date
views 4 359

Odamlar nima deydi? (Ikkinchi maqola)

Odamlar nima deydi? (Ikkinchi maqola)
Huquq-tartibot organlari xodimlariga “homiysi har qanday kishini “o‘tirg‘izib qo‘yishga qodir”ligi bilan” tahdid qilgan soxta tadbirkorning o‘zi o‘n besh sutka “o‘tirishga” majbur bo‘ldi.

Gap shundaki, “Jinoyat haqiqati va adolat” deb nomlangan yangicha tizim asosida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va hokimiyat vakillari ishtirokida Bektemir tumani Nurafshon mahallasidagi (“Qo‘yliq” dehqon bozori atrofida) holatlar o‘rganilayotganda turli spirtli ichimlik­lar va psixotrop moddalar bilan savdo qilish holatlari aniqlanib, mazkur holatlar bo‘yicha o‘zlarini “tadbirkor” deb bilgan shaxslarga tegishli tushunchalar berilayotgan vaqtda o‘zini T.Sh. deb tanishtirgan shaxs sektor rahbarlaridan ham “hurmati balandligi”ni ro‘kach eta boshladi.

Mazkur shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlarida “homiylari” borligini, kerak bo‘lsa, “sizlarni o‘tirg‘izib qo‘yishim mumkin” deya ishchi guruhga tahdid qilib, keskin qarshilik ko‘rsatdi va kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratladi.

Holat yuzasidan T. Sh. ga nisbatan to‘plangan dalil va hujjatlar hamda guvohlarning ko‘rsatmalari Bektemir tumani ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, aybdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi MJtK 198-moddasining 1-qismi bilan eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, davlat foydasiga undirildi.

Bugun tinch va osoyishta, farovon hayotimizga raxna solayotgan, nafsi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan kishilarning borligi ham, afsuski, haqiqat. Eng achinarlisi, ular buni tan olishni istamaydi. “Sharmandaga shahar keng” naqlini o‘ziga shior qilib olgani bilan ularning kimligi elga va huquqni muhofaza qilish idoralariga kunday ravshan.
A’zam ABULFAYZOV

Manba: ishonch.uz

“Aksiya”lar: kimgadir foyda, boshqalarga ziyon
“Energetik ichimliklar nima?”, “Energetik ichimlik­larni iste’mol qilasizmi?”, “Energetik ichimliklarning qanchalik “muxlisisiz?”. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu so‘rovnomani o‘tkazib, shunga amin bo‘ldikki, aynan oxirgi yillarda ushbu ichimliklar aholi o‘rtasida keng tarqalgan va ta’mi yoqmasa ham olishga majbur bo‘lmoqda. Tabiiyki, o‘zingiz sezganingizdek “ommalashuviga” albatta, ommaviy axborot vositalari orqali uzatilayotgan, tinmay bot-bot takrorlab ko‘rsatilayotgan “mega aksiyalar”ning ta’siri katta. Xo‘sh, energetik ichimliklar biz uchun qanchalik foydali?!

“…. Sotib ol, “Toshkent Citi”dan kvartira yutib ol”

Ha, siz ham qiziqishni boshladingizmi?! Albatta, kim ham bunday “chorlov”lardan keyin qiziqmaydi. Ammo ayrim yurtdoshlarimiz ta’mi va tarkibini bilmasdan turib, sotib olmoqda. Eng hayratlanarlisi shundaki, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi guruhlarda va shaxsiy sahifalarida “Sitro”ning 6-qismini topib bering suyunchisi bor, evaziga 2000 dollar beraman” yoki “WFdan iltimos 5 ta qopqoq qismini topishga yordam beringlar” degan “postlar” tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa, o‘smirlarning bunga qiziqishi yuqori. Aslidachi?! Chindan ham bu qopqoqchalar yutuqlimi?! Yo‘q, albatta. Bu aksiyalarda qatnashib topganingizdan ko‘ra, ko‘p narsani yutqazasiz. Chunki, to‘liq yutuqli qopqoqlar o‘zingiz aytganingizdek 6 yoki 5 qism bo‘ladi. Endi o‘ylab ko‘ring, O‘zbekistonda 33 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, demak pulingizni havoga sarflashingiz turgan gap. Oxirgi paytlarda, “internet trollari” tomonidan soxta qopqoqlarni sotayotganlar ham kam emas.

Alisher Polvonov (21 yosh):
– Energetik ichimliklarni xush ko‘rmayman. Ammo shu aksiyasiga qiziqib olaman. Aksiyalar boshlanganidan beri xarid qilaman. Menimcha, shu paytgacha olgan energetik ichimliklarimning puliga shu avtomobil yoki uyga bosh­lang‘ich to‘lov, umuman o‘zimga kerak barcha maishiy texnikalarni sotib olsam bo‘lardi. Buni “chuv” tushganimcha bilmasdim. Negaki bu ichimliklarning barcha qopqoqlari bor, faqatgina o‘sha omadli qopqoqlar kam. Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali yutuqli qopqoqqa suyunchi bor, deb post qo‘ydim. Ko‘pchilik “Menda bor qancha berasiz?” deb yozdi. Boshida hazillashib yozyapti deb o‘yladim. Bir tarafdan qiziqib ko‘rdim va ular bilan uchrashdim. Aytgan pullarini berdim. O‘zimda yo‘q xursandman. Kompaniyaga borsam bu qopqoqlar soxta ekanini aytishdi. “Uddaburon”larni esa haligacha qidiraman. Shuncha pullarimga achindim. Negaki kuniga 3 yoki 4 ta energetik ichimlik sotib olardim.

Bu qopqoq yig‘ish shunchaki qiziqish emas, endilikda ishqibozlar uchun bu asosiy maqsadga aylanayotgan edi. Albatta, televizorda samarqandlik mashina yutgan, navoiylik maishiy texnikalar, nukuslik skuter yutib turgan reklama roliklarini ko‘rib havasingiz ortadi. Yutuqli sovrinlar tugab qolmasidan oldin o‘sha “topilmas qopqoqni” topishni xohlaysiz. Ammo har bir narsada me’yor bo‘lsa juda yaxshi. Axir o‘tmagan “mahsulot”ni inson salomatligini o‘rtaga qo‘yib, sotishning oqibati achinarli bo‘lishi mumkin.

Joriy yildan boshlab “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan va uning 221-moddasida energetik ichimliklar bo‘yicha cheklovlar joriy qilindi. Unga ko‘ra, endilikda quyidagilar taqiqlanadi:

– soat 7-00 dan 22-00 ga qadar energetik ichimlik­larni televideniye va radio orqali reklama qilish;
– reklama qilish maqsadida energetik ichimliklar namunalarini o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekin tarqatish;
– asosan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan yoki tasviridan foydalaniladigan bo‘lsa;
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tas­viri tushirilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
– asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni rek­lama qilish.


O‘zimizning choydan qo‘ymasin
Energetik ichimliklar (shu toifadagi barcha mahsulotlar) bugungi kunda jahon bozorini tark etmoqda. Chunki asosiy maqsad inson salomatligi. Salomatlikni uy va avtomobil o‘rniga qaytib ololmasligini yaxshi biladi. Vaqtinchalik charchoqlarni xalos etish o‘rniga tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilib, tanaga dam berganimiz yaxshi. Negaki salomatlik bebaho boylikdir. Jismoniy mehnat bilan shug‘ullangandan so‘ng bunday ichimliklarni ichsa, odam charchoq hissini tuymasligi mumkin. Ammo ushbu ichimliklar vaqtinchalik yo‘qotgan charchoq ertangi kun uchun yoki ichimlik ta’siri o‘tgandan so‘ng ikki barobar ortadi. Natijada, organizm charchoqni yo‘qotish uchun yana quvvat talab etadi. Shunday ekan, bunday ichimliklarni qabul qilish hayot tarziga jiddiy zarar yetkazishini aslo unutmaslik lozim. Xulosa o‘zingizdan…
Ayjamal Joldasbayeva,
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi
O‘zAdan qisqartirib olindi.

JURNALISTLAR HAM TADBIRKOR

“Andijonnoma” gazetasi taxririyati binosi hovlisidagi issiqxona yaqin kunlarda o‘zining birinchi hosilini beradi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish qanday bo‘lishini jurnalistlarimizdan ham o‘rgansak arziydi” – deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi To‘lqinjon Karimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

“SAYT” NOMINI SOTDI
Tahririyatga 29 aprel kuni Kitob tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev imzosi bilan 26.08.2018 da №1250 raqami bilan guvohnoma taqdim etilgan “www.nasafnews.uz” veb-saytidanman deb o‘zini tanishtirgan shaxs Prezidentimizning shu yil 23 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini “ta’minlash” bahonasida hududdagi bir nechta MFY hamda maktab rahbarlarini chalg‘itib avval shartnoma imzolattirgan, so‘ng esa naqd pul talab qilgan...

Tahririyatga ularni “chuv” tushirgan fuqaroning ismi-sharifi ma’lum, lekin aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan e’lon qilishni lozim topmadik. Qolaversa, ushbu holat yuzasidan vakolatli idoralar o‘z tekshiruvini olib borishyapti. Bu haqda maxsus maqola tayyorlashni ham rejalashtiryapmiz.

LOLANI YuLSANGIZ... QAMALASIZ!

Qozog‘iston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan “Greyg” va “Kaufman” lolalarini noqonuniy yulish, avtoyo‘llar bo‘yida va boshqa joylarda sotish hollarini aniqlash maqsadida muntazam reyd tadbirlari uyushtirilmoqda. Buni mintaqaviy kommunikatsiyalar xizmatida o‘tgan brifingda Turkiston viloyat politsiya departamenti mahalliy politsiya xizmati boshqarmasi tabiatni muhofaza qilish guruhining katta inspektori N. Tumanbayev ma’lum qildi.
Lolani yulganlar Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 339-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoyatni sodir etgan shaxs harakati dalillangan taqdirda sud qarori bilan OHKning 3 000 baravari miqdorida jarima solish yoki qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin. Yil boshidan beri viloyat aholisi noqonuniy uzgan 57 dona lola musodara qilindi, – dedi N. Tumanbayev.

Shuningdek, Turkiston viloyati o‘rmon xo‘jaligi inspeksiyasi bo‘lim rahbari X. Jo‘rabekov lolalarni himoya qilishga oid choralar haqida ma’lumot berdi.

Sirdaryo – Turkiston Davlat mintaqaviy bog‘i turizm bo‘limining rahbari G‘. Nazarbek esa tabiat qo‘ynida hordiq olishga chiqqanlardan ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarda lola bilan tushgan suratini e’lon qilayotganini aytib, tabiatning bebaho boyligini ko‘z qorachig‘idek asrashga da’vat etdi.
“Janubiy Qozog‘iston”
gazetasi

UYLAR QURDIK, TO‘YLAR QILDIK...
– 50 so‘tix issiqxona tashkil qiluvdik. Mana, kam bo‘lmadik. Shuning orqasidan uylar qurdik, to‘ylar qildik.
– Fermer xo‘jaligimiz kengayib boryapti. Foyda ham yomon emas. Shuning hisobidan bu yil bir qiz chiqarib, bir o‘g‘il uylantirdik.

– Kredit olib, qandolat sexi tashkil qilganmiz. Yomon emas. Bu yil o‘g‘limiz universitetni bitiradi. Unga uy qurib, keyin uylantirishimiz kerak.
Radioda har kuni shunday intervyularni eshitaman. Biron kishi “Bu yilgi daromad hisobidan ayolim (xo‘jayinim) ikkimiz Misrga (yo Dubayga), Parijga (yo Xitoyga), Tojmahalni ko‘rishga bormoqchimiz”, demaydi-ya!
Husan KARVONLIning
Feysbukdagi sahifasidan olindi.

Materiallarni
Javharbek QODIROV saraladi.

Manba: 21asr.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Odamlar nima deydi? (Ikkinchi maqola)