18:21 / 24.06.2019
3 161

Bolalikdan mahrum bolalar

Bolalikdan mahrum bolalar
Fizika va oliy matematika besh yoshdan boshlab. Biznes asoslari to‘rt yoshdan boshlab. Musiqa maktabi uch yoshdan boshlab. Figurali uchish va nafis gimnastika ikki yoshdan boshlab. Chet tili bir yasharligidan. Tug‘ilganidan boshlab intellektini rivojlantirish... Hozirgi bolalarda bolaligidan boshqa hamma narsa bor...

Albatta, hech kim ulardan so‘rab ham o‘tirmaydi. Qolaversa kim ham uch yasharligida langarcho‘p bilan sakrash, skripka chalish yoki kichkintoylar uchun birja kurslari unga kerak yo kerak emasligini biladi? Odatda bolalar bu yoshda o‘ynash va dunyoni anglashni xohlaydi. Lekin ularning vaqti yo‘q – ertalabdan kechgacha seksiyalarga, to‘garaklarga, kurslarga, repetitorlarga qatnab, muvaffaqiyatga erishish va yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirishlari shart (bu ayniqsa bog‘cha bolalari va emizikli bolalarga «juda kerak»).

Ularning ota-onalari nima bilan shug‘ullanishadi? Hayotdagi o‘rnini boy bermaslik uchun kichik biznesning og‘ir yukini tortib yurishibdi. Bank va ofislarda ishlashmoqda. Besh tiyinga olingan narsani bir so‘mga sotish bo‘yicha menejer bo‘lib ishlashadi yoki nima mumkin bo‘lsa shuni piar qilish bilan shug‘ullanishadi. Mayda amaldor kursisini egallab, pashsha qo‘rib vaqt o‘tkazishadi. Umuman olganda, o‘zlarining kerakligini his qilmaydigan va zarracha qoniqtirmaydigan bema’ni ish bilan umr o‘tkazishadi. Ular uchun ish – professional muvaffaqiyatga erishuv yoki jamiyatga xizmat qilish emas, balki nima qilib bo‘lsa ham tirikchilik uchun pul topish vositasidir.

Biroq ro‘yobga chiqmagan ambitsiyani qayoqqadir yo‘naltirish kerak, yo‘qsa aqldan ozish mumkin. Axir hayot og‘ir va zerikarli, ishda ma’no yo‘q, yillar yeldek o‘tib ketayapti, ipoteka va kreditlar sirtmog‘i bo‘yinda, oldinda esa – mavhumlik.

Shunga qaramay yaxshiyam bola bor – bularning hammasi uning uchun, uning ta’lim olishi, karerasi, muvaffaqiyati uchun. O‘zingning taqdiring burun qoqib tashlab yuboriladigan qo‘lro‘molchaga o‘xshaydi.

Dilbanding kelajakda senday qiynalmaydi.

Men suzishni, shu jumladan sinxron suzishni o‘rgatadigan munitsipal basseynga qatnayman: uning seksiyalarida uch-besh yashar bolalar haftasiga bir necha marta ikki soatdan shug‘ullanishadi. Ular nimadan qaltirayotganini bilib bo‘lmaydi: suvning sovuqligidanmi yo murabbiylarning baqiriq-chaqiriqlaridanmi? Bir kuni bir bolakay o‘rindiq ostiga yashirinib, mashg‘ulot tugaguncha – murabbiyi uni topib olguncha shunday o‘tirdi, bu bolalarcha sho‘xlik emas, qo‘rquv va yoqmagan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishni xohlamaslik ifodasi edi.

Men ustiboshxonada, mashg‘ulotlar tugab ularda yana ozgina vaqt bola bo‘lish imkoni paydo bo‘lganda bu bolalarning chehrasida quvonch ko‘raman. Ularni navbatdagi sport mashg‘ulotiga, ma’rifiy jazolanishga olib ketishlaridan oldin ham yuzlaridan hali quvonch ketmagan bo‘ladi. Basseynning kutish xonasida esa onalari – yosh, ammo ozib-to‘zib ketgan, holdan toygan ayollar kutib turishadi. Ba’zilarining qulog‘iga telefon yopishib qolgan, ayrimlari uxlamoqda yoki internetda izg‘imoqda. Bekor kutib o‘tirishdan ko‘ra basseynda vaqt o‘tkazishga ularda ishtiyoq ham, kuch ham yo‘q. Ular uchun bolalari suzishadi.

Uyimning yonida 0+ yoshli bolalar uchun «intellektni rivojlantirish markazi» bor. U yerda shaxsni Uyg‘onish davriga xos uyg‘un rivojlantirishni taklif etishmaydi, lekin tez o‘qishni o‘rgatishni va’da qilishadi. O‘qishda eng asosiysi tezlik go‘yo. To‘rt yashar bolaga besh xonali sonlarni yoddan ko‘paytirishni, solfejjio va partiturani o‘qish va hokazolarni o‘rgatishadi. Markazga bolalarni mashinada siyqa repni bor ovozida eshitib kelayotib ishga shoshayotgan otalar yoki ish va ro‘zg‘or tashvishlaridan ezilgan, yo‘l-yo‘lakay ijtimoiy tarmoqlarni varaqlab, o‘payotganday labini cho‘chchaytirib selfiga tushib, rasmini shu zahoti «Instafram»ga joylaydigan onalar olib kelishadi.

Bolasining aqlli, baxtli va boy bo‘lishini xohlovchi ota-onalar o‘zlari ham rivojlanishlari kerakligini allaqachon unutib qo‘yishgan.

Ha, mening bolaligimda ham bolalar to‘garak, seksiya, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnar edi. Ijod uylarida yo‘q narsaning o‘zi yo‘q edi: yumshoq o‘yinchoqlar, to‘qish, fotografiya, radio to‘garaklari, florashunoslik, shaxmat, aviamodel, kitoblarni muqovalash, oriyentir olish sporti va h. Men ko‘plab ajib, ammo keraksiz ko‘nikmalarni o‘sha paytlari o‘rganganman: Morze alifbosini, plyonka chiqarishni, sintepondan mushuk yasashni va skripkada «Neapolitan qo‘shig‘i»ni aytishni (eshitmaganingiz ma’qul) bilaman.

Biroq bu biz uchun maktabdan keyin ko‘ngil yozish, vaqtni mazmunli o‘tkazish vositasi bo‘lgan. Buning ota-onalar uchun eng katta foydasi bolalar ko‘chada sang‘imay nimadir bilan bandligidan ko‘ngilni xotirjam qilish, o‘rni kelib qolganda esa, masalan, bolasiga pianino chaldirib mehmonlar oldida ozgina maqtanish edi.

Endi esa ushbu to‘garak va seksiyalarning hammasi qiynoq vositasiga aylanayapti. Boladan goh-gohida yolg‘iz qolish huquqi, o‘yinqaroqlik huquqi, bolaligi tortib olinmoqda.

Bizning davrimizda hammasi oddiy va quvonchli edi – hovli, qaroqchilar o‘yini, saqich yo plastilin puflab otiladigan naychalar, rogatkalar, pichoqchalar... Sovet bolalarining eng asosiy ermagi – karbid, uyda esa kitob edi. Hozirgi bolalar esa intellektni rivojlantirish bo‘yicha son-sanoqsiz kurslarga qatnashadi, zug‘um bilan kitob o‘qishadi, butun hafta mobaynida qachon qayerga borishi soatigacha yozib qo‘yilgan. Go‘yo u bola emas, vaqti o‘ta tig‘iz siyosatchi yoki biznes-korporatsiya boshlig‘i.

