo boʻlgani. Chunki avval ular bilan munosabatimiz u qadar yaxshi emas edi. Bu hatto chegara hududlarini minalashtirish, yopish, viza rejimini joriy etish kabi jarayonlarda namoyon boʻldi. Hozir viza rejimi toʻliq bartaraf etilmagan boʻlsa-da, oʻta soddalashtirildi.

Bugun prezident hukumati qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatish uchun maksimal darajada ochiq. Ayniqsa, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegaralarning ochilishi quvonarli hol boʻldi. Zero, mazkur aholi punktlari va chegara oldi tumanlarda istiqomat qiladigan aholi oʻrtasida hamisha yaqin madaniy-iqtisodiy aloqalar boʻlgan.

Mamlakat iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar eng katta yangiliklardan biri boʻldi. Eng muhimi, valyuta bozori liberallashdi. Chunki uzoq vaqtdan beri valyutaning erkin konvertatsiyasi boʻlmagandi. Hozir korxonalar import operatsiyalarini amalga oshirish uchun bemalol valyuta xarid qilish imkoniga egadirlar. Buni muhim deyishimning sababi shuki, iqtisodiyotning eski modeli butunlay konvertatsiyaning yoʻqligiga bogʻlangan edi. Bu eski modelning oʻzagi edi. Mana shu asos olib tashlangach, eski andaza oʻz-oʻzidan qulay boshladi, yangi islohotlarga yoʻl ochildi.

Iqtisodiyot sohasidagi birinchi oʻzgarish valyutaning liberallashuvi boʻlsa, ikkinchi eng muhim yangilik pul muomalasidagi islohotlardir. Bu muammo maʼlum darajada konvertatsiyaning yoʻqligiga bogʻliq edi. Masalan, bir yil oldin mamlakatda bir necha milliy valyuta turlari mavjud edi.

Agar doʻkondan maʼlum bir mahsulot, masalan, kompyuter xarid qilmoqchi boʻlsangiz, sizga bir vaqtning oʻzida uning dollardagi, naqd puldagi, plastik kartochkadagi, pul oʻtkazish usulidagi bir nechta narxini aytishardi. Yaʼni, bitta mahsulotning turli qiymatlari boʻlgan. Va bu narxlar oʻrtasidagi farq ham juda katta edi, yaʼni bir nechta milliy valyuta turlari mavjud edi.

Zamonaviy iqtisodiyot nuqtai nazaridan qaraganda, bu bemaʼnilikdan oʻzga narsa emas. Hozir narx-navoning naqd pul va naqd pulsiz shaklidagi farqi imkon qadar qisqartirilgan. Buning ustida hali ishlash kerak, lekin ushbu masala ham konvertatsiya muammosi singari sezilarli darajada hal etildi. Konvertatsiya muammosi esa 99 foizga hal etildi, deb aytish mumkin.

Iqtisodiyotdagi navbatdagi oʻzgarish bank islohotlaridir. Avvallari tijorat banklarimiz oʻz faoliyatida Markaziy bankning faqat maʼmuriy ishi bilan cheklanib qolgan edi. Bunday boshqaruv uslubining bozor iqtisodiyoti asosidagi mamlakatlarning markaziy banklari faoliyatiga hech qanday aloqasi yoʻq. Ular ham tijorat banklarini nazorat qiladi, biroq bu nazorat butunlay boshqacha tarzda amalga oshiriladi. Bu yerda Markaziy bank protsent stavkalari, hatto bank xodimlari maoshini ham boshqarardi. Tijorat banklari faqat shunday nomlanar, aslida esa ular tijoriy emasdi.

Hozir Markaziy bank tizimdagi millionlab yoʻriqnomalarni qayta koʻrib chiqib, asta-sekin bank tizimini tijoratlashtiryapti, tijorat banklariga koʻproq erkinlik beryapti. Bu sohada ham hali bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar koʻp, lekin shunday boʻlsa-da, tijorat banklari oʻz faoliyatini mijozlarga qarata boshladi va aytish mumkinki, bu ishda ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda.

