
O‘zbekistonda fuqarolar o‘z avlod shajarasini yanada chuqurroq o‘rganishi mumkin bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda “Shajara” deb nomlangan yangi axborot tizimini ishga tushirish tashabbusi ilgari surildi, deb xabar berdi zamin.uz.
Taqdimotda aytilganidek, yangi platforma aholiga o‘z qarindoshlik tarmog‘ini shakllantirish, tug‘ilish, nikoh va vafot kabi holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni ko‘rish, shuningdek, genetik ma’lumotlar orqali olis qarindoshlarni topish imkonini yaratadi.
Yig‘ilishda arxiv tizimidagi muammolar va modernizatsiya zarurati ham muhokama qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, mamlakat arxivlarida 16 millionga yaqin hujjat saqlanmoqda, shu jumladan 1,3 millionta qimmatli va noyob materiallar mavjud. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari UNESCO‘ning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kirgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, hujjatlarni raqamlashtirish sur’ati hozircha juda past — yiliga atigi 2 foiz. 2030 yilga borib arxiv fondining kamida 60 foizini raqamlashtirish, noyob hujjatlarni esa to‘liq elektron formatga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bunga erishish uchun arxiv axborot tizimlarini yagona platformaga birlashtirish, hujjatlarni RFID texnologiyasi asosida ro‘yxatga olish, ularni onlayn kuzatish va sun’iy intellekt orqali tezkor tasniflash kabi imkoniyatlar joriy etiladi. Shuningdek, tuman va shahar arxivlari vazifalari hududiy boshqarmalarga o‘tkazilishi belgilangan.
Prezident Mirziyoyev ushbu yangilanishlar tizimli amalga oshirilsa, aholi va tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratilishini ta’kidlab, sohada samaradorlikni yanada oshirish zarurligini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.