date
views 3 118

Shaxmat o‘ynab o‘zini ovutadigan boshpanasiz odam qismati

Shaxmat o‘ynab o‘zini ovutadigan boshpanasiz odam qismati
Chilonzor. Minglab odamlarga boshpana bergan Toshkent shahrining bir tumani.

Shu nomli metrodan chiqaman. Goh ishdan charchab, goh darslardan horib o‘zimni nima bilandir ovutgim, yana nima bilandir chalg‘igim keladi. Shunda soatlab shaxmat taxtasiga termulib turgan otaxonni kuzataman. U hayotning qaysidir bekatida qiyinchiliklarga duch kelgan. Uzoq-uzoq o‘ylab shaxmat donalarni suradi. Yutsa ham, yutqazsa ham xafa bo‘lmaydi. Chunki bu oddiy o‘yin. Qolaversa, insonda omad har doim ham ustunlik qilavermaydi...

1949 yil avgust oyida tavallud topgan Rustam Aleksey shaxmat o‘ynashni juda yaxshi ko‘radi. Yoshi 70 ga yetgan. Ammo hali ham 7 yoshida o‘rgangan o‘yin sirlarini yodidan chiqarmagan. Yonidan shaxmat o‘yinini biladigan odamlar o‘tsa u bilan albatta dona surib, kuchini sinab ko‘radi.

- Samarqanddagi 43-maktabda tengdoshlarimning biridan yaxshiroq, yana biridan yomonroq o‘qib ta’lim olganman, - deydi Rustam Aleksey. - Dadam injener edi. Elektr sohasida ko‘plab muhandislik ishlarini amalga oshirgan. Maktabni tamomlab unga shogirdlikka tushib birga ishlaganman. Toshkentda metro qurish ishlari boshlangandan so‘ng bu yerga oilaviy ko‘chib kelganmiz.

Otam metro qurilishiga munosib hissa qo‘shgan, shuning uchun davlat tomonidan uy berilgan. Ota-onam, akam, opam bilan birgalikda shu uyda turardik. Oradan yillar o‘tdi. Ota-onam vafot etdi. Akam Samarqandga qaytdi, opam ancha vaqt men bilan yashadi. Jigari og‘rib ko‘p o‘tmasdan oila qurishga ulgurmay u ham vafot etdi. Men yolg‘iz qoldim. So‘ng uylandim. Farzandli bo‘ldim. O‘g‘lim Ruslan hozir Rossiyada.

(Eshitishimcha uylanib farzandli ham bo‘lganmish). Farzandim Toshkentdagi uyimizni yaqin o‘rtog‘iga arzon haq evaziga sotib, o‘zi Rossiyaga ketgandi. Ming afsuski, o‘g‘lim bizni tashlab ketgandan so‘ng ayolim ham ko‘p o‘tmay olamdan o‘tdi. Ishonaman, o‘g‘lim hammasini eshitgan. Shuning uchun, bu yerlarga kelishga uyalsa kerak. Rossiyaga ketganiga ham bu yil yozda 15 yil bo‘ladi...

Rustam Aleksey o‘g‘lini kelmasligini bilsa-da kutishdan charchamaydi. Qalbida esa onasini oxirgi manziliga kuzatishga yaramadi, hech bo‘lmasa otasini o‘ligini yerda qoldirmas, degan o‘tinch bor.

- Yaqinlar mehrini qumsayman. Tushlarimda yoshlik davrlarimni, ota-onamni ko‘raman. Hozir tengdoshlarim nabiralarini tarbiyalayapti, baxtiyor bobo bo‘lgan. Mening esa daydidan kam yerim yo‘q. Yosh bolalar meni ko‘rsa qochishadi, ko‘p ham menga yaqinlashavermaydi. Shu dilimni ranjitadi. Axir menda ham qalb bor. Bolalarni erkalab, ularni o‘ynatgim keladi. Gohida o‘ylab qolaman, qaysi gunohim uchun bu qiyinchiliklarni boshimdan kechirayotgan ekanman, deb. Ammo javob topa olmayman...

Dilobar Mamatova

Manba: Uza.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shaxmat o‘ynab o‘zini ovutadigan boshpanasiz odam qismati