Shuningdek, mijozlar ilgari tijorat banklari soliqlaridan ham koʻp aziyat chekardi. Biroq bu boshqacha aytiladi, aslida soliqlar amalga oshiriladigan har qanday harakat uchun toʻlanadigan toʻlovdir. Masalan, siz bankdan shaxsiy pulingiz, dividendlaringizni naqd pul koʻrinishida olmoqchi boʻlsangiz, bankka rasmiy soliq toʻlashingiz kerak boʻlardi. Men hali norasmiy toʻlov haqida gapirganim yoʻq. Oldin bankka bu dividendlardan ham koʻproq soliq toʻlanardi. Hozir esa bularning bari ortda qoldi.

Keyingi oʻzgarish – tashqi iqtisodiy faoliyatning liberallashuvi boʻldi. Eksport va import oldidagi turli maʼmuriy toʻsiqlar bartaraf etilmoqda. 2019 yil 1 yanvardan boshlab deyarli barcha mahsulotlarga qoʻyiladigan bojxona toʻlovlarini kamaytirish koʻzda tutilgan. Bunday katta qisqartirish natijasida milliy iqtisodiyotimiz erkin savdo uchun yanada ochiq boʻladi.

Iqtisodiyotdagi toʻrtinchi oʻzgarish soliq islohotlariga tegishli. Menimcha, soliq islohotlari dolzarbligi nuqtai nazaridan valyuta bozori liberallashuvidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Chunki bizning soliq tizimimiz samarasiz boʻlib, u iqtisodiyotning rivojlanishiga imkon bermaydi.

Joriy yilning iyun oyida soliq islohoti konsepsiyasi qabul qilindi, 1 yanvardan boshlab esa bu borada sezilarli oʻzgarishlar yuz bermoqda: iqtisodiyotda umumiy soliq yuki qisqartirilmoqda, soliq tizimidagi koʻplab toʻsiqlar bartaraf etilib, soliq maʼmurchiligi soddalashtirilyapti. Soliq imtiyozlarini bartaraf etish va tugatish komissiyasi ish olib borayotgani sababli ham barcha yangiliklar hali toʻliq maʼlum emas.

Soliq imtiyozlarining asosiy qismi oʻtmishda qoladi va dekabr oyiga qadar yangi tahrirdagi soliq kodeksi yaratiladi. Agarda biz undagi soliq islohotining yangi tamoyillarini amalga tatbiq etadigan boʻlsak, bu Oʻzbekiston iqtisodiyotini oʻzgartirishda muhim qadamlardan boʻlishi shubhasiz.

Maʼmuriy islohotlar amalga oshirilishi ham koʻzda tutilgan. Bu ham muhim islohotlardan biridir. Chunki davlatimizni, ijro hokimiyati va uning ish uslublari, vazifalarini oʻzgartirmasdan, samarali natijaga erisholmaymiz. Menimcha, oʻtgan yili qabul qilingan maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini koʻrib chiqadigan boʻlsak, unda hamma narsa toʻgʻri yozilgan, maqsadlar aniq.

Ayni paytda, unda islohotlarni amalga oshirish mexanizmi koʻrsatilmagan. Maqsad bor, lekin uni roʻyobga chiqarish uslubi bayon etilmagan. Hali bularni aniqlash va maʼmuriy islohotlar bilan shugʻullanish lozim. Oʻylashimcha, bu 2018-2019 yillardagi ustuvor vazifalardan biridir.

Yana bir muhim soha – agrar sohadagi islohotlarning amalga oshirilishini juda istardim.

Bu borada hali islohotlarni aniq belgilash va ularni amalga oshirishni boshlash kerak boʻladi.

