
Toshkent shahrida bir necha yildan beri narkotik moddalar sotish bilan shug‘ullanib kelgan ayol va uning ikki o‘g‘li qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, maxsus tezkor tadbir sharofati bilan oilaviy tarzda tashkil qilingan noqonuniy savdo zanjiri fosh etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi IIBB va Bojxona xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan murosasiz amaliy chora-tadbir paytida butun operatsiyaning izi topilgan. Tojikistondan kontrabanda qilib olib kelinayotgan giyohvand moddalarni poytaxtga yetkazish va tarqatish bilan shug‘ullangan oila a’zolari oldindan kuzatuvga olingan.
Tezkor tadbir jarayonida Toshkent viloyatining “Ohangaron – Piskent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Equinox mashinasi to‘xtatilgan. Avtomobilda bo‘lgan 49 yoshli ayol va 26 yoshli o‘g‘li tojikistonlik sheriklari yashirib ketgan giyohvand moddalarni olish uchun yo‘lga chiqqanligi aniqlangan. Ularning uyali telefonlari tekshirilganda Telegram orqali narkotik moddaning aniq geolokatsiyasi, muayyan rasmlari va topshiriqlar yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng tezkorlar Piskent tumanidagi yo‘l chetida pul to‘plamidek yashirilgan 4 kg 985 gramm gashish moddasini ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirgan. Bu hali hammasi emas — ularning Olmazor tumanidagi xonadonidan qo‘shimcha ravishda 1 kg 124 gramm opiy va 1 kg 976 gramm gashish ham topilgan. Tekshiruv chog‘ida ayolning 1996-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan ikkinchi o‘g‘li ham protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilindi.
Ushbu oilaga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta og‘ir moddalari — 28,246-modda 2-qism va 25,273-modda 5-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda va ish to‘liq ochiqqa chiqarilishi kutilmoqda.
Tezkor qo‘lga olish jarayoni yana bir bor huquq-tartibot organlari giyohvandlikka qarshi qat’iy kurash olib borayotganini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.