06:30 / 19.06.2020
2 818

Mablag‘lar qachongacha sandiqlarda qadrsizlanadi?

Mablag‘lar qachongacha sandiqlarda qadrsizlanadi?
Mamlakat iqtisodiyoti, uni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish haqida ko‘p gapiramiz-ku, ammo o‘zimizning asosiy imkoniyatlarimizga negadir ko‘pchilik e’tibor qaratmayapti.

Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra bugungi kunda yuridik shaxslar va aholining oxirgi uch yildagi depozitlar qoldig‘i 11 mlrd. AQSH dollaridan ortiqni tashkil yetadi. Mazkur mablag‘ning asosiy qismi aholi uyida saqlanayotgan yoki mamlakat "xufiyona iqtisodiyot"ida aylantirilayotgan bo‘lishi mumkin. Ushbu mablag‘ni rasmiy iqtisodiyotga jalb qilish uchun avvalo banklar tomonidan shu kungacha kimlarga va necha foizdan kredit mablag‘lari berilayotganligini tekshirish kerak. Undan keyin adolat mezoniga tayangan holda imtiyozli foizlarni ko‘llash lozim, deb bilamiz.

Uxlayotgan pullarni qanday uyg‘otamiz?
Birinchidan, yuridik shaxslar va ayniqsa aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish va jozibador, rag‘batlantiruvchi bank omonat turlarini taklif qilish, uning uchun banklarda kredit foizlarini kamaytirish, ya’ni real amaliy ishlar bajarish zarur, deb bilamiz. Chet el tajribasini qo‘llagan holda kredit berish uchun talab qilinadigan hujjatlarning minimal darajaga tushirish (2-4 tadan oshmasligi kerak).

Tijorat banklari tomonidan aholining omonatlarini jalb qilish maqsadida xususan, omonatga real inflyatsiya darajalaridan kam bo‘lmagan miqdorlarda foiz hisoblash bilan bir qatorda, yutuqli omonat turlarini keng joriy yetish lozim bo‘ladi. Bunda avvalo adolatlilik tamoyillariga to‘liq rioya qilish va har oy yakuni bilan yutuq egalarini ochiq, oshkora taqdirlashlarni o‘tkazish yaxshi samara berishi mumkin. Shu bilan birga omonatchining birinchi talabiga ko‘ra omonat pulini qaytarish ham ishonch oshishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, kapital bozorini rivojlantirish va davlat qimmatli qog‘ozlarini jismoniy shaxslarga sotishni tashkillashtirish.

Bugungi kunda davlat qimmatli qog‘ozlari banklarga birlamchi bozorda va yuridik shaxslar uchun ikkilamchi bozorda sotiladi. Bizda hozirgi kunda yuridik shaxslar ulushi juda ham kam miqdorni tashkil yetadi. Shuningdek, mazkur qimmatli qog‘ozlarni jismoniy shaxslarga va chet el investorlariga sotish ko‘zda tutilmagan. Davlat qimmatli qog‘ozlari ushbu toifalar uchun ham chiqarilishi zarur.

Uchinchidan, qimmatli kog‘ozlarni xarid qilayotgan shaxslar soliq imtiyoziga muhtoj emas. Qonunchilikka ko‘ra qimmatli qog‘oz sotib olgan jismoniy va yuridik shaxslar olayotgan dividendlaridan foyda solig‘i to‘laydi. Bu bozor bizda deyarli rivojlanmaganini hisobga olsak, ushbu soliqlar bekor qilinishi katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lmaydi, aksincha aholining qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan qiziqishi ortib va sotib olishiga ishonch paydo qiladi.

To‘rtinchidan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida «xufiyona iqtisodiyot» sektori ulushini qisqartirishga qaratilgan choralar belgilash. Bunda yangidan ro‘yxatdan o‘tib ish boshlagan va norasmiy faoliyatini rasmiylashtirgan tadbirkorlik sub’ektlariga birinchi uch yilda soliq imtiyozlari berish va ularga infratuzilma qulayliklarini yaratishda, axborot texnologiyalarini o‘zlarida joriy yetishda davlat tomonidan sheriklik asosida ko‘maklashish, tekshiruvchilar sonini keskin qisqartirib, masofadan turib kameral o‘rganishlar o‘tkazishga keng imkoniyat yaratish natija berishi mumkin.

Shuningdek, rag‘batlantiruvchi va taqiqlovchi chora-tadbirlar muvozanatiga e’tibor qaratilishi lozim. Rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar tom ma’noda tadbirkorlarga foyda keltirishi lozim. Masalan, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i kamaytirilishi, litsenziya va ruxsat etuvchi tartib qoidalarning soddalashtirilishi yoki bekor qilinishi, yuridik shaxslarga soliq imtiyozlari berilishi va hokazolar. Shuningdek, taqiqlovchi normalarni, ya’ni turli jarima va to‘siqlarni aniq belgilab berish va tadbirkor tomonidan amal qilinmasa javobgarlikka tortilishi mumkinligini ta’kidlash joiz.

Beshinchidan, aholi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun haqiqatda davlat tomonidan yordam berilishi kerak. Keyingi yillarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda ancha yengilliklar berildi, lekin joylardagi ijro organlari tomonidan yer, bo‘sh binolarni ajratilishida hanuzgacha muammolar borligi ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa yer ajratilishi bo‘yicha faqat tuman va shahar hokimlarning qarorlari asosida yoki kim oshdi savdolari orqali berilish nomigagina yuzaki bajarilmoqda. Barcha darajadagi deputatlar ishtirokida yerlar va bo‘sh turgan binolarni shahar va tuman Kengashning sessiyalari Qarori bilan ajratilishini yo‘lga qo‘yish bu jarayonga aniqlik va shaffoflik kiritadi.

Nega bankda pul saqlamaymiz?
Aholi orasida bank depozitlari kam tarqalganligining asosiy sabablaridan biri O‘zbekiston bank sektoriga davlat ulushining yuqoriligi hisoblanadi (bank aktivlarining 85 foiz qismi 13 davlat bankiga tegishli). Hozirda davlat banklarning asosiy resurs bazasini davlat tomonidan ajratilgan resurslar tashkil etadi (bank majburiyatlarining 60 foiz). Aholi tomonidan banklarga qo‘yiladigan omonatlar miqdorini oshirish maqsadida:

- bank sektorida davlat ulushini qisqartirish (joriy 85 foizdan 2025 yilgacha 40 foizgacha qisqartirish);
- banklarga g‘aznachilik yo‘nalishini rivojlantirish orqali aholi omonatlari jalb etilishini oshirish;
- raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish hisobiga, onlayn omonatlar jalb etish jarayonini soddalashtirish zarur.

Aholi mablag‘larining banklarsiz ham jalb etish mumkin
Aholing bo‘sh turgan mablag‘larini moliya bozori professionallari tomonidan boshqariladigan quyidagi fondlarga tikilishi maqsadga muvofiq

Xususiy pensiya jamg‘armalari ushbu jamg‘armalar sonining oshirilishi ular o‘rtasida raqobatni kuchayishiga hamda aholi o‘rtasida bo‘sh pul mablag‘larni jamg‘arish bo‘yicha tanlovlarning kengayishiga olib keladi. O‘z navbatida bu ixtiyoriy tushumlarni ko‘payishiga olib keladi.

Xedj-fondlar (Hedge Fund)ning asosiy vazifasi aholi orasidagi bo‘sh mablag‘larini bir joyga yig‘ish va ushbu pul mablag‘larini turli xil qarz instrumentlariga yo‘naltirishdan iborat. Kredit portfeli asosan risk (tavakkalchilik) darajasi yuqoriroq bo‘lgan qarz instrumentlaridan tashkil topadi;

Xususiy kapital fond (Private Equity Fund)larida xedj-fondlaridan farqli o‘laroq, yig‘ilgan pul mablag‘lari turli xil kompaniyalarning aksiyalariga va foydali investitsion proyektlarga yo‘naltiriladi. Portfeli asosan turli xil kompaniya aksiyalaridan tashkil topadi.

Ko‘rib turganingizdek, bizning asosiy boyligimiz, investitsiyamiz xalqimiz. Faqatgina ularga yetarli va rag‘batlantiruvchi sharoitlarni yaratibgina har ikki tomon uchun ham foydali bitimga erishish mumkin.

Shundagina xalq boyligi – yurt boyligiga aylanadi.

Abdug‘ani UMIROV,
Dilshod XAMZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari,
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zolari

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mablag‘lar qachongacha sandiqlarda qadrsizlanadi?