Agar yana nimalar qilish kerak, degan savol tugʻilsa, hali byudjet islohotlari, davlat mulki va davlat korxonalarini boshqarish islohotlari, ijtimoiy sohalar (taʼlim, sogʻliqni saqlash), pensiya, tabiiy monopoliyalar islohotlari va boshqa islohotlarni amalga oshirish kerak. Biz iqtisodiyotning bir modelidan tamoman boshqa modeliga oʻtayapmiz, ular bir-biridan farq qiladi. Bu islohotlarni amalga oshirishni boshlaganimizga ham ikki yil vaqt oʻtdi, hali oldinda bizni katta oʻzgarishlar kutmoqda.

Mintaqaviy savdo haqida

Mintaqa doirasida oʻziga xos kooperatsiya aloqalarini yaratish mumkin.

Hatto iqtisodiyotimiz yopiq yillarda ham Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy savdo rivojlangan edi. Chunki bu obyektiv jarayondir. Bizning geografik joylashuvimiz qulay, transport xarajatlarimiz kam, bizda mehnat taqsimoti, ixtisoslashuvi va kooperatsiya asosida hamkorlik qilish, butun mintaqaga xizmat koʻrsatadigan yirik korxonalar ochish imkoniyatlari koʻp.

Bu katta miqyosdagi iqtisodiyot deganidir. Yaʼni beshta mamlakatda kichik miqyosga va kichik bozorga ega beshta korxonaning boʻlishi bir gap, butun mintaqada bir yoki ikki korxonaning ishlashi boshqa gap. U miqyosi jihatdan ham mintaqani taʼminlay oladi, sarf-xarajatlar ham kamayadi, bu esa arzon narxlar va yuqori sifat deganidir.

Biz mintaqa ichida mehnat taqsimotiga sharoit yaratishda qatnashish orqali samaradorlikka erishishimiz mumkin. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, kooperatsiya imkoniyatlarining mavjudligi. Mintaqa doirasida oʻziga xos kooperatsiya aloqalarini yaratish mumkin. Masalan, bir-ikki korxona atrofida koʻplab kichik korxonalar birlashib, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulot yaratiladigan klaster kooperatsiyasi. Aslida, zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarning aksariyati klasterlardir.

Bitta korxona xomashyodan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonni qamrab ololmaydi. Hatto u yirik korxona boʻlsa-da, boshqa operatsiyalarning maʼlum bir qismini bajarishni oʻz zimmasiga oladi. U mayda korxonalar bilan ishlash uchun buyurtma beradi, yaʼni yirik va kichik biznes oʻrtasida kooperatsiya aloqasi vujudga keladi. Ana shunda, bir-birimizga yaqinligimiz tufayli, chegaralar ochiq hamda mahsulotlar, kapital va insonlarning erkin harakatlanishida hech qanday toʻsiqlar boʻlmasa, bu kabi birlashuvlar katta samara beradi.

Shuningdek, franchayzing singari boshqa bir kooperatsiya shakli ham bor. Bunda hali yosh va tajribasiz tadbirkor biznesning tayyor andazasidan foydalanadi. Bugungi kunda franchayzing boʻyicha juda koʻplab savdo tarmoqlari, ommaviy ovqatlanish korxonalari ish yuritmoqda. Franchayzingning eng mashhur koʻrinishi “Makdonalds” boʻlib, bunda siz litsenziya olib, “Makdonalds” tamaddixonasini ochasiz va oʻz navbatida, “Makdonalds” sizga nima qilish, qanday sotish, bozorda oʻzingizni qanday tutishni oʻrgatadi.

Bundan tashqari, yana shuni eʼtiborga olish kerakki, agar biz chegaralarimizni ochsak, xorijiy sarmoyadorlarga yanada jozibadorroq koʻrinamiz. Xorijiy investorlar katta bozorlarga chiqishdan manfaatdor. Bir-biridan ajralgan beshta davlatning har biriga alohida kirish, korxona yoki kamida savdo agenti, vakolatxona ochish – bir masala. Buning yagona iqtisodiy makonda boʻlishi esa – boshqa masala. Bunda, masalan, butun mintaqa uchun ishlaydigan yirik qoʻshma korxona tuzish mumkin. Agar chegaralarimiz ochiq boʻlsa, bu jozibadorlik ham oʻz-oʻzidan ortadi.

Biz, shuningdek, tashqi bozorlarga chiqish uchun ham birlashishimiz mumkin. “Fargʻona vodiysi meva-sabzavotlar” kabi biron bir brend yaratish boʻyicha mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Hozircha bunday brend yaratilmagan boʻlsa-da, quruq meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish boʻyicha tadbirkorlar kooperatsiyasi mavjud.

Masalan, Tojikistondagi Isfara shahriga quruq meva ishlab chiqarish uchun xomashyo Fargʻona vodiysi, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va tabiiyki, Tojikistondan keltiriladi. Bu oʻziga xos tajriba amaliyotda kuzatiladi. Bu kooperatsiya aloqasidan barcha mamlakatlar foyda oladi.

JSTga aʼzo boʻlish xususida

Dunyo xaritasiga qaraydigan boʻlsak, baʼzi ekzotik mamlakatlardan tashqari deyarli barcha davlatlarning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilgani maʼlum boʻladi. Nima uchun ular bu tashkilotga kirishadi? Chunki JST – mamlakatlarning bir-biri bilan savdo qilishi mumkin boʻlgan tartib-qoidalar tizimidir. Agar siz tashkilot aʼzosi boʻlmasangiz, siz bilan savdo yuritish xavfli, chunki siz qoidalarga boʻysunmaysiz, bu holda, siz bilan qanday hamkorlik qilish mumkin? Bu, shuningdek, investitsiyalarga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. JST mamlakatlar oʻrtasidagi savdo qoidalarini birxillashtirishga, yagona savdo makonini yaratishga, savdodagi ortiqcha toʻsiqlarni bartaraf etishga yoʻl ochadi.

JST murakkab masalalarni tartibga solish mexanizmini yaratishga imkon beradi, bu esa tashkilotning barcha aʼzolari uchun foydalidir. Masalan, Tramp maʼlum bir mahsulotga nisbatan soliqlarni koʻtardi, YEI bu borada tegishli instansiyalarga shikoyat qiladi. Agar haqiqatan ham Amerika qoidani buzgan boʻlsa, u jazolanadi, yaʼni hech qaysi davlatning oʻzi imzolagan qoidani buzishiga haqqi yoʻq. Biz faqat xalqaro savdoning bir necha oʻn yillar oldin yaratilgan madaniy qoidalari tizimiga qoʻshilyapmiz, xolos. Tashkilotga aʼzolikning afzalligi shundan iborat.

Davr chaqiriqlari haqida

Mana shu kadrlar yetishmovchiligi, yagona jamoaning mavjud emasligi sababli ham yaxlit islohotlar tizimi yoʻq.

Oqsoqliklar koʻp. Chunki bizda islohotlar, ularni amalga oshirish tajribasi, qolaversa, ushbu islohotlarni amaliyotga tatbiq etadigan malakali kadrlar, yaxlit jamoa yoʻq. Masalan, kadrlar tanqisligini olaylik. Bu eng jiddiy muammolardan sanaladi. Yaʼni bir vaqtda koʻplab sohalarda islohotlar olib borish mumkin, biroq kerakli kadrlar yoʻq.

Bir guruh odamlarni yigʻish mumkin, lekin ular bir vaqtda oʻnta islohot oʻtkaza olmaydi. Bu guruh bitta tarmoqni tanlaydi, dastlab islohotlarni rejalashtiradi va uni amalga oshiradi, soʻngra boshqa tarmoqqa oʻtadi. Biroq bizga 10-20 talab ana shunday jamoa kerak boʻladi, bizda esa bunday insonlarning oʻzi yoʻq. Chunki koʻp yil davomida tashabbuskor insonlar davlat tuzilmasidan chiqib ketdi va bu yerda faqat itoatkor ijrochilargina qoldi.

Davlat xizmatida ishlash malakali kadrlar uchun nufuzli hisoblanmay qoldi. Axir kim yuksak siyosiy mavqega erishishni yoki pora olishni xohlardi? Bu yerdagi oylik maoshlar past, oʻz salohiyatini namoyish etish uchun koʻp vaqt talab etilardi. Shu bois ham, koʻpchilik istiqbolli yoshlar xorijga chiqib ketib, xususiy biznes bilan shugʻullana boshladi. Xususiy biznes yomon emas, albatta. Yomoni – ularning mamlakatni tark etib, oʻz yoʻllarini topishgani, oʻz gʻoyalarini amalga oshirishganidir. Aytgancha, ularning koʻpchiligi hozir qaytib kelmoqda.

Mana shu kadrlar yetishmovchiligi, yagona jamoaning mavjud emasligi sababli ham yaxlit islohotlar tizimi yoʻq. Islohotlarni amalga oshiradigan inson, yagona qarashning oʻzi yoʻq. Shu bois ham islohotlar baʼzan tizimsiz, maʼlum darajada tasodifiy xususiyatga ega. Aslida, bu yerda mantiq bor, chunki u xolisdir. Yaʼni biz valyuta bozorini liberallashtirdik, chegaralarimizni ochayapmiz, biroq shu yerda mahalliy mahsulotlarimizning raqobatbardosh emasligi maʼlum boʻldi. Chegaralarda uzun navbatlar paydo boʻlib, Qozogʻistondan mahsulot olib kelishmoqda. Hatto mahalliy mahsulotlarimiz ham oʻzimizdan koʻra Qozogʻistonda arzon sotilayapti. Odamlar yurtimizda bu mahsulotlarni qimmat narxda sotib olishdan qoʻrqib, uni Qozogʻistondan xarid qilib kelishmoqda. Bu bizning soliq tizimimiz, bojxona toʻlovlari tizimimizning yaroqsizligini, mahsulotlarimizni qimmatlashtirayotganini bildiradi.

Valyuta bozorini liberallashtirib, davlat chegaralarini ochganimizdan soʻng, oʻz-oʻzidan soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish ham muqarrar boʻladi, yaʼni hukumat xohlaydimi-yoʻqmi, baribir bu bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladi. Avvalboshdan qanday islohotlar kerakligini bilib, birvarakayiga oʻnta jamoani oʻnta islohotga jalb qilish kerakligini bilib, bular bir zanjirga tizilganda, yaxshi boʻlardi, albatta. Biroq shunday jamoaning oʻzi ham, zanjir tushunchasi ham yoʻq.

Masalan, Xitoyni oladigan boʻlsak, 1979 yilda islohotlarni boshlagan Den Syaopin hech qanday iqtisodchi boʻlmagan. U butun umrini partizanlik urushlarida oʻtkazgan kommunist edi. U shunchaki sogʻlom fikrdan kelib chiqib qaror qabul qilgan. U va uning jamoasi bozor iqtisodiyotini qurmoqchi boʻlgan kapitalist emas edi. Ular oqilona qarorlar qabul qilishgan, xolos. Ular faqat sogʻlom aqlga asoslangan holda, bozor iqtisodiyotini barpo etishdi. Yaʼni shunday harakat qilsa ham boʻladi. Hammasini oldindan toʻgʻri rejalashtirib, qurib, tez amalga oshirilsa, yaxshi boʻlardi, albatta. Biroq amaliyotda hamisha ham bunday boʻlayvermaydi. Amaliyotda balki Den Syaopinning yoʻlidan borish kerak boʻlar…

Soliq tizimi islohotlari haqida

Yaʼni kichik korxonalar mana shunday soliq tizimi tufayli samarali ishlab chiqarishlar tashkil qila olmaydi, yirik korxonaga aylana olmaydi

Menimcha, soliq islohotlari dolzarbligi boʻyicha valyuta bozorini liberallashtirishdan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi. Ular soliq siyosatidagi eng muhim mummolar bilan bogʻliqdir. Birinchi muammo, bizda asosan soliq solishning ikki turi mavjud: umum oʻrnatilgan va soddalashtirilgan. Soliq solishning birinchi turi umumiy deb atalsa-da, unda korxonalar sonining hammasi boʻlib 3-4 foizi ishlaydi, qolganlari oddiy soliq solishga kiradi. Nima uchun? Chunki mana shu rejimlar oʻrtasida soliq yuki boʻyicha katta uzilish bor. Yaʼni siz soddadan umumiy rejimga oʻtadigan boʻlsangiz, siz yollashingiz mumkin boʻlgan mezonga koʻra, 100 nafar ishchi boʻlsa, ularning soni 101 nafarga yetishi bilan kichik korxonangiz yirik korxonaga aylanadi. Demak, bundan buyon siz umumiy oʻrnatilgan soliq toʻlashingiz lozim boʻladi. Faqat bitta qoʻshimcha ishchi yollashingiz bilan soliq yukingiz 3-5 baravar oshadi.

Bu hammaning mayda boʻlaklarga boʻlinishga, daromadni, daromadni boʻlmasa, ishchilar sonini berkitgan holda, umumiy rejimdan qochishga majbur qiladi. Kichik korxonalar jismonan rivojlana olmaydi. 100-200 nafar kishini yashirish mumkin. Lekin sizdagi ishlab chiqarish 1000 kishining ishlashini talab etsa, siz buni berkitolmaysiz-ku, axir. Siz katta sex, zavodni yashirib, soliqchilarga “yoʻq, u kichkina” deya olmaysiz-ku. Yaʼni kichik korxonalar mana shunday soliq tizimi tufayli samarali ishlab chiqarishlar tashkil qila olmaydi, yirik korxonaga aylana olmaydi. Bu taraqqiyotimizni toʻxtatib turgan omillardan biridir.

Bu muammoni hal etish uchun nima qilmoq kerak? Bu borada chora-tadbirlar qabul qilindi va qabul qilinmoqda. Soliq konsepsiyasida yirik biznesda soliq yukini keskin qisqartirish koʻzda tutilgan. Yaʼni 1 yanvardan boshlab yirik korxonalar kamroq soliq toʻlaydi. Bunga qoʻshimcha ravishda, ularda soliq maʼmurchiligi ham soddalashtiriladi. Shunga koʻra, kichik korxonalar ham umumiy soliq solish rejimiga oʻtishi mumkin. Shu tarzda biz birinchi muammoni hal etamiz.

Ikkinchi muammo shundan iboratki, bizda tushum soligʻi katta. Tushum soligʻi nima? Bu daromad soligʻi, foyda soligʻi, hatto qoʻshimcha qiymat soligʻi ham emas, bu butun pul aylanmasi soligʻidir. Sizning hisobingizga million kelib tushdi. Foyda ham, oylik maosh ham, elektr energiya narxi ham shunga kiradi – mana shuning hammasi million. Siz mana shu milliondan soliq toʻlaysiz, bunda siz umumiy va oddiy rejimda soliq toʻlaysiz. Ana shu pul aylanmasi soligʻi hisoblanadi.

Tushum soligʻidan siz qoʻshimcha qiymat yaratish zanjirini qurolmaysiz. Masalan, birinchi korxonaga 5 foiz boʻlsa-da, million tushum soligʻi solindi. Ikkinchi korxona buni xomashyo sifatida xarid qildi va bu million ikkinchi korxona tomonidan tuzilgan ikki millionga kiradi. Mana shu ikki millionga yana soliq yuklanadi, yaʼni bir marta million soliqqa tortildi, ikkinchi va uchinchi marta.

Bitta narx soliqqa tortiladi, natijada zanjir qancha uzun boʻlsa, soliq solish ham shuncha katta boʻladi. Zamonaviy, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun esa koʻplab mana shunday zanjirlar kerak boʻladi. Bizda shunday zanjir yaratiladigan boʻlsa, yakuniy mahsulot qiymati boʻyicha oltinga teng boʻladi, chunki ikki, uch baravar soliq qoʻshib boriladi. Shu bois ham, butun dunyo tushum soliqlaridan deyarli voz kechdi, ular faqat katta istisnolar koʻrinishidagina mavjud. Bizda esa butun iqtisodiyot maʼlum darajada tushum soligʻiga bogʻlangan.

Soliq islohoti konsepsiyasida yirik korxonalar uchun mana shu tushum soligʻi umuman olib tashlanishi koʻzda tutilgan.

Yagona soliq toʻlovi – tushum toʻlovi boʻlib, kichik korxonalar uchun aylanma yiliga 1 milliard soʻm mezoni kiritilgani hisobga olinsa, bu taxminan yiliga 120 ming AQSH dollari boʻladi. Kimda bundan koʻp boʻlsa, u oʻtgan yil yakuniga koʻra umumiy rejimga oʻtishi lozim boʻladi. Bu taxminan 20 foiz kichik korxonalardir. Biroq mana shu 20 foiz korxonaga 80 foiz kichik korxonalar tushumi toʻgʻri keladi. Yaʼni ular kichik korxona emas, umumiy rejimdan qochgan oʻrta va yirik korxonalardir. Ana oʻshanda bu kichik korxonalar umumiy rejimga oʻtadi va tushum soligʻini toʻlaydi, yaʼni iqtisodiyotning maʼlum qismi mazkur tushum soligʻi taʼsiridan qutuladi.

Qarang, bizda ishlab chiqarish hozir qanday rivojlanyapti. Asosiy ishlab chiqarish sanoatining ikki toifasini nazarda tutyapman. Birinchisi – xomashyoni qayta ishlash (paxtadan ip tayyorlash), ikkinchisi – butlovchi qismlarni toʻplashdir.

Bizda yirik korxonalar koʻp soliq toʻlaydi, yaʼni har ikki tomondan ham soliq siyosati bizning raqobatbardoshligimizni oʻldiryapti. Tushum soligʻini qisman bekor qilishimiz, korxonani qisman oddiy rejimdan umumiy rejimga olib chiqishimiz tufayli ikkinchi muammoni ham maʼlum darajada hal qilgan boʻlamiz.

Uchinchi muammo, mehnat uchun yuqori soliqlarning mavjudligi, yaʼni korxona oʻz ishchi xodimiga bir million soʻm toʻlash uchun (bu taxminan 120 AQSH dollari), yana 600 000 soʻm, yaʼni 60% balki bundan ham koʻprogʻini davlatga berishi lozim. Bu juda katta mehnat soligʻidir. Bunday soliqlar faqat Yevropada toʻlanadi. Biroq Yevropa aholisi boy va ular bunday soliqlarni toʻlash imkoniga egalar. Mana shu iqtisodiyotning maʼlum darajada qorongʻulikda ekanini koʻrsatadi.

Mehnat soliqlari kamaytirilmoqda, mehnat soliqlari umumiy rejimda oʻrtacha bir, ikki baravar, soddalashtirilgan rejimda bir yarim baravar kamaytirilmoqda, bu juda katta qisqarishdir.

Bunga qoʻshimcha ravishda, soliqlar soni ham qisqarmoqda, soliq solish qoidalari, yaʼni soliq maʼmurchiligi soddalashtirilyapti. Shu bois soliq islohoti tufayli iqtisodiyotning maʼlum bir qismi xufyona faoliyatini toʻxtatadi, degan umiddaman. Shuningdek, bu rivojlanish uchun ham turtki boʻladi. Ilgari daromadning koʻp qismini soliqqa toʻlash kerak boʻlgani uchun biznes yaxshi rivojlanmagan boʻlsa, endi korxonalar koʻplab soliqlardan ozod etiladi. Bu esa biznesga iqtisodiyotga yanada koʻproq investitsiya kiritish uchun koʻproq mablagʻ ajratishga qoʻshimcha ragʻbat va imkon yaratadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yuliy Yusupov islohotlar va davr chaqiriqlari haqida (video)