date

“Manchester Siti” mavsumni yirik g‘alaba va yangi rekord bilan boshladi

“Manchester Siti” mavsumni yirik g‘alaba va yangi rekord bilan boshladi

Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi “Manchester Siti” uchun muvaffaqiyatli va esda qolarli tarzda boshlandi. Abduqodir Husanov to‘p surayotgan Gvardiola jamoasi safarda “Vulverxempton” bilan kuch sinashib, raqib darvozasini javobsiz to‘rt marotaba ishg‘ol etdi va muxlislariga quvonch ulashdi.

Uchrashuvda gollar salobati katta bo‘ldi. Hujumchi Erling Xoland mavsumdagi to‘purarlik poygasini erta boshlab, yana bir bor o‘z mahoratini ko‘rsatdi. Norvegiyalik to‘purar raqib darvozasiga 2ta gol kiritdi. Bundan tashqari, jamoaga yaqinda qo‘shilgan yangi o‘yinchilar ham o‘z nomini yorqin tarzda namoyon etdi. Niderlandiyalik yarim himoyachi Tijani Reynders nafaqat gol urdi, balki bir golli pasni ham uzatdi. Yana bir debyutant — fransuz talanti Rayan Sherki hisobiga gol yozdi.

Aynan Tijani Reynders klub tarixida muhim qaydga ega bo‘ldi. U afsona Serxio Aguero davridan beri birinchi marta debyut uchrashuvida ham to‘p kiritib, ham assist qayd etgan futbolchi sifatida “Siti” tarixiga kirdi.

Mezbonlar maydonida o‘tgan uchrashuvning yana bir qiziq jihati — “shaharliklar” safida bir vaqtning o‘zida to‘rt nafar yangi futbolchi debyut qildi: Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki va yosh darvozabon Jeyms Trafford. Ular orasida milliy terma jamoamiz yosh yulduzi Abduqodir Husanov ham 82-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, jamoa darvozasi daxlsizligini saqlab qolishda o‘z hissasini qo‘shdi.

Bellashuvdan keyin Pep Gvardiola jurnalistlar savollariga javob berdi. U jamoa o‘yinidan mamnun bo‘lganini aytar ekan, ayni paytda ba’zi jihatlardan to‘liq qoniqmaganini yashirmadi:
— Birinchi bo‘limdagi harakatlarimiz va umumiy natija meni qoniqtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa rejalashtirgan ishlarimizni amalga oshira olmadik. Lekin birinchi tur uchun bu tabiiy hol, — dedi Gvardiola.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Vulverxempton” ikkinchi yarimda biroz yaxshiroq harakat qilgan, ammo “Siti” tezkor qarshi hujumlarda raqibni jazolay oldi:
— Bizda Oskar Bobb, Erling Xoland va Tijani Reynders kabi yuqori tempda hujum qiladigan ijrochilar bor. Ular orqali mavsum davomida oldingi yillarga nisbatan hujumlarni tezroq qurishni maqsad qilyapmiz, — dedi murabbiy.

Shu bilan birga, Pep jamoa ichidagi raqobat va katta tarkibdan kelib chiqadigan muammolar haqida ham ochiq gapirdi:
— Bizda juda ko‘p o‘yinchi bor. Birinchi bahs qaydnomasiga Rodri, Fil Foden, Mateo Kovachich, Ederson va Savio ham kiritilmadi. Natan Ake va Ilkay Gyundogan kabi tajribali futbolchilar esa zaxirada qoldi. Barcha turnirlarda ishtirok etish uchun keng tarkib foyda beradi, ammo hech bir futbolchining chetda qolib ketishini istamayman. Bu holat sog‘lom raqobatga salbiy ta’sir qilishi mumkin, — dedi Gvardiola.

Murabbiyning ta’kidlashicha, klub o‘tgan mavsumdan beri bu muammoni yaxshi biladi. Shu bois, kelasi hafta davomida o‘yinchilar va ularning agentlari bilan chiqish transferlari masalasi ko‘rib chiqiladi. Gvardiolaning fikricha, tarkib qisqartirilmasa, jamoaviy ruhni saqlash juda qiyin bo‘ladi.

“Manchester Siti”ning Premer-ligadagi navbatdagi bahsi 23 avgust kuni “Etixad” arenasida bo‘lib o‘tadi. Turning markaziy to‘qnashuvlaridan biri sanalgan bellashuvda “shaharliklar” kuchli raqib “Tottenxem”ga qarshi maydonga tushishadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” mavsumni yirik g‘alaba va yangi rekord bilan boshladi