
O‘zbekistonlik yirik tadbirkorning Parijda, aynan triller filmlarini eslatuvchi sharoitda o‘g‘irlab ketilishi va keyinchalik tovon evaziga qo‘yib yuborilishi haftaning eng ko‘p muhokama qilingan voqealari qatoriga kirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Anorbankning asosiy aksioneri Qahramon Olimov 23 iyun kuni Fransiya poytaxtida noqonuniy ravishda asir olingan va 10 million dollar to‘lash uchun bosim ostiga tushgan, biznesmen esa 200 ming dollarlik avvalgi to‘lovdan keyin ozodlikka chiqarilgan.
Tergov materiallariga tanish bo‘lgan Le Monde gazetasi yozishicha, 48 yoshli bankir 22 iyun kuni Fransiyaga, mahalliy sheriklari bilan muzokaralar va ko‘chmas mulk xaridi maqsadida kelgan. Shu kuni u o‘z mehmonxonasi barida bo‘lgan paytida o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan, o‘zgacha kiyimdagi bir ayol unga yaqinlashib, tanishishni taklif qiladi. Turkiyada kosmetik salonda ishlashini aytgan, inglizcha va ruscha so‘zlashgan bu ayol Olimovni baliq restoraniga taklif etadi. Mehmonxonadan chiqib, bir necha qadam yurishgach, ularni notanish shaxs to‘xtatib, rus tilida, “chechencha aksent” bilan gapirgan va ikki sherigi bilan birga Olimovning qo‘llarini qayirib, mikroavtobusda olib ketgan.
Mikroavtobus bir necha soat harakat qilganidan so‘ng, bankir baland panjarali bir uyga olib boriladi. U yerda Qahramon Olimov sobiq bankdoshi B.R.ning yaqin insonlaridan biri bilan yuzma-yuz kelgan. Olimov tergov davomida B.R.ni “qonundagi o‘g‘ri” va nufuzli jinoiy tuzilma a’zosi sifatida atagan. Olimovning aytishicha, ular o‘rtasidagi kelishmovchilik bankdagi aksiyalar masalasiga borib taqaladi: B.R. Olimovni Turkiyada vaqtincha quvg‘inda bo‘lgan paytida bankdagi ulushini sotib yuborganlikda ayblab keladi.
Qaysiki, o‘g‘rilar Olimovni avval mazkur uyda, keyin esa Nitssadagi villaning yerto‘lasida zo‘ravonlik bilan kaltaklashgan, hatto bo‘yniga tig‘ tortishni imitatsiya qilishgan. Oxirida bankir 5 million dollarlik qarz haqida tilxat yozib berishga majbur bo‘lgan. U o‘z haydovchisi orqali Toshkentdagi vositachi shaxsga 200 ming dollar avvalgi to‘lovni amalga oshirgach, ozodlikka chiqarilgan.
Fransiya matbuoti bu voqeani “Parijning nufuzli tumanlarida ro‘y bergan haqiqiy o‘g‘irlik hodisasi” deb ta’rifladi. Nashrda yozilishicha, “detektiv romaniga xos voqealar”dan fransuz politsiyasi va prokuraturasi ham hayratda qolgan. Jabrlanuvchi arizasidan keyin politsiya turk millatidan bo‘lgan gumonlanuvchini ushladi. Olimov esa tezda Toshkentga qaytib, shaxsiy xavfsizligini kuchaytirish uchun qo‘riqchi yolladi. O‘g‘irlikni tashkillashtirgan deb gumonlanayotgan shaxs esa Telegram orqali tahdid va talablar yuborishda davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar