1 655
“Oʻzbekistonga etib kelishga ishonmagandim” — Ukrainadan qaytgan talaba hikoyasi (video)
Xarkov milliy universiteti talabasi Jonibek Berdiqulov Ukrainada urush boshlangach, besh kun davomida boshdan oʻtkazganlari, vatanga etib kelguncha boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklari va Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi xodimlari koʻrsatayotgan jasorat haqida soʻzlab berdi.
“2019 yilda Xarkov milliy universiteti talabasi boʻldim va oʻsha yili joʻnab ketdim. Hozirgi vaqtda xalqaro huquq yoʻnalishi boʻyicha tahsil olyapman.
Urush boshlangunga qadar ham ommaviy axborot vositalarida bir necha marta uning muqarrarligi haqida maqolalar e'lon qilindi. Bu vaqt davomida harbiy mashinalar, katta-katta texnikalar Ukrainaga yaqinlashgani haqida xabar berildi. Biz turgan joydan oʻttiz kilometr masofada – Belgorod hududida Rossiya qoʻshinlari turardi. Keyin Xarkovda tahsil olayotgan talabalar xavotir olib, Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi bilan bogʻlandik. Ulardan urush boʻlish-boʻlmasligi haqida soʻradik. Elchixonadagilar bu paytda hali urush haqida rasmiy ma'lumot boʻlmagani sababli xavotirga tushmaslikni, biror xavfli vaziyat boʻladigan boʻlsa, yordam berishlarini ma'lum qilishdi. Haqiqatan ham oʻqishimiz odatdagidek davom etayotgandi.
Shu tariqa 16 fevral, 20 fevral kunlari urush boshlanarkan, degan xabarlar tarqaldi. Hamma oʻzi qoʻrquvga tushib qolgandi, yarim tungacha uxlamasdik.
24 fevral tongda kuchli shovqindan uygʻondik. Keyinroq bilsak, bizga yaqin boʻlgan uchta hududda portlash boʻlgan ekan. Oʻsha zahoti yotoqxona boʻylab ogohlantirish qoʻngʻirogʻi chalindi. Binoda betartiblik boshlandi, suv tizimi ishdan chiqdi. Talabalar pastga yigʻildik, urush boshlangani aytildi. Hamma kutib turgan narsa sodir boʻlgandi”, deb esladi Jonibek bir hafta oldingi voqealarni.
Uning aytishicha, oʻsha kuni tong yorishar-yorishmas Xarkovdan ukrain talabalari uylariga qayta boshlagan. Butun dunyodan kelib tahsil olayotgan talabalarning hammasida bitta muammo – qanday qilib uyga etib olish mumkin, degan savol paydo boʻlgan.
“Bizga yotoqxonada qolish xavfli ekani aytildi. Turar joyimiz markazdan biroz chetda boʻlgani uchun qoʻlimizga ilingan narsani olib, metroga etib bordik. Metro ichkarisida boshpana uchun joy tayyorlangan ekan. Har kim istagan stantsiyasiga etib olishi uchun metro tekin qilib qoʻyildi. Suv tashkil qilindi. Ammo biz, talabalar shoshib qolganimiz uchun, qolaversa, voqealar tongda sodir boʻlgani sababli egulik gʻamlab ololmagandik.
Elchixonaga telefon qildik. Elchixonadagilar qoʻllaringizdan kelganicha yurtdoshlarimizning roʻyxatini qilinglar, deyishdi. Oʻsha erning oʻzida 131 nafar talabaning roʻyxati va ma'lumotini toʻplab berdim. Uch mingga yaqin talabaning ma'lumoti toʻplangach, yotoqxonada boʻlib turishimiz aytildi. Elchixona bizni evakuatsiya qilish uchun uchinchi davlat sifatida Moldaviya bilan aloqa bogʻlayotganini bildirdi. Kechga borib yana gaplashdim, elchixona vakillari Kievdan yoʻlga chiqayotgani, ikki davlat ham ogohlantirilishi va bizning evakuatsiya qilinishimiz aytildi. Ammo ertasi kuni 25 fevralda ham Xarkovdan chiqib ketolmadik, Moldaviya bizni qabul qilmagani aytildi.
26 fevral kuni soat oʻnlarda elchixona vakillari telefon qilib, Polsha orqali Oʻzbekistonga qaytarilishimizni ma'lum qilishdi”, deydi Jonibek.
Talabalar shundan soʻng ham Xarkovdan chiqib ketishga bir necha marta urinishgan. Bino podvalida jon saqlashga majbur boʻlishgan. Yotoqxonadan 150 metr narida snaryadlar portladi, deydi Jonibek. Kecha-yu kunduz tinimsiz oʻq tovushlari eshitilib turgan.
Oʻzbekiston elchixonasi talabalardan faqat zarur hujjatlarni olib, qoʻshimcha yuklarni qoldirishni soʻragan. Poezdga ikkita maxsus vagon ulanishi va oʻsha orqali oʻzbek talabalari xavfsiz joyga etib olishlari mumkinligi aytilgan.
“Biz elchixona aytgan janubiy vokzalga etib olishimiz ham oson boʻlmadi. Yoʻl xavfsiz emas, taksilar olib borishga koʻnmaydi, avtobuslar umuman harakatlanmayapti. Bir kursdoshimiz shaxsiy mashinasida bizni janubiy vokzalga olib boradigan boʻldi. Yoʻlda ukrain harbiylarining tanklari yoʻliga tushib qoldik. Qarama-qarshi harakatlanishga majbur boʻldik. Bizning kimligimizni bilmagan harbiylar qurollar bilan oʻrab olishdi, hammamiz erga yotdik. Oʻsha vaqt xayolimizdan koʻp narsa oʻtdi. Kuchli qoʻrquvdamiz, harbiylar favqulodda holat boʻlgani uchun ogohlantirmay otishlari ham mumkin edi. Talaba ekanimizni, evakuatsiya qilinayotganimizni aytganimizdan soʻng bizni tushunishdi va qoʻyib yuborishdi”, deydi Jonibek.
Janubiy vokzalda butun dunyodan kelib tahsil olayotgan talabalar, qolaversa, mahalliy aholi ham toʻplangandi. Bunday vaziyatda poezdga chiqish ham oson emas. Jonibek vokzal Ukrainaning tinch boʻlgan Lvov shahriga va u erdan Polshaga oʻtib olishni niyat qilganlar bilan toʻlgandi, deydi.
“Kutilgan poezd keldi. Hamma vagonga oʻzini urdi, kirolmaganlar ichkariga poezd derazalaridan tortib olindi. Vagon ichkarisida odam shunchalik koʻp ediki, erga oʻtirib ketishning ham imkoniyati yoʻq. Tik turgan holda 20-25 soat yurishimiz kerak. Ammo shukur qildik. Poezd soatiga 30-40 km tezlikda harakatlandi, kechasi chiroq oʻchirilgan, telefondan foydalanish taqiqlangan. Yorugʻlik bizga xavf solishi mumkin. Kievga etib borganimizda oldinga harakatlanishning iloji yoʻqligi, urush boʻlayotganini aytishdi. Oyoqlarimiz shishib ketgandi. Kievdan yana ortga qaytib, butunlay boshqa hudud orqali 27 fevral kuni Lvov shahriga etib oldik”, deya voqealarni xotirladi Jonibek.
