
Hozir dunyo mamlakatlarini bir muammo o‘ylantiryapti – koronavirus (COVID-19) infeksiyasiga qarshi qanday kurashish, virus tarqalishini qanday to‘xtatish, jahon miqyosidagi pandemiya oqibatlarini qanday yumshatish masalasi. Ayni paytda O‘zbekistonda ham karantin davom etmoqda. Aholimizda tibbiyotga noma’lum bo‘lgan yangi virusli kasallik haqida savollar juda ko‘p. Shu munosabat bilan Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan telefon orqali muloqot qildik. U caytimiz muxlislarining koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq bir qator savollariga javob berdi.
–Bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha shifokorlar, ayiqsa virusologlar zamonamiz qahramonlari hisoblanasizlar. Shu paytgacha o‘nlab bemorlarni davolab, sog‘lom hayotga qaytardingiz. Siz shu jarayonda faoliyat olib borayotgan shifokor sifatida hali hech kim tushunmayotgan yangi kasallik haqida nimalarni gapirib bera olasiz? Bemorlarda asosan qanday alomatlar ko‘zga tashlanadi? Amaliyotda nimalarni kuzatyapsiz?
–Bizlardagi bemorlarda ich ketishi, burun oqishi, tana haroratining ko‘tarilishi, ta’m sezmaslik, hid sezmaslik ko‘proq kuzatilyapti. Koronavirus – Covid-19ning kechishi bo‘yicha har xil turi bo‘ladi: yengil turi, o‘rta og‘ir va og‘ir turi. Ko‘pchilik bemorlar kasallikning yengil turida klinik alomatlar yaqqol sezilmagani uchun o‘zining kasallanganligiga ishonmaydi.
“Tahlil noto‘g‘ri chiqib qolgan, men kasal emasman” deydi va o‘ziga beparvolik qilib, sovuq suv ichadi, salqin havoda derazalarni ham ochib qo‘yadi. Bunda kasallikka boshqa infeksiya qo‘shilishi oqibatida bemor ahvolining og‘irlashishi yuzaga keladi. Uning ko‘krak qafasida og‘irlik, havo yetishmasligi, nafas siqilishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Bular pnevmoniya belgilaridir.
Hozir bizning asosiy vazifamiz bemorni erta aniqlab, tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizish va o‘z vaqtida davolash. Shunda kasallik asoratsiz tez o‘tib ketadi. Ammo ayrim bemorlar kech kelyapti. Shundaylarda infeksiya o‘pkaga o‘tganini kuzatishimiz mumkin.
Bizda 112 nafar bemor bor edi. Ular orasidan kecha sog‘aygan 19 nafar kishini reabilitatsiyaga kuzatdik. Ular orasida o‘zimizning hamshiralarimiz ham bor. Ulardan biri hamroq kasalliklari bo‘lgani uchun kasallikni juda og‘ir o‘tkazdi.
Kimning organizmida surunkali xastaliklar bo‘lsa, ortiqcha vazni ko‘proq bo‘lib, astma, gipertoniya, qandli diabet kabi xastaliklari, yurakda, o‘pkada qanaqadir muammolari bo‘lsa yoki oldin ham bir necha marta pnevmoniya o‘tkazgan bemorlarda koronavirus kasalligi og‘irroq o‘tadi.
–Bizda hozirgi kunda o‘pkani ventilyatsiya qilish uskunlari yetarlimi? Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish institutida nechtasi bor?
–Bugungi kunda o‘pkani ventilyatsiya qilish uskunalari bemorlarimizga bemalol yetib turibdi. Shifoxonamizning jonlantirish bo‘limi 8 kishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, bizda ayni paytda 12 ta apparat bor. Hozirda 6 nafar bemor shu apparatga ulangan. Bemorlarda nafas yetishmovchiligi boshlanganda ularni apparatga ulab, sun’iy nafasga o‘tkazamiz, bir necha kun davomida ular kuzatuvda bo‘lishadi. Bemorning nafas olishi izga tushib ketishi bilan apparatdan bo‘shatamiz.
