17:50 / 18.10.2021
3 108

Chaqaloqning tishlari chiqayotganda qanday yo‘l tutish kerak?

Chaqaloqning tishlari chiqayotganda qanday yo‘l tutish kerak?
Foto: Pinterest
Tishlar yorib chiqmoqda – bu hatto quloqqa ham og‘riqli eshitiladi. Darhaqiqat, chaqaloqlarning tishlari chiqa boshlaganda og‘rishi tabiiy. Ko‘p chaqaloqlar yaxshi uxlamaydi, yig‘laydi, hatto tana harorati ham ko‘tarilishi mumkin. Ammo chaqaloqlarning sut tishlari chiqishining boshqa belgilari ham bor.

Sut tishlari odatda 5-7oyligidan boshlab chiqa boshlaydi. Lekin jarayon erta – 2-3 oyligida boshlanishi mumkin, ba’zilariniki kechroq – bir yosh bo‘lganda, ayrim bolalar hatto tishlari bilan tug‘iladi. Sut tishlari 20 tasi 2,5-3 yoshga qadar to‘liq chiqadi.

Tishlarning chiqishi fiziologik jarayon bo‘lsa-da, bola va uning ota-onasi uchun haqiqiy sinovdir. Yaqindagina qorin dam bo‘lishini boshdan kechirgan, ovqatlanish va uyqu tartibli bo‘la boshlaganda to‘satdan chaqaloq yana bezovtalana boshlaydi.

Tish chiqishining birinchi belgilari:
  • Milk shishishi, qizarishi va og‘rishi. To‘qimalar siqilishi natijasida o‘rta qismda ozgina ko‘karish bo‘lishi mumkin.
  • Ko‘p so‘lak ajralishi. Ortiqcha so‘lak burun va halqum bo‘shlig‘iga o‘tishi natijasida burun oqishi, yo‘tal paydo bo‘lishga olib keladi.
  • Kekirish, qayt qilish ko‘payishi mumkin. Ko‘pincha og‘iz atrofida toshmalar paydo bo‘ladi.
  • Ishtahaning pasayishi yoki ovqatdan butunlay voz kechadi.
  • Bola tez-tez sababsiz yig‘laydi, uyqusida bezovtalik ortadi.
  • Og‘iz bo‘shlig‘idagi yallig‘lanish jarayoni tufayli tana harorati ko‘tariladi, bu me’yor hisoblanadi. Faqatgina jarayon uch kundan ortiq davom etmasligi, harorat 38,5 dan oshmasligi kerak. Shunda bolaning umumiy ahvoli zarar ko‘rmaydi.

Ushbu holatda qanday yo‘l tutish kerak?
Og‘riqni qoldirish maqsadida anestetik gellardan foydalaniladi. Lekin ularning ta’siri, taxminan, 20-30 daqiqagacha yetadi va kuniga besh martadan ko‘p ishlatish tavsiya etilmaydi. Dori dozasini oshirib yubormaslik kerak. Uzoqroq vaqtga og‘riqni kamaytirish uchun shifokor tavsiyasi bilan og‘riq qoldiradigan sirop yoki tabletka berish mumkin.

Milklarni yengil uqalash kerak hamda tish chiqayotganda ishlatiladigan maxsus o‘yinchoqlar berish mumkin. Ular milklar qichishishiga taskin beradi.

Bolaga ko‘proq mehr berib, tez- tez uni quchoqlashish zarur. Ota-onaning yonida chaqaloq o‘zini xavfsiz his qiladi, tinchlanadi. Bolalar kattalarning xatti-harakatlari va his-tuyg‘ulariga juda sezgir, shuning uchun ota-onalar bunday vaqtda xotirjam bo‘lishlari kerak.

Bolalarni o‘yinchoqlar, muloyim so‘zlar bilan chalg‘itishga harakat qilish lozim. Tinchlantiruvchi massaj va ochiq havoda sayr qilish foydali bo‘ladi. Bu davrda bolaning immuniteti pasayadi, kasallik yuqtirib olmaslik uchun odam gavjum joylarga bormagan ma’qul.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chaqaloqning tishlari chiqayotganda qanday yo‘l tutish kerak?