date

Samarqandda qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar qamaldi

Samarqandda qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar qamaldi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

DXX xabariga ko‘ra, Navoiy shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro «Temiryo‘linfratuzilma» Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzeli «Ziyovuddin temir yo‘l masofasi» korxonasida temiryo‘l to‘siqlari bo‘yicha brigadir lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 2023 yilning dekabr oyida korxonada brigadir shtat birligi tugatilgach, u yo‘l sozlovchisi va temiryo‘l to‘siqlari qo‘riqchisi vazifasiga ishga o‘tkazilgan.

Lekin sobiq brigadir bundan norozi bo‘lgan va rahbariyatga e’tiroz sifatida Karmana tumanida yashovchi 1992 y.t. hamkasbi bilan jinoiy reja tuzgan.

2025 yilning 14 yanvar kuni kechki vaqt ular Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida «Ziyovuddin-Navoiy» temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 3872-km hududiga borgan. Og‘irligi 110 kg bo‘lgan temir-beton shpalni «Afrosiyob» elektropoyezdi harakatlanuvchi rels ustiga ko‘ndalang holatda qo‘yib, voqea joyidan yashiringan.

Oradan 15–20 daqiqa o‘tib, «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan «Afrosiyob» tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan to‘qnashgan. Oqibatda poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetgan.

DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 161-moddasi (Qo‘poruvchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

️Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida qonunbuzarlar qo‘poruvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, qo‘poruvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan «Afrosiyob» poyezdiga 260 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani bois, ushbu pul mablag‘i davlat hisobiga undirib olindi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar qamaldi