Men tojikistonlik migrantlarning farzandi bo‘lmish ikki yashar qizchani ko‘rganman, ular Rossiyada bolasining kelajagi porloq bo‘lishi uchun unga kuchukchani o‘yin ko‘rsatishga o‘rgatganday dunyodagi hamma davlatlarning poytaxtlarini yodlatishibdi. Juda ajoyib, lekin tomoshadan boshqa narsa emas. Go‘daklar uchun mo‘ljallangan ushbu kurslarning bari shunday shunday dressirovkadir, chunki tili chiqqanidan boshlab savollarga to‘g‘ri javob berishga o‘rgatiladigan bunday bolalar mustaqil fikrlashni o‘rganishi amrimahol.

Kim ko‘proq to‘garak va seksiyalarga qatnagan, kim nechta sinfni ekstern bitirgan, kim rivojlanishda tengqurlaridan necha yil o‘zib ketgan, kim maktabga olti, besh, to‘rt yoshida borgan – ushbu «ko‘proq, balandroq, kuchliroq»lar kimga kerakligini tushunmayman. Ota-onalarning dimog‘ini chog‘ qiladigan bu poyganing oxiri ham, foydasi ham yo‘q. Buning ustiga ularning ko‘pchiligi hatto «samarali metodika bo‘yicha rivojlantiruvchi kurslar», «mantiqiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirish», «kichkintoylar uchun moliyaviy savodxonlik», «mental arifmetika» va shunga o‘xshash quloqqa yoqadigan safsatalarning qanchalik yomon va bema’niligini bilmaydi ham.

Lekin ota-onalar buni bolam mendan yaxshi yashasin deb yaxshi niyatda qiladi. Afsuslanarli joyi ham shunda. Chunki tushkunlikka tushgan, hafsalasi pir bo‘lgan ota-onalarning boshqa ilinji yo‘q.

«Golos. Deti»dagi g‘irromlik odamlarning qahrini keltirgani bejiz emas. Nega o‘taketgan tengsizlik va korrupsiyaga, hamma yaxshi joylarni siyosatchilar va artistlarning bolalari egallashiga chidab kelgan odamlar qandaydir bir qo‘shiqlar tanlovida boy va qo‘li uzun oilaning iste’dodsiz qizchasi g‘olib chiqqaniga chiday olishmadi? Chunki ularning o‘ziga nima qilinsa ham farqi yo‘q holatga tushib qolishgan, masala farzandlariga taalluqli bo‘lsa – farqi bor.

Rossiyadagi ijtimoiy liftning simlari uzilib ketgan, bu hammaga besh qo‘lday ayon. Ammo bolalar dunyosida hali mo‘’jizalar sodir bo‘lishi mumkin.

Shunga, bolalarni oxirgi umididan ham mahrum qilishganiga ota-onalar chiday olishmadi.

Men anchadan beri Rossiya nafis gimnastikada, figurali uchishda, baletda birinchi o‘rinda ekanidan g‘ururlanmay qo‘yganman. Bolalariga ikki yasharligidan konki kiydiradigan, uch yasharligidan esa o‘rta asrlardagi inkvizitorlarning tushiga ham kirmagan tarzda majburlaydigan mamlakatni quvib o‘tish mushkul. Biz paralimpiadalarda bo‘lgani kabi sport va san’atning mazkur turlarida ham birgina sababga ko‘ra birinchimiz – nogironlar jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ba’zan esa uyga kiriladigan yo‘lakda pandusga ega bo‘lish uchun sport yagona imkoniyatdir.

Ota-onalar bolasining qichqiriq va o‘kirishlarini eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib olganini ularning o‘ta shafqatsizligiga yo‘ymaslik kerak. Ular mo‘’jiza yuz berishiga, bolasining kelajagi porloq bo‘lishiga ishongani uchun shunday qilishadi. Darvoqe, kimningdir rostan ham kelajagi porloq bo‘lishi mumkin: figurali uchish va baletda kimningdir qizi yoki o‘ynashini chempion yo yetakchi balerina qilishning deyarli iloji yo‘q (hammaga ma’lum istisno buni tasdiqlaydi).

Biroq baletning haqiqiy tarixi "Bolshoy teatr" sahnasida emas, figurali uchish va gimnastikaniki chempionlik shohsupasida emas. Hatto nihoyat figurachi bolalarga qanchalik qiyinligi haqida gapirgan Yuliya Lipnitskaya ham yaqqol namuna emas – nima bo‘lganda ham u muvaffaqiyatga erishgan, olimpiada chempioni bo‘lgan, hayotda o‘z o‘rnini topgan. Haqiqiy ko‘ngilsizlik hech nimaga erisholmagan minglab bolalarning taqdirida ko‘rinadi. Ularning nega muvaffaqiyatga erisholmagani – boshqa masala.

Ularning barchasi bolaligini trenirovkalarda o‘tkazishadi, voyaga yetib o‘xshamagan, hatto o‘zlari tanlamagan karerasini tugatgach esa hammasini boshidan boshlashga majbur bo‘lishadi. Ularning aksariyatini ma’lum vaqt shahar bayramlari va bazmlarida ko‘rish mumkin – Moskvada figurachilarning chiqishlari 2000 rubl turadi, ba’zan bundan ham ko‘p to‘lashadi. Ha ko‘pchiligimizning hayotimiz o‘zimiz yo ota-onalarimiz xohlaganday bo‘lmaydi. Lekin bolaligim – poshsholigim deb o‘zimizni ovutamiz, chunki ko‘pchilik bolaligini boladay o‘tkazmagan bo‘ladi.

Rossiyada hammaning vaqti oz. Yoshing ulg‘aygani sayin muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyating kamayib boraveradi – agar yoshing o‘ttizda bo‘lsa G‘arbda sen kelajagi porloq yosh insonsan, Rossiyada esa pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan, ishlatib bo‘lingan materialsan.

Ko‘p mamlakatlarda asabiylashmasdan o‘zingni biron nimada sinab ko‘rishing, tanlashing, o‘ylashing, sayohatga chiqishing yoki shunchaki vaqtichog‘lik qilishing mumkin. Shundan keyingina butun umringga tatigulik biron ishning boshini tutasan. Rossiyada esa yoshing o‘n sakkizga qancha yaqinlashsa omading kelishiga ishonching shuncha kamayadi.

Omad esa hamisha kelavermaydi. Rossiyadagi mehnat bozori ham taxminan bunday: «Yirik kompaniyada karera qilishni istaysizmi? Bizning savdo markazimizga kassir, novvoy, qassoblikka keling. Ingliz tilini bilasizmi, dunyodagi voqealar markazida bo‘lishni xohlaysizmi? Metropolitendagi kassir lavozimi sizga muntazir. O‘zgacha fikrlaydigan ijodkor insonmisiz? Bizda shisha idishlar yorlig‘i dizayneri o‘rni bo‘sh...».

Uchta tilni biluvchi chayqovchilar, besh diplomli ofis-menejerlar talash. Shunday ekan, bugun har xil kurs va seksiyalarga qatnab ezilib ketgan bolalar ertaga nari borsa menejerlar, idora munshiylari, hisobchilar, piarchilar, mayda amaldorlar armiyasini to‘ldirishi aniq. Fransuz tilini, skripka chalishni, «ikki aksel – uch tulup» usulida sakrashni bilish, ehtimol, ishga kirishda ustunlik berar.

Yelizaveta Aleksandrova-Zorina
jurnalist (Rossiya)

Tahririyatdan: Maqolani rossiyalik jurnalist yozgan va unda Rossiyadagi muammo qalamga olingan esa-da, Rossiya o‘rniga O‘zbekiston deb o‘qilsa ham ko‘p narsa o‘zgarmaydi. Aksincha, ayrim sport turlari va bolalar mashg‘ulotlarini o‘zbekcha muqobiliga almashtirib o‘qilsa (masalan, "langarcho‘p bilan sakrash"ni futbol, "skripka chalish"ni "mol boqish"), maqola xuddi biz haqimizda yozilgandek. Demak, maqoladan chiqaradigan xulosalarimiz talaygina.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalikdan mahrum bolalar