
O‘zbekistonda dekabr normaga nisbatan bir oz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. “O‘zgidromet” 2025–2026-yillar qish mavsumi uchun tayyorlangan mavsumiy ob-havo prognozini jamoatchilikka taqdim etdi.
Dekabr oyi uchun o‘rtacha harorat normaga nisbatan 1—1,5 daraja yuqoriroq bo‘lishi aytilgan. Ilk o‘n kunlikda kechasi 0…+5 daraja, kunduzi +10…+15 daraja atrofida iliq havo hukm suradi. Keyingi o‘n kunliklarda harorat o‘zgaruvchan bo‘lib, kechasi +2…+7 darajadan 0…–5 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajadan +2…+7 darajagacha pasayishi mumkin. Yog‘ingarchilik ham norma doirasida bo‘lishi kutilmoqda.
Yanvar umumiy holatda normaga yaqin kechadi, ba’zi hududlarda esa havo bir oz sovuqroq bo‘ladi. Kechasi +3…+8 darajadan –3…–8 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajadan –2…+3 darajagacha tebranish ehtimoli bor. Uchinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar boshlanib, ba’zi mintaqalarda –17, hatto Nukus va Urganch atrofida –20…–25 darajagacha tushishi mumkin.
Fevral oyi ko‘p yillik me’yorlarga yaqin bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikda sovuq davom etadi, keyingi kunlarda esa harorat sezilarli iliydi: kechasi –2…–7 darajadan +3…+8 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajagacha ko‘tarilishi taxmin qilingan. Janubda esa +15…+20 darajagacha borishi mumkin.
Agentlikning ta’kidlashicha, prognoz iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtimoliy sovuqlarga tayyorgarligi uchun tayyorlangan. Haqiqiy ob-havoga qarab o‘zgarishlar bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.