07:02 / 02.10.2018
8 774

Oʻlim jazosidan ragʻbatlantirishgacha: korrupsiyaga qarshi kim qanday kurashadi?

Oʻlim jazosidan ragʻbatlantirishgacha: korrupsiyaga qarshi kim qanday kurashadi?
Korrupsiya muammosi va unga qarshi kurash toʻgʻrisida hammamiz eshitganmiz va eshitib kelmoqdamiz. Korrupsiya shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.

Bu illatning keng quloch yoyishi oʻta salbiy oqibatlarga olib keladi. Korrupsiya xususan, demokratik jarayonlarning amalga oshishiga toʻsqinlik qiladi, iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishi, kadrlar sifatining pasayishi va oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, uyushgan jinoyatchilikning ildiz otishiga, hukumatga boʻlgan ishonch yoʻqolishi va ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab boʻladi.

Poraxoʻrlikka qarshi har bir davlat oʻz holicha kurashib keladi va qaysidir davlatda korrupsiyaga deyarli barham berilgan boʻlsa, yana qayerdadir bu illat “gullab-yashnash”da davom etadi. Keling, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi jahon tajribasiga nazar tashlaylik.

Singapur tajribasi

Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashish namunasi sifatida Singapurdagi islohotlarni koʻrsatish mumkin. Bu davlat qisqa vaqt ichida Osiyoning qoloq mamlakatidan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga aylandi. Buning zamirida esa korrupsiyaga qarshi kurash yotadi.

Hukumat bu borada maxsus dastur ishlab chiqqan boʻlib, unga koʻra barcha darajadagi amaldorlarning faoliyati toʻliq shaffof boʻlishi taʼminlandi. Korrupsion aloqalar ildiz otmasligi uchun majburiy rotatsiya tartibi joriy etildi. Barcha darajadagi amaldorlarning fuqarolar bilan munosabatlarida tizimli nazorat oʻrnatildi va turli byurokratik toʻsiqlar olib tashlanishi uchun bu munosabatlar mexanizmi takomillashtirildi.

Bundan tashqari, barcha mansabdorlarning maoshlari sezilarli darajada oshirildi, sud tizimi mustaqilligi taʼminlandi, pora olganlik va berganlik uchun jazo keskinlashtirildi. Shu bilan bir vaqtda korrupsiyaning har qanday koʻrinishi haqida jamoatchilikni xabardor qilib turuvchi mustaqil OAV shakllantirildi.

Singapur yetakchisi Li Kuan Yuning korrupsiya ustidan gʻalaba qozonishni istagan inson oʻz qarindoshlari va yaqin doʻstlarini ham qamashga tayyor boʻlishi kerakligi haqidagi mashhur iborasi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ayovsiz boʻlganidan dalolat beradi.

Xitoy tajribasi

Agar Singapurda korrupsiyachi amaldor maʼlum bir muddatga qamoq jazosini olgan boʻlsa, Xitoyda buning uchun bir umrlik qamoq yoki oʻlim jazosi joriy etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, 2003 yildan beri bu davlatda 10 mingga yaqin mansabdor otuvga hukm qilingan, 120 ming nafari esa uzoq muddatlarga qamalgan. Ayrim holatlarda pora bilan ushlangan amaldorlarning qoʻllari chopilgan.

Bundan tashqari, xitoyliklar pora olish illatiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus kurslarga qatnashadi. Davlat xizmatchilari ruhiy va jismoniy mashqlar orqali aql va tanalarini sogʻlomlashtirishadi. Shuningdek, Xitoyda onlayn-oʻyin ishlab chiqilgan boʻlib, bu oʻyinda foydalanuvchilar poraxoʻr amaldorlarni butun qarindoshlari bilan qirib tashlashlari kerak boʻladi.

Hongkong tajribasi

Xitoyning shundoqqina yonida joylashgan Hongkong ham korrupsiyaga qarshi kurashda erishgan muvaffaqiyatlari bilan maqtansa arziydi – ilgari mamlakatning deyarli barcha davlat idoralari korrupsiya botqogʻiga botgandi. Bu botqoqdan chiqish uchun quyidagi choralar amalga oshirildi: davlat amaldorlari barcha mulklari, avtomobillari va boshqa qimmatbaho buyumlarini halol yoʻl bilan topgan mablagʻlariga sotib olganini isbotlab berishi lozim. Agarda buni isbotlay olmasa, uni qamoq kutadi va barcha mol-mulki musodara qilinadi.

Ikkinchidan, 1974 yilda bu yerda “Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiya” tashkil etilgan boʻlib, komissiya ofitserlar hamda ziyolilar va biznesmenlardan tashkil topgan. Ular oʻta katta miqdorda maosh olishadi va faqatgina gubernatorga boʻysunishadi.

Va nihoyat, Hongkong aholisi va OAV vakillariga poraxoʻrlikka qarshi kurashish uchun keng imkoniyat berilgan – fuqarolar pora soʻragan amaldor ustidan komissiyaga shikoyat qilishi, jurnalistlar esa har qanday amaldor faoliyati yuzasidan tekshiruv oʻtkazishlari mumkin. Natija esa hayratlanarli – 30 yil ichida poraxoʻrlik darajasi 90 foizdan 3 foizga tushgan.

Daniya tajribasi

Daniyada qonunga soʻzsiz itoat qilish, jamiyatning barcha aʼzolari tomonidan axloq tamoyillariga rioya qilish jamiyatni samarali boshqarishning asosiy uslubi hisoblanadi. Ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida hamma birdek javobgar boʻlib, maʼmuriy yoki jinoiy harakati uchun masʼuliyatdan hech kim qochib qutula olmaydi. Mashinasida tezlikni oshirgani uchun Daniya qirolichasining oʻgʻli, shahzoda Yoaxim jarima toʻlagan va matbuotning keskin tanqidiga uchragan. Turmush oʻrtogʻi oʻz fermasida xorijlik ishchilarni roʻyxatdan oʻtkazmasdan ishlatgani uchun vazirlardan biri isteʼfoga chiqishga majbur boʻlgan.

Niderlandiya tajribasi

Niderlandiyada ham bu illatga qarshi kurashish uchun qator choralar ishlab chiqilgan. Pora bilan qoʻlga tushgan amaldorga keyinchalik davlat tashkilotlarida ishlash taqiqlanadi, u barcha ijtimoiy imtiyoz va kafolatlardan mahrum etiladi.

Ehtimoliy poraxoʻr amal kursisini egallamasligi uchun kadrlar tanlashning maxsus tizimi tashkil etilgan. Bundan tashqari, yirik muassasalarda mansabdorlar oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishlarining oldini olish uchun ularni kuzatib turadigan alohida ichki xavfsizlik tizimi mavjud.

Mamlakatda OAVga poraxoʻrlik holati bilan bogʻliq voqealarni keng yoritishga va surishtiruvlar oʻtkazishga ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, poraxoʻrlik illati hech qachon soya solmagan mansabdorlar va oʻz hamkasblarining xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilayotgani haqida xabar berganlar moddiy ragʻbatlantiriladi.

AQSH tajribasi

Qoʻshma Shtatlarda ham korrupsiyaga qarshi kurashga alohida eʼtibor qaratilgan: poraxoʻrlik olingan poraning uch baravari miqdoridagi jarima, ayrim hollarda esa 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Qonunchilikka koʻra, banklar rahbarlarining ularning faoliyatini tekshiruvchi nazoratchilarga pul “sovgʻa” qilishlari taqiqlangan boʻlib, buning uchun ularni jinoiy javobgarlik kutadi. Xuddi shunday javobgarlik tekshiruvchilar uchun ham taalluqli.

Mansabdor biror shaxsdan muammosini ijobiy hal qilib berish uchun sovgʻa olsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Davlat idoralari xodimlari mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlari sezilganida tegishli organlarga xabar berishlari shart. Bundan tashqari, davlat xizmatchilari topgan daromadlari haqida deklaratsiya toʻldirishga majbur.

Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash

Oʻzbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasiga, 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qoʻshilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhi toʻgʻrisidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan.

Oʻzbekistonda 2017 yilning 4 yanvaridan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonunga koʻra, respublikada Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradi.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, OAV va fuqarolar korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilgan.

Pora olganlik uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Ushbu jinoyat ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilganda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Basharti, shaxsga nisbatan pora soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa yoki bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin bu haqda oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Pora berish jinoyati uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo tayinlanadi.

Pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo belgilangan. Vositachilik qilgan shaxs jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu haqda oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Samarali kurashish uchun nima qilmoq kerak?

Albatta, bir davlat hududida qoʻllanilgan chora va qabul qilingan qonunchilik boshqa davlatda ham xuddi ana shunday samara keltirmasligi mumkin. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun birgina qonun hujjatlarining qabul qilinishi yetarli emas. Buning uchun fuqarolik jamiyati ham mazkur ishda faol ishtirok etishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kuchaytirilishi, sudlarning mustaqil va xolis boʻlishini taʼminlash, qonunlar parlament aʼzolarining emas, balki mamlakat manfaatidan kelib chiqib qabul qilinishi, barcha davlat organlarida shaffoflik taʼminlanishi, ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki, maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish uchun xizmatlar imkon boricha elektron tizim orqali koʻrsatilishi, sogʻlom raqobat muhiti shakllantirilishi kerak boʻladi.

Korrupsiya haqida shingil faktlar
  • Tarixchi Gerodotning yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda hukmdorlik qilgan Eron shohi Kambiz Sizam ismli qozini pora olgani uchun terisini shilib olishni va u oʻtirgan qozilik kursisini oʻsha teri bilan qoplashni buyurgan. Qozilik lavozimiga esa poraxoʻrlik nima bilan yakun topishini hamisha yodda tutishi uchun Sizamning oʻgʻli Otan tayinlangan;
  • Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, butun dunyo boʻyicha olinadigan bir yillik pora miqdori 1 trillion dollardan ortiqroqni tashkil etadi;
  • Yana oʻsha Jahon bankining bildirishicha, poraxoʻrlikka qarshi faol kurash olib boriladigan mamlakatning yalpi ichki mahsuloti bir yil ichida 5 baravarga oshar ekan;
  • Oligarx Mixail Xodorkovskiy korrupsiyani yadro qurolidan ham jiddiyroq xavf deb atagandi. Uning fikricha, terrorchilar yadro quroliga ega boʻlish uchun kerakli odamlarni pora bilan sotib olishlari kifoya qiladi.

Dilshod Asqarov.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻlim jazosidan ragʻbatlantirishgacha: korrupsiyaga qarshi kim qanday kurashadi?