date

Malibu-2 ishi: qoidabuzarlik va jarimalar ortidagi ochiq savollar (video)

Malibu-2 ishi: qoidabuzarlik va jarimalar ortidagi ochiq savollar (video)
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida davlat raqami 40 081 SBA bo‘lgan «Malibu-2» avtomashinasi bilan bog‘liq yuz bergan voqea keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, mazkur transport vositasi haydovchisi 100 tadan ortiq qoidabuzarlik sodir etgani va ularning 106 tasi “oxirgi zarurat holatida qoida buzgan” deb topilib, tegishli jarimalar bekor qilingani ma’lum qilingan.

Yana bir qiziq jihat – bu avtomashina viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) boshlig‘ining rafiqasi nomidagi korxonaga tegishli ekanligi to‘g‘risidagi xabarlar ham keng tarqaldi. Bu esa jamoatchilik orasida huquqiy tenglik va davlat organlarining xolisligiga nisbatan jiddiy savollar tug‘dirdi.

Viloyat Ichki ishlar bo‘limi YHXB matbuot xizmati rasmiy bayonot bilan chiqib, “fuqaro O‘.A. arizasiga asosan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, YHXB boshqarmasining besh nafar xodimi intizomiy jazoga tortilganini” ma’lum qildi. Shuningdek, “Malibu-2” avtomobili bilan sodir etilgan barcha qoidabuzarliklar uchun jarimalar belgilangan tartibda undirilgani qayd etildi.

Biroq rasmiy munosabatda ko‘plab muhim savollarga aniq javob berilmagan. Jumladan, jarimalarni qanday asosda va qaysi organ tomonidan bekor qilishga ruxsat berilgani, avtotransportni aslida kim boshqargani, u kimning nomida ro‘yxatda turgani va eng muhimi – ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimlarining sud qarori bo‘lmasdan “oxirgi zarurat” holatini belgilash vakolati bor yoki yo‘qligi hamon ochiqligicha qolmoqda.

Mazkur holat jamoatchilikda davlat organlariga ishonch, qonun ustuvorligi va huquqiy adolat masalalari borasida yanada ko‘proq savollar uyg‘otmoqda. Bu voqea jamiyatda shaffoflik va xolislik tamoyillarini ta’minlash zarurligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Malibu-2 ishi: qoidabuzarlik va jarimalar ortidagi ochiq savollar (video)