date
views 2 808

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori: Iddaodan muddao nima?

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori: Iddaodan muddao nima?
Ma’lumki, millatni millat sifatida namoyon etadigan va dunyoga tanitadigan vosita bu tildir. Til, o‘z navbatida, xalq milliy ongi va milliy tafakkurining ifodasi, o‘zligini anglashi, ijtimoiy hayoti, turmush tarzi va dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liqdir. Tarixdan yaxshi ma’lum, o‘zbek xalqining buyuk mutafakkir-olimlari jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissalari – o‘lmas asarlarini ham o‘z tillarida bitganlar. Ajdodlarimizning ulkan aqliy salohiyati bilan yaratilgan asarlar, ularda ifodalangan purhikmat fikrlar, hamma zamonga tegishli bo‘lgan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy qarashlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Tilimizning bugunga qadar talafotlarsiz yetib kelishi zamirida esa, xalqimizning o‘z ona tilini jonidan sevishi, ardoqlashi, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi yotibdi. Bundan ming yil avval Mahmud Koshg‘ariy shunday ta’kidlagan edi: “Xudo davlat quyoshini turklar (o‘zbeklar) burchida yaratdi. Falakni ham shular mulkiga moslab aylantirdi. Ularni turk (o‘zbek) deb atadi, mulkka ega qildi, ularni zamonamizning hoqonlari qilib ko‘tardi. Zamon ahlining ixtiyor jilovini shular qo‘liga topshirdi, xalqqa bosh qildi, bularni to‘g‘ri yo‘lda yurishga qodir qildi. Bularga qarashli kishilarni g‘olib qildi. Ularga qarashli kishilar maqsadlariga yetib, beboshlar halokatidan qutuldi. Ularning o‘qlaridan saqlanmoq uchun ularning xatti-harakatlarini mahkam tutmoq har aqlli kishiga loyiq va munosibdir. Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l – ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular til tufayli o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar”.

Taassufki, o‘tgan asrdagi mustabid tuzum davrida o‘zbek tili yarim asrdan ziyod mafkuraviy, siyosiy, ma’muriy bosim ostida bo‘ldi. Til himoyasiga chiqqan millat ziyolilari qatag‘on qilinib, O‘zbekistonda rus tili rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi. Nihoyat, 80-yillarning oxiriga kelib, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish imkoniyati tug‘ildi. Birinchi Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish tashabbusi bilan chiqib, kuchli iroda va qat’iy jur’at bilan himoya qilib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishiga erishilgani davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishimiz yo‘lida tashlangan birinchi katta qadam bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining huquqiy asoslari mustahkamlanib, qo‘llanish doirasi ham sezilarli ravishda kengaydi. Eng avvalo, Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb qat’iy belgilab qo‘yildi. Bosh Qonunimizdan kelib chiqib qabul qilingan qator qonun hujjatlari bilan bu boradagi huquqiy mexanizmlar yanada takomillashtirildi. Shu bilan birga, til sohasidagi qonunchiligimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmasligi ham aniq ifodalab qo‘yilgan. Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning biron bir moddasida yurtimizda ahil-inoq umrguzaronlik qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining o‘zaro muloqotlarida til tanlashni cheklovchi yoki taqiqlovchi normalar mavjud emas.

Shuning uchun ham yaqinda bir guruh “o‘zbek ziyolilari”ning O‘zbekistonda “Davlat tili haqida”gi Qonunga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy til darajasida huquqiy maqom berish haqidagi iddao bilan chiqqanlari keng jamoatchilikda keskin haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Va bu tabiiy ham edi. Chunki til xalqning ma’naviy yuksalishida eng yuqori o‘rinda turishi isbot talab etmas haqiqatdir. O‘zbek xalqining ming yillar mobaynida shakllangan boy madaniy-ma’rifiy, ilmiy-ma’naviy merosi shu tilda yaratilmaganmi, axir? Rus tiliga ham rasmiy maqom berish o‘zbek millatini tarixidan, ma’naviyatidan, milliy qadriyatlaridan, o‘zligidan mosuvo qilishga, jamiyatni ikkiga bo‘lishga urinish emasmi?

Vaholanki, bugun qaysi bir xorijiy tilni o‘rganaman degan yurtdoshimizga barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud, xohlasa, salohiyati yetsa bir emas, bir necha tilni egallashi mumkin. Bizda hech qaysi tilga, ayniqsa, rus tiliga nisbatan ola qarash yo‘q va bo‘lmaydi ham, aksincha, rusiyzabon fuqarolarning huquqlari ular o‘zlari kutganlaridan ham ziyod ta’minlanmoqda.
Birgina ta’kid, Hukumat muassisligida o‘zbek tilida bitta (“Xalq so‘zi”), rus tilida esa ikkita (“Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”) gazetalari 25 yildan beri chop etib kelinmoqda. Yoki rus adabiyoti namoyandalarining yuz jildligini o‘zbek tilida chop etilayotgani, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan rus maktablarining aksariyat o‘quvchilari o‘zbek bolalari ekani, bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demak, rus tiliga shundoq ham e’tibor yetarlicha bo‘lgan davlatda unga rasmiy maqom berishga qanday hojat bor?

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ziyolilarning bu xurmacha taklifi ortida “ko‘rinmas kuchlar” – Hukumat amaldorlari turibdi, degan taxminlar ham uchramoqda. Vaholanki, davlat ham, Hukumat ham o‘zi tanlagan yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, ya’ni ikki tillikka yo‘l qo‘ymaydi, bu “o‘yin” ortida turgan bo‘lsa, faqat millatparast va shovinist kimsalar yashiringan bo‘lishi mumkin. Chunki biz huquqiy demokratik yo‘ldan ketyapmiz, amaldagi qonunlarga o‘zgartirish kiritish zarurati bo‘lsa, Hukumat o‘zining qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanib, bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga rasman murojaat etadi. Parlamentga hozircha bunaqa murojaat bo‘lmagan va bo‘lmasligiga ham ishonchimiz komil.

Shunday ekan, turli ehtiroslarga berilib, buzuq g‘oya tashabbuskorlarining tegirmoniga suv quymaylik-da, og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan ularning taklifi xomxayol ekanini asoslaylik. Bu o‘rinda ona tilimizning mavqeini mustahkamlash, uning nufuzini ko‘tarish, yanada ravnaq topishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni kuchaytiraylik.

Binobarin, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha joriy yilgi Davlat dasturida tilimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, yurtimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish choralarini ko‘rish masalasida ham, avvalo o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan foydalanamiz. O‘quvchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy ta’lim muassasalarini barpo etish bo‘yicha «Zamonaviy maktab» dasturining qabul qilinishi va yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish esa, farzandlarimizga ona tili va adabiyoti fanlarini yanada chuqur o‘rgatish, ularda o‘z tili bilan g‘ururlanish tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat dasturida belgilangan milliy-madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari rolini yanada oshirish va ularning aholi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish masalalari, o‘z navbatida, yurtimizda boshqa millat va elatlar vakillarining ham urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari, tiliga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat beradi. Shuningdek, Milliy axborot makonini himoya qilish bo‘yicha Internet tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasini ishlab chiqishda ham davlat tilimiz ustuvor o‘rin tutishi shubhasiz.

To‘g‘ri, tilimizni e’zozlash, unga diqqat va e’tibor bilan qarash, til to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlashda ayrim kamchilik va muammolarimiz ham yo‘q emas. Misol uchun, bugun til sofligini saqlash eng dolzarb vazifaga aylanmoqda. Qolaversa, ba’zi rasmiy idoralarda o‘zbek tilida ish yuritish hamon qonun talablari darajasida emas, ularning rus tilida ish yuritish odatini tashlashlari qiyin kechmoqda. Ko‘chalardagi nomlar, peshlavhalar, shiorlardagi g‘aliz jumlalar, imloviy xatolar, yasama so‘zlar, do‘konlar, firma va tijorat korxonalariga qo‘yilgan almoyi-jalmoyi yevropacha nomlar hamon ta’bimizni xira qilmoqda.

Demak, tilimizga e’tiborni kuchaytirishni har birimiz eng birinchi galda o‘zimizdan boshlashimiz maqsadga muvofiq. Eng keraklisi, davlat tiliga oid qonun buzilish holatlariga befarq va loqayd qaramaslik, qonunchilik ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz muhim. Zero, tilimizni hurmat qilish o‘zimizni hurmat qilishdir. O‘zbekning zo‘r shoiri Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda: “ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak.”

Rus tiliga rasmiy til maqomini berish haqidagi taklifni ilgari surgan “bir hovuch” ziyolilarga esa, Qahramon shoirning bu purma’no o‘gitlari ta’sir qiladimi, yo‘qmi, ularning vijdoniga havola. Biz esa, bu taklifni faqat va faqat O‘zbekiston mustaqilligiga daxl qilishga urinish sifatida baholaymiz. Ularning iddaolaridan muddao esa... biz uchun HECh NIMA!
Eldor TULYaKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori: Iddaodan muddao nima?