20:55 / 05.11.2020
3 993

Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer sotib oldi

Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer sotib oldi
Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi xizmat mashinasi sifatida Trailblazer sotib olgan, avval tuman hokimi xizmatida bo‘lgan Captiva uning birinchi o‘rinbosariga berilgan. Bu haqda «Jizzax» telekanali xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Zarbdor tumani hokimligi tomonidan uchinchi chorakda daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismidan hokim uchun Trailblazer xizmat avtomashinasi sotib olingani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Zarbdor tumani hokimligi
Ma’lum bo‘lishicha, 5 oktabr kuni tuman hokimi tomonidan bir dona Trailblazer rusumli xizmat mashinasi sotib olish maqsadida qaror chiqarilgan. Buning uchun 370 million 140 ming so‘m mahalliy budjetning uchinchi chorak daromadlar rejasidan oshirib bajarilgan qismidan ajratilishi belgilangan.

Telekanal muxbiri mahalliy budjet mablag‘lari nima uchun tumandagi muammolarga emas, balki qimmatbaho mashina sotib olingani haqidagi savolga javob topish maqsadida Zarbdor tumani hokimligida bo‘lgan.

Tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev shifoxonada davolanayotgani, uning birinchi o‘rinbosari esa xizmat safarida ekanligi sababli muxbir savollariga Zarbdor tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Erjigitov javob bergan.

Alisher Erjigitov Trailblazer sotib olinishiga tumani hokimining o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘lim boshlig‘ida xizmat mashinasi yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatgan.

«Ajratilgan mablag‘ni ozroq qismiga qo‘shgan holda xizmat mashinasi olindi. Hokim minib yurgan Captiva rusumli avtomashina ta’mirdan chiqarilib, birinchi o‘rinbosarga berildi. Birinchi o‘rinbosar xizmatida bo‘lgan Lacetti avtomashinasi esa ta’mirlanib, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosariga berildi», – dedi tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.

Tuman 2020 yilning 9 oylik yakuni bo‘yicha tushumni 1 milliard 327 million so‘m budjetdan orttirib bajargan.

«Orttirib bajarilgan puldan tuman tibbiyot birlashmasiga mablag‘ o‘tkazib berildi. Maktab o‘quvchilarini pandemiya davrida himoyalash uchun xalq ta’limi bo‘limiga xavfsizlik moslamalari uchun ham mablag‘ o‘tkazilgan. Bundan tashqari, «temir daftar»ga kiritilgan va qiynalgan oilalarga yordam sifatida mablag‘ chiqarilgan. «Ayollar daftari» hamda «yoshlar daftari»ni tashkil qilish uchun mablag‘lar sarflangan. Uysiz 5 ta oilaga uy-joy maqsadida 250 million so‘m sarflangan. Bitta mahallada suv ta’minotini yaxshilash uchun 67 million so‘m yo‘naltirilgan. Shuningdek, ko‘chalarga shag‘al yotqizish maqsadida yoqilg‘i mahsuloti uchun mablag‘ sarflangan», – dedi hokimlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, mahalliy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozim.

Ma’lumot uchun, pandemiya davrida Uchqo‘rg‘on, Pop, Qo‘shrabot va Narpay tumani hokimliklari ham Trailblazer sotib olgan. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi 2020 yilning avgust—oktabr oylarida 28,3 milliard so‘mlik transport vositalarini 30 ta Equinox, 40 ta Cobalt, 17 ta Malibu-2 xarid qilgani xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer sotib oldi