Chexiyalik taniqli baliq ovchisi Yakub Vagner Vranov suv omborida haqiqiy rekordni qayd etdi — u uzunligi qariyb uch metr bo‘lgan ulkan laqqani qo‘lga oldi.
4 avgust kuni mashhur «Baliq jangchisi» teleshousi boshlovchisi qayiqda suzib ketayotganda suv ostidagi yirik soyani payqab qolgan. Vagner darhol tayyorgarlik ko‘rib, ovni boshlagan.
Ulkan baliq bilan to‘qnashuv oson kechmadi — jang qariyb 50 daqiqa davom etdi. Laqqa tezlik va kuch bilan qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, tajribali ovchining mahorati ustun keldi.
Vagner baliqni qirg‘oqqa chiqargach, uning hayratlanarli o‘lchamlari ko‘pchilikni lol qoldirdi. Esdalik uchun suratga tushgan ovchi ekoturizm qoidalariga rioya qilib, ulkan laqqani yana suvga qo‘yib yubordi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu kabi yirik laqqalar Yevropa suvlarida juda kam uchraydi va ularni tirik qoldirish tabiiy muhit uchun katta ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!