–Koronavirus bilan kasallangan bemorlarning parhezida biron cheklovlar bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
–Yo‘q, ovqatlanishda cheklovlar yo‘q. Aksincha bu kasallik immunitet bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bemorlar yaxshi ovqatlanishi kerak. Biz kaloriyasi yaxshi bo‘lgan baquvvat ovqatlanishni, ho‘l mevalar, sabzavotlar, vitaminga boy taomlarni iste’mol qilishni maslahat beramiz.
–Infeksiyaning tibbiyot xodimlariga yuqish holatlari ham kuzatilgan. Koronavirusdan saqlanish bo‘yicha shifokor va hamshiralarga qanday maslahatlar berasiz?
–Tibbiyot xodimlarining virusdan saqlovchi maxsus jamlanmasi bor. Bu maxsus kombinezon, qo‘lqop, boshga va yuzga kiyiladigan niqob, ko‘zoynak va boshqalar. Ularni kiyish va yechishda ham qat’iy talablar mavjud. Masalan yechayotganda xodim qo‘lini yuziga, sochiga tekkizmasligi kerak. Ayniqsa qo‘lini ehtiyotlashi shart. Yechib bo‘lgandan keyin qo‘lini yaxshilab sovun va boshqa maxsus eritmalar bilan yuvib, keyin o‘zining kiyimlarini kiyishi mumkin. Maxsus kiyim qismlarini hammasini bosqichma bosqich tartibi bilan yechish lozim. Shu talablarni bajarsa virusdan himoyalangan bo‘ladi.
–Maxsus kiyimlarchi, ular ham dezinfeksiya qilinadimi?
–Hamma maxsus kiyimlar bir marta ishlatiladi. Ular bir marta kiyilgandan keyin tashlab yuboriladi. Keyingi safar ishga chiqqanda yangi maxsus kiyim kiyiladi.
–Chet el tibbiyotini ham kuzatib boryapmiz. Xabarlarda bemorlarni ko‘z qizarishidan bilib olish mumkin deyishyapti. Shu rostmi?
–Albatta, hamma viruslarda, oddiy grippda, adenovirus, rotaviruslarda bo‘lganiday koronavirusda ham ayrim bemorlarda ko‘z shilliq qavatlarining qizarishi, burun oqishi, butun tanada holsizlik sezilishi, badanning qaqshab og‘rishi kuzatiladi.
–Tuzalgandan keyin ham qandaydir asoratlari qolishi mumkinmi?
–Agar kasallik o‘z vaqtida aniqlanib, yaxshi davolansa hech qanaqa asoratga sabab bo‘lmaydi. Koronavirusning asosiy asorati – jigar to‘qimalarining fibrozga (chandiq) uchrashi. Bundan tashqari kasallikning juda og‘ir formalarida, bemor uzoq yotsa, har bir qiynalib olingan nafas uchun o‘pkada ham fibrozlar paydo bo‘lishi mumkin. Qon aylanishida ham ba’zi muammolar yuzaga keladi. Albatta kasallikni bu darajaga olib borish mumkinmas. Bu holatlar juda ham og‘ir turidan chiqqan bemorlarda kuzatilishi mumkin.
–Koronavirusdan saqlanish bo‘yicha yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar berasiz?
–Asosiysi shuki, birinchidan uyda o‘tirishsin. Bizlar ham mana bir oydan buyon, ya’ni 15 martdan beri ishdamiz. Judayam iltimos qilardim, iloji boricha uydan chiqishmasin. Biz ham uyimizga boraylik! Hammasi odamlarning o‘ziga bog‘liq, agarda aytilgan gaplarni qilib, o‘z vaqtida qo‘llarini tozalab yuvib turishsa, bu virusdan, albatta qutulamiz.
Manzura BЕKJONOVA suhbatlashdi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar