12:15 / 30.01.2019
6 743

Millatning fojiasi

Millatning fojiasi
Yaqinda bir do‘stimnikidagi mehmondorchilikda uning besh yoshli nabirasiga “Ulg‘ayganingda kim bo‘lmoqchisan?” degan savolni berdim. Bolakay yo shifokor, yo yurist, yo muhandis, yo uchuvchi bo‘laman deb, odatda bolalikdayoq tanlovi boshlanadigan orzusini aytsa kerak, degan xayolda turuvdim, uning javobi meni hayronu lol qildi. “Katta bo‘lsam, “Jip”da yuradigan millioner bo‘laman”, dedi u yoshiga nomunosib allaqanday jiddiylik bilan. Bu bolaning tantiligi yoki oddiy tantiqligi emas edi. Bu javob bugungi kunimizdagi real voqe’likning, hozirgi odamlar ongu-tafakkurining bola tili orqali sachrab chiqqan bir uchquni edi.

Ming afsuslarki, hozir juda ko‘pchilik molparastlik, iste’molchilik kayfiyatining quli bo‘lib qolgan, “yaxshi yashash degani to‘yib yeyish va po‘rim kiyinish, uyni shohona qurish va jihozlashni g‘arbliklar darajasiga yetkazishdir” degan bema’ni va poyoni yo‘q g‘oyaga “sig‘inishni” boshlab yuborgan. Bunga jon-jahdi bilan intilaverish esa kishidan katta kuch-g‘ayrat, katta mablag‘, katta salohiyatni talab qiladi. Lekin, yana ming afsuski, bu narsalar hammada ham birday baravar va mukammal mavjud bo‘lavermaydi.

Sir emas, uzoq yillar sovet tuzumida yashab, tuzumning hamma narsada joriy qilgan sun’iy taqchillikni ko‘rgan, do‘konlar va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridagi oxiri yo‘q navbatlarda soatlab vaqtini sovurgan, kamyob mollarni yelib-yugurishlar yoki tanish-bilishlar orqaligina qo‘lga kiritgan ota-bobolarning bolalari bugungi to‘kinchilik va farovon zamonga birdaniga kelib qolib, boshvog‘i qo‘yib yuborilgan jonivorlarday hamma narsaga o‘zlarini ayamay urishyapti, hamma narsada o‘lchovlarni buzib tashlashyapti. Dunyoning barcha lazzatlaridan tezroq va ko‘proq foydalanib qolishga urinishyapti. Ertaga tugab qoladiganday hamma ne’matlarni birdaniga qo‘lga kiritishga intilishyapti. Orzu-havas yo‘lida bor imkoniyatlarni va mol-dunyoni qurbon qilib yuborish, nafsining barcha aytganlarini so‘zsiz bajarish, hatto oila a’zolarining bor injiqliklari va tantiqliklarini e’tirozsiz muhayyo qilish kayfiyati odamlarning hayot tarziga tobora kengroq kirib boryapti. Bularga erishish uchun esa katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Bunchalik katta pul esa osmondan yog‘maydi, buni ajnabiy yurtlardagi “saxiy” amakilar tekinga berib qo‘ymaydi. Bersa ham, nimalarnidir evaziga yoki qarzga beradi. Demak, nima qilib bo‘lsayam ko‘p-ko‘p pul topish, buning uchun esa o‘zingni ming tomonga urish kerak!

Hozirgi paytda atrofiga sal e’tibor bilan nazar solgan kishi hammaning “orzu-havas” degan ajdahoning domiga ilinib, “yaxshiroq yeb-ichish, yaxshiroq kiyinish” muammosi hayotining asosiy maqsadi bo‘lib ketayotganini ko‘rmasligi mumkin emas. Oldinlari odamlarimiz yashash uchun yeyishgan bo‘lsa, hozirgilar xuddi yeyish uchun yashayotganday… Ayrimlarnigina istisno qilganda, deyarli ko‘pchilik nafsiga qul bo‘lgan, karnay ishtahasining ehtiyojlariga taslim bo‘lgan, hamisha qing‘ir yo‘lga boshlovchi shaytonlarga murid tushgan. Ishonmasangiz, o‘zingiz bir mulohaza qilib ko‘ring. Bundan atigi yigirma-o‘ttiz yil oldin nonushta dasturxoningizda nimalar bo‘lardi? Ha, kam bo‘lmang, non-choy, shakar yoki oqqand, borlarnikida qatiq-sut bo‘lardi. Endi hozirgi dasturxoningizni bir ko‘zdan kechirib chiqing. Eng oddiy xonadonda ham bu narsa oldingidan bir necha barobar to‘kinroq. Boyroq oilalarda esa nonushtaga pishloq, kolbasa, sariyog‘, biror xil issiq taom, turfa pishiriqlar, shokoladli konfetlar bo‘lmasa, umuman choy ichmay qo‘yaqolishadi. Ana shunday “yaxshi yashash” esa odamdan ko‘proq pul topishni, buning uchun esa o‘zini har tomonga urishni, tinmay yelib-yugurishni talab etadi.

Bugun qilayotgan tushliklarimiz, kechki ovqatlarimiz ham barcha chegaralardan chiqib ketdi. Oddiy xizmatchining tushligi suyuq va quyuq ikki taomdan, ikki-uch xil salatdan, “gazagi”ga pirojniy yoki tort kabi pishiriqlardan, kola, limonli choy, qahva kabi “tabbosti”lardan iborat bo‘ladi. Badavlat kishilarning tushlik va kechki taomlari haqida, yaxshisi gapirmay qo‘yaqolaylik. Ayrimlar behisob yeyilgan taomlar ustiga “shayton suvi”dan ham yuborib, yotish oldidan oshqozonlarini yaxshigina “chiniqtirib” olishadi. Kechqurunlari shaharlarimizni taomlarning xushbo‘y hidi, pishayotgan kaboblardan chiqayotgan tutun bosib ketadi. Azamat hamshaharlarimiz har qadamda ochilgan behisob tamaddixonalarda oshqozonlarini siylab, “mazza qilib” hordiq chiqarishadi.

Nafsning bunday hakkalak otishiga erk berib yuborish esa yana xarajatga sabab bo‘lib qoladi: endi odamlar oldida semirib ketishning, ilgari quloq eshitmagan turli xastaliklarning, hamma yoqdan o‘rab olgan tanballikning yechimi yo‘q muammolari paydo bo‘lyapti. Endi behisob yeyilgan ovqatlar tufayli semirishni to‘xtatib qolish uchun fitnes klublariga, cho‘milish havzalariga, futbol va tennis maydonlariga zirillab qatnashlar boshlanadi. Bu ishlarga ham ancha-muncha pul kerak bo‘ladi. Oldin bo‘kib ovqatlanish, keyin esa u keltirgan “kaloriyalarni yo‘qotish” uchun tinmay pul xarjlayotgan odamlarga shunaqa paytda “Hoy omon bo‘lgur, ortiqcha sarf-xarajatlar o‘rniga sal kamroq yesang bo‘lmasmikin” devorgingiz keladi.

To‘y va marosimlardagi yeb-ichishdagi kimo‘zar musobaqalar, isrofgarchiliklar, o‘rinsiz xarajatlar, sovurilgan mablag‘ va harakatlar haqida gapiraverib notiqlar, yozaverib qalamkashlar holdan toyishdi. To‘ylarimizda “Men sendan kammanmi?”, “Odamlar gapirib ketsinmi?” degan soxta iddaolar ostidagi behuda poygalar kun sayin, oy sayin avjiga chiqyapti. Kecha dasturxonga ikkita taom tortilgan bo‘lsa, bugun ular soni besh-oltitaga yetyapti, ertaga esa balki o‘ntaga chiqar? Yeyishga hatto qorin ham, vaqt ham yetishmaydigan turfa salatlar, pishiriqlar, xorijdan keltirilgan anvoyi mevalar, go‘sht mahsulotlari to‘ydan keyin axlat qutilari va daydi itlarning “mulki”ga aylanmoqda. Dasturxon mashmashasidan so‘ng kelin-kuyovning ZAGSdan o‘tishi, suratga tushishi, otasining tushiga ham kirmagan “limuzin”, “xammer”, “jip” rusumli mashinalarda (o‘zimizda chiqqan mashinalar moda emasmish) shahar bo‘ylab sayr qilishi, nikoh kechasini tashkil etish, unga mashshoq va ashulachilarni taklif qilish, to‘yxonani bezatish kabi ishlar ham kun sayin qimmatlashib, orzu-havaslar oldingidan kuchayib boryapti. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu dahmazalar ham tekinga tushmaydi, buning uchun nihoyatda ko‘p miqdorda pul kerak bo‘ladi.

Hech esimdan chiqmaydi, arab mamlakatidagi badavlat bir xonadonda o‘tkazilgan nikoh to‘yida qatnashganman. Alohidadan ikkita zalga elliktacha erkak, shuncha ayol to‘plangan. Ziyofatda yarim kosadan suyuq, bittadan tarelkachada palov tortildi, dasturxonda non, po‘rtaxol, banan va bir xil meva sharbatidan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ey insonlar, yolg‘onni yozayotganim yo‘q, to‘y ziyofatining dasturxonida bundan boshqa hech narsa yo‘q edi! Osmon uzilib ham tushgani yo‘q, nega bunday kamtarona to‘y qilding, deb hech kim uni yurtidan quvib chiqargani yo‘q! Vaholanki, to‘y egasi ikki-uch korxonaning, bir necha katta do‘konlarning egasi bo‘lgan yirik sarmoyador edi. Istasa, to‘yni xorijdagi biror orolnimi, qasrnimi ijaraga olib, o‘sha yerda shohona qilib o‘tkazishga ham qurbi yetardi. Kamchiqimligining sababini so‘rasam, “Bizlar qizini uzatganda dasturxonga arpa noni, xurmo va biroz go‘shtdan boshqa narsa qo‘ymagan Payg‘ambarning ummatimiz!” deb javob qilgan edi.

Bugun shuni ochiq tan olish kerakki, o‘zbekning butun harakati, salohiyati, kuch va imkoniyatlari, mashaqqat bilan topayotgan pul-boyligi bir kunda o‘tib ketadigan, to‘y egalari va yaqinlarining bir-ikki kun og‘iz to‘ldirib maqtanishidan boshqa hech qanday foyda keltirmaydigan to‘ylarga qurbon bo‘lib ketyapti. Bu haqda qanchalab maqolalar yozildi, hukumatning qarorlari chiqdi, musulmonlar idorasining fatvolari e’lon qilindi. Ammo odamlarimiz hamon to‘ylarni hashamatli, dabdabali, serisrof qilish uchun kimo‘zarga musobaqani to‘xtatishgani yo‘q. Bunga aytiladigan bahona-sabablar ham hamon eskicha: “Biz ko‘rmaganni bolalarimiz ko‘rsin!”, “Pul ketsa ketar, obro‘ ketmasin!”, “Ha, endi to‘yni ixchamroq qilsak, odamlar gapiradi-da, qashshoqlashib qolibdi deb”, “Qancha pul ketsayam, qizimning (o‘g‘limning) o‘ksiganini ko‘rmasam bo‘ldi!”, “Manam yurtning oshini yeganman, qarzimni uzishim kerak!” va hokazolar.

Ehtimol, zukko o‘quvchi “Bu odam nega to‘ylarimizga bunchalik osilib qoldi” degan xayolga borayotgandir? Men to‘ylarga aslo qarshi emasman! Chunki farzandi ulg‘aygan har bir odamning ularni uylash-joylash uchun harakat qilishi Allohning amri, dinimiz talab qilgan ishlardandir. Alohida ziyofat tashkil qilib, ikki yoshning nikohini e’lon qilish Payg‘ambarimizning sunnatlaridandir. Buni inkor qilish aslo yaramaydi. Bu o‘rinda gap insonlarning ana shu marosimni tashkil qilishda haddan oshayotganlari, bu ishda qattiq isrofga borayotganlari, to‘y o‘tkazishni hayot-mamot masalasiga aylantirib yuborayotganlari, farzandlarini baxtli qilaman deb o‘zlarini abgor va badbaxt qilib yuborayotganlari haqida ketyapti.

Ana shu o‘rinsiz xarajatlarni qoplash uchun hamma pul topish, topganda ham ko‘proq topish vasvasasiga tushib qolgan. Oliygoh muallimi pul topish uchun badavlat oilalardan chiqqan talabalarni imtihonlarda “qiynamay”, pulini olish ilinjida turadi. Shifokor sal tumovlagan odamni “tezda jarrohlik amaliyoti qilmasak, oxiri halokatga olib boradi” deya qo‘rqitib, pulini olishga tashna yuradi. Idora xizmatchisi “pul topish” vasvasasiga chalinib, ta’tilida dam olish o‘rniga Xitoyga yo Dubayga tijorat safariga jo‘nab qoladi. Tug‘ruqxona hamshirasi chaqaloqning allaqachon tug‘ilib bo‘lganini yashirib, “tug‘ruq ancha og‘ir kechyapti”, deb dovdirab qolgan otani shilish niyatida bo‘ladi. Maktab muallimining ham bu ommaviy vasvasadan chetda turgisi kelmay, bolalarning ota-onalariga sinfga hali uni olamiz, buni buni olamiz, deb chopar jo‘natish bilan ovora. Xullasi, ko‘proq pul topish maqsadida hamma boshqa bir millatdoshini shilish, cho‘ntagini qoqlash, rizqidan yulish bilan ovora.

“Pulga oshiqlik” kasali tufayli odamlar turmushining barcha jabhalari tekinga xizmat ko‘rsatmaydigan bo‘lib boryapti. Ta’lim, eng avvalo oliy ta’lim asosan pullikka aylanib boryapti. Maktab va litseylarda ham turli yig‘im va to‘lovlarning, “ko‘zda tutilmagan” xarajatlarning ortib borayotgani ota-onalar uchun og‘ir tushovga aylanayotgani ham hech kimga sir emas. Tibbiyot ham asosan pullik, pullik bo‘lgandayam shunaqangi qimmatlashyaptiki, shifoxonda yotish yoki jarrohlik amaliyoti qilish narxini eshitib, sog‘ odamning ham mazasi qochib qoladi. Badantarbiya va sport inshootlari ham tekinga xizmat ko‘rsatmaydigan bo‘ldi, natijada ular tobora ommaviylikdan ko‘ra xususiylik sari ko‘proq intiladigan bo‘lib borishyapti. Futbol o‘ynamoqchimisiz yoki havzada suzmoqmisiz yoxud sport klubida mashq qilmoqchimisiz, marhamat, pulini to‘lab qo‘yib, bemalol shug‘ullanavering. Pulingiz bo‘lsa, son-sanoqsiz, “yoshartiruvchi”, “go‘zallashtiruvchi”, hatto plastik amaliyot yo‘li bilan jismoniy kamchilingizni yo‘qotib beruvchi butun bir “go‘zallik industriyasi” sizning xizmatingizda.

O‘sha zormanda pulni topish esa oson bo‘lmaydi. Pul topish ilinji qancha odamlarning o‘z yurtidagi issiq o‘rnini sovutib, begona o‘lkalarda sarson bo‘lishga, oriyatli kishi bajarishdan bo‘yin tovlaydigan qora ishlarda ishlashga, musofirchilikdagi mashaqqat, aziyat va xo‘rliklarga chidashga majburlayapti. Bunga ham toqat qilsa bo‘laru, eng dahshatlisi, ularni asl imon-e’tiqodidan, axloq-odobidan, odamiyligidan, oilasi farog‘atidan mahrum qilmoqda. Pul topish vasvasasi tuppa-tuzuk musulmonlarni yolg‘on qasam ichish, boshqalarni aldash, birovning haqiga xiyonat qilish, va’dasini bajarmaslik, katta qarzlar olib, ularni bermay yurish, haromdan ehtiyotlanmaslik kabi kulfatlarga giriftor qilyapti. Pul topish uchun odamlar hech narsadan tap tortmaydigan, halol va haromni ajratmaydigan, gunohlardan qo‘rqmaydigan holatgacha borishyapti. Pul topish dardi odamlarni kitob o‘qish, chuqur bilim olish, ma’rifatini oshirish, ma’naviyatini boyitish kabi eng zarur ishlardan uzib qo‘ymoqda, bularga ajratilishi kerak bo‘lgan vaqtni kemirmoqda. Agar ish shu ahvolda davom etaverguday bo‘lsa, ayrim “pul oshiqlari”ning ertaga vatanni ham, dinni ham, millatni ham, hatto o‘zlarining sha’n-g‘ururlarini ham g‘animlarga indamay sotib yuborishlari hech gap bo‘lmay qoladi.

Bu gaplar millatning bugungi dardi emas. Bundan yuz yil muqaddam ochiq ko‘zli olim va adiblar odamlarning pul deya ma’rifatdan, madaniyatdan orqada qolib ketayotgani haqida zorlanib, faryod chekib yozishgan. O‘shalardan biri Abdulla Avloniyning mana bu so‘zlari oradan bir asr o‘tsa hamki, xuddi bugungi kun odamlariga qaratilganday dolzarbligini yo‘qotmagan: “Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushib-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar. Otalarimiz bolalarig‘a o‘qutmak va ta’lim bermak o‘rnig‘a “O‘g‘lum, emdi kattakon yigit bo‘lding, shuncha o‘quganing yetar, pul top!” deb hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar... Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrini bilmagani, ilm uchun pulni ko‘zlari qiymaganligi sababli o‘qumoq va o‘rganmoq o‘rniga “Oh pul, jonim pul” deb hammollikni yaxshi ko‘rurlar”.

Qolaversa, bu kulfat va dunyoparstliklar faqat o‘zbeklarning yoki musulmonlarning muammosi emas. Hozirga kelib butun dunyo iste’molchilik, molparastlik, moddaparastlik kayfiyatining telba quliga aylangan. O‘rislarda “g‘ildirak ichida chopayotgan olmaxon” degan ibora bor, ya’ni olmaxon manziliga yetish uchun tinimsiz chopaveradi, ammo g‘ildirakning oxirgi chegarasi bo‘lmagani uchun olmaxon aslo maqsadiga yetolmaydi. Odamlarning fikri-zikri ham hozirda ham ana shu g‘ildirak ichida chopayotgan olmaxon kabi “yaxshi yashash”, buning uchun ko‘proq pul topish, pul topish uchun esa ma’naviy dunyoni boy berish kabi behuda poygada g‘olib chiqish bo‘lib qolgan. “Dunyo har qanday odamning ehtiyojlarini qondira oladigan darajada imkoniyatlidir, ammo insoniy ochko‘zlikni qondirishga uning kuchi yetmaydi”, degan edi Hindistonning ulug‘ mutafakkiri va davlat arbobi Maxatma Gandi.

Statistika ma’lumotlari bilan tanishsangiz, dunyoning hamma burchagida “iste’molchilar jamiyati” qurish ishlari jadal borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Keyingi qirq yil ichida dunyoda tovar va xizmatlarga sarflanayotgan shaxsiy xarajatlar to‘rt baravardan ziyodga ko‘paydi va 1960 yildagi 4,8 milliard dollardan 2000 yili 20 milliardga ortdi. Hozir odamlarning oddiy do‘konlarni nazari ilmay qoldi, endi ular yirik savdo markazlaridan, giper va supermarketlardan xarid qilishga o‘tishdi. Peshtaxtalarga did bilan, chiroyli qilib terib qo‘yilgan yaltiroq qog‘ozli mollarni savatingga qanday solib qo‘yganingni ham bilmay qolasan, kishi. Ko‘plar “do‘kon aylanish” kasaliga mubtalo bo‘lgan, ehtiyojiga hech narsa zarur bo‘lmasa ham, kuniga bir-ikkki do‘kon aylanib, ul-bul sotib olmasa, ko‘ngli sira joyiga tushmaydi.

Keyingi paytda do‘konlar ham “eskirib”, o‘rniga internet tizimi orqali tovar sotib olish yoki xizmatlardan foydalanish tobora urfga kirib boryapti. Plastik chiptalar orqali savdo qilishga o‘tish ham odamlarni xiyla “chalg‘itib” qo‘ydi, naqd pulni ushlamagan xaridor yirik savdo markazlariga kirib qolsa, bu narsa unga zarurmi yoki keraksizmi, bu haqda o‘ylab ham o‘tirmay ko‘ziga chiroyli ko‘ringan hamma narsani sotib olishga kirishib ketadi. Tugmadan tortib avtomobilgacha, sabzi-piyozdan tortib, kiyim-kechakkacha, atir-upadan tortib televizorgacha sotiladigan supermarketlar va yirik savdo markazlarini o‘ylab topganlarning maqsadi ham ovoza (reklama) va mollarni chiroyli qilib qadoqlangan va bezatilgan holda xaridorga ro‘para qilish vositasida molini ko‘proq o‘tkazish bo‘lgan, xolos.

Molparastlikka mukkadan ketish, yashashni faqat iste’mol qilishdan iborat deb o‘ylash hayotimizning juda ko‘p muhim qirralarini, xususan madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, hayotga qarashlarimiz, did va farosatimiz, qiziqish va intilishlarimizni ham o‘zgartirib yubordi. Molparastlik, mol-dunyoning ketidan quvish kishining mustaqilligini yo‘qotmoqda, uni nimagadir yoki kimgadir qaram qilib qo‘ymoqda. Bundaylarning butun fikri-zikri biror imtiyozni qo‘lga kiritish, biror buyumga erishish, biror narsani xarid qilish yoki nimanidir iste’mol qilish bo‘lib qoladi. Uning endi fidoyilarcha mehnat qilish, chuqur bilim olish, nimalarnidir kashf qilish, o‘zining malaka va salohiyatini oshirish, o‘z ustida ishlash kabi “ortiqcha” narsalar qiziqtirmay qo‘yadi.

Molparastlik, orzu-havasga berilib ketish insonning har tomonlama aqliy, axloqiy va ma’naviy kamolotga erishish ehtiyojini inkor qiladi. Bu esa odamlarning jonzotlar kabi faqat yeb-ichishniyu hirsiy ehtiyojlarini qondirishga intiladigan loqayd va hissiyotsiz maxluqlarga aylanib qolishlariga olib keladi. Bu esa uning shaxs sifatida tanazzulga ketishiga, madaniyatsiz, salohiyatsiz kimsaga aylanishiga yo‘l ochadi. Bundan tashqari, bunday iste’molchilik kayfiyatiga zo‘r berish orqali inson ongini har maqomga solish imkoni paydo bo‘ladi. Chunki johil, nodon, qoloq va omi odamlarni aldash ham, boshqarish ham oson kechadi.

Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori Vladimir Arnold shunday yozadi: “Amerikalik hamkasblarimning menga tushuntirishlaricha, ularning mamlakatidagi umumiy madaniyat va maktab ta’limi darajasining pastligi iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlagan holda ataylab erishilgan yutuq emish. Gap shundaki, ko‘p kitob o‘qigan har tomonlama ma’lumotli kishi eng yomon xaridor bo‘lar emish. U Motsart, Van Gog, Shekspir kabi san’at va madaniyat daholarining ijodini yoki teoremalarni o‘rganishni avtomobil yoki kir mashinasi sotib olishdan afzal ko‘rar emish. Bundan esa iste’mol jamiyatining iqtisodi, birinchi navbatda xo‘jayinlarning ko‘radigan foydasi zararga uchrar ekan. Bundan ham muhimrog‘i, bu narsa ularga salohiyatdan mahrum podaga aylantirilgan aholini har ko‘yga solishdan, uni aldam-qaldam qilish imkoniyatidan to‘sib qo‘yar ekan. Shuning uchun ular odamlarning madaniyat va ma’rifat bilan oshno bo‘lishlariga tish-tirnoqlari bilan qarshi bo‘lishar ekan”.

Mana bular esa Moskva va butun Rusiya patriarxi Kirillning gaplari: “Oddiy odamlar biror narsa sotib olarkan, quvonishadi. Tiyiqsiz iste’molchilik esa ana shu quvonchni tortib oladi. Inson o‘zidagilarni o‘g‘irlaydi. Agar butun jamiyat ana shu tiyiqsiz iste’molchilik yo‘liga o‘tsa, yerimiz ham, undagi ne’matlar ham bunga dosh bera olmaydi. Agar o‘rtacha iste’mol qilish darajasi AQShdagi kabi bo‘lsa, asosiy resurslar bor-yo‘g‘i 40-50 yilgagina yetishi isbotlangan. Xudo bu ne’matlarni hamma hozirgiday pala-partish iste’mol qilaversin, deb bergan emas” (“Aif”, 2009, 32-son).

Bu muammoning ildizi dindan uzoqlashganimiz, imon-e’tiqodimizning susayib ketgani, johillik va ilmsizligimizga borib taqaladi. Ko‘plarimiz Alloh taoloning yaratish, rizqlantirish, nafs istaklarini cheklash borasidagi hikmatlaridan bexabar bo‘lganimiz uchun hayotni faqat yaxshi-yeb-ichish, yaxshi kiyinish, ko‘rkam va shinam uylarda yashashdangina iborat deb o‘ylab, butun harakatimiz, intilishimiz va kuch-imkoniyatlarimizni shunga yo‘naltiryapmiz. Vaholanki, Alloh taolo insonlarni yaratgach, ularning oldiga ikki yo‘lni qo‘ygan. Birinchisi – dunyo hayotidagi umrni Allohning yo‘lida, Uning buyurganlariga amal qilgan, qaytarganlaridan chetlangan holda o‘tkazib, Uning roziligini topish va abadiy saodatga erishish. Ikkinchisi esa – insonning ikki mangu dushmani bo‘lgan nafs va shaytonning so‘ziga kirib, Allohni tanimay o‘tish, o‘z hayotini dunyo lazzatlariga qurbon qilib, oqibatda Uning g‘azabiga uchrash, do‘zax azoblariga giriftor bo‘lish. Va bizga ularning o‘rtasini ajrata bilish malakasini ham bergan. Biz ana shu malakamizga ko‘ra halol va haromni, foyda va zararni, haq va botilni bir-biridan ajrata olamiz.

Parvardigor O‘z maxluqlarini uch xil qilib yaratgan: biri faqat Allohga toat va ibodat uchun yaratilgan farishtalardir, yana biri qilmishi faqat kufr va gunoh ishlar bo‘lgan shaytonlardir, uchinchisi esa, aql berilmagan, yeb-ichish va nasl qoldirishdan boshqa vazifa yuklanmagan hayvonlardir. Alloh yaratgan maxluqlarning eng mukarrami va gultoji bo‘lgan insonda esa ana shu uch maxluqning sifatlaridan oz-ozdan mavjud. Agar u Allohning toat-ibodatida sobit bo‘lsa, unda farishtalik xislatlari namoyon bo‘ladi. Agar u Parvardigorini inkor qilib yoki barcha ne’matlarni U zot berayotganini anglamay, kufr va gunohlarga qo‘l ursa, unda shaytonlik sifati ko‘rinadi. Agar unda faqat yeb-ichish, shahvoniy hirsini qondirish tuyg‘usi ustunlik qila boshlasa, unda hayvonlik hissi g‘olib kelgan bo‘ladi.

Inson ana shu farqlarni ajratib olishi, umrini Alloh roziligi yo‘lidagi yaxshi ishlar bilan bezashni anglashi uchun unga ong, aql va tafakkur berilgan. Agar u ma’naviy dunyosini boyitishni o‘ylamay, faqat jismining istaklarini qondirishga zo‘r beraversa, uning beaql hayvondan mutlaqo farqi qolmaydi. Agar u hayotni faqat yaxshi yeb-ichishdan, nafsning xohishlarini to‘la-to‘kis bajarishdan iborat deb o‘ylasa, hayotini zavolga uchratgan bo‘ladi. Haqiqat shu bo‘lgach, pul ketidan quvishga, ko‘proq pul topishni hayotning asosiy maqsadi qilib olishga chek qo‘yish payti kelmadimi? Insonligimizni anglab, hamma narsada mo‘’tadil, o‘rtacha yo‘l tutish yaxshi bo‘lmasmikin? Mashaqqat bilan, yelib-yugurishlar, og‘ir yo‘qotishlar evaziga topgan pulimizni riyo va maqtanish uchun to‘y-marosimlarga, turmushdagi isrofgarchiliklarga sarflab yuboravermay, sal aql-farosat, tadbir bilan ish tutsak, yaxshi bo‘lmasmikin? Nima deysizlar, aziz millatdoshlarim?!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Millatning fojiasi