Toshkentda tibbiyot sohasida navbatdagi tarixiy voqea ro‘y berdi — mahalliy shifokorlar 6 yoshli bemorning yuragida noyob operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishdi. Eng ajoyib jihati shundaki, bolaga o‘rnatilgan yangi klapan uning o‘z yurak to‘qimasidan tayyorlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bemorning zararlangan uch yopqichli klapani butunlay olib tashlandi. Har bir harakat ulkan aniqlik va mahorat talab qilgan operatsiyada xirurg unga o‘rniga yangi klapan yaratish uchun o‘ng qorong‘u bo‘lmasi (o‘ng atrium) “quloqchasi”dan foydalandi. Bu murakkab jarayonni yosh va iqtidorli bolalar kardioxirurgi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti Bobur To‘rayev amalga oshirdi.
Operatsiya Nodir Ibrohimov rahbarligidagi klinika jamoasi ishtirokida o‘tdi. Oxirgi sakkiz oy ichida mazkur klinikada taxminan 500 ta yurak jarrohligi amaliyoti bajarilgani qayd etildi.
Bobur To‘rayev o‘z sohasida xalqaro tajribaga ega — u University College London'da tahsil olgan, 10 davlatda stajirovka o‘tab, 20 ga yaqin ilmiy ish chop etgan. Yosh bo‘lishiga qaramay, u allaqachon mingdan ortiq bolalarda muvaffaqiyatli yurak operatsiyalarini amalga oshirgan.
Mutaxassislar fikricha, bu natija nafaqat mahalliy kardioxirurgiyada yangi bosqichni boshlaydi, balki O‘zbekiston shifokorlarini yanada katta marralar sari ilhomlantiradi. Operatsiyaning muvaffaqiyati haqida so‘z ketar ekan, tibbiyot jamoasi bunday tajribalar mamlakat tibbiyoti salohiyatini kuchaytirayotganini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!