13:30 / 23.06.2021
2 827

O‘zbekiston – Rossiya: bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda


Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan faol tashqi siyosat aloqalari natijasida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligi tobora kengayib bormoqda.

Ayniqsa, bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabat va o‘zaro iqtisodiy hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, ko‘plab kelishuvlarga erishilmoqda. Bu esa har ikki mamlakat iqtisodiy rivojida muhim ahamiyatga ega.

Kecha O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati ham ishtirok etib, sohaga oid masalalar yuzasidan bir qator xalqaro shartnomalar imzolandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va Rossiya Federatsiyasiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tavsiflovchi ma’lumotlar almashinuvi to‘g‘risidagi 2017 yil 7 apreldagi Bayonnomaga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish yuzasidan tomonlar kelishuvga erishildi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadigan aynan mazkur ro‘yxatdagi qishloq xo‘jaligi tovarlarining narx qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni haqqoniyligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlik qilish va Rossiya Federatsiyasida mazkur tovarlarga nisbatan bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishni tezlashtirish hisoblanadi.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida tovar va transport vositalarini olib o‘tishda bojxona operatsiyalarining soddalashtirilgan tartibini tashkil etish to‘g‘risida 2016 yil 30 dekabrda imzolangan Bitimga qo‘shimchalar kiritish” borasida ham hujjat imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadigan tayyor tekstil mahsulotlarining xorijiy bozorga kirib borishiga yanada qulay muhit yaratish maqsadida, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Bayonnoma loyihasi tayyorlandi.
Mazkur Bayonnoma loyihasini imzolanishi natijasida, Rossiya Federatsiyasiga olib kirilayotgan tayyor o‘zbek tekstil mahsulotlarini Rossiya bozoriga kirishida, bojxona qonunchiligi buzilishi xavfi aniqlanmasa, ushbu tovarlarga nisbatan bojxona ko‘rigi o‘tkazilmaydi. Natijada, tayyor tekstil mahsulotlarining xorijiy davlat bozoriga kirib borishi tezlashadi.

Tashrif doirasida yana bir muhim masala, ya’ni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Federal bojxona xizmati o‘rtasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni oldini olish, aniqlash va to‘xtatish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Mazkur Memorandumning maqsadi – moliyaviy manbalarni noqonuniy xorijga olib chiqish bo‘yicha rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilgan holatlar yuzasidan hujjatlar va ma’lumotlarni o‘zaro almashishdan iborat.

Hujjat loyihasini ishlab chiqish va uning doirasida hamkorlikni amalga oshirish, Davlat bojxona qo‘mitasining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) suveren davlatlarning ixtisoslashgan tarkibiy tuzilmalari o‘rtasida mazkur yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiqlashtirish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga (o‘zlashtirish) qarshi kurashish hamda jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul va (yoki) pul vositalarini transchegaraviy olib o‘tishda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida axboriy hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uning doirasida bojxona ma’muriyatlari chegaralar orqali naqd pul va valyuta qimmatliklarini olib o‘tayotgan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, jismoniy shaxslarning fuqaroligi, jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan naqd pul va (yoki) valyuta qimmatliklarining miqdori va olib o‘tish kuni kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborotlarni almashadilar.

Xulosa o‘rnida aytganda, ikki mamlakatning bojxona tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikdagi ishlar va do‘stona aloqalar sohaning yanada rivojlanishiga hamda mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston – Rossiya: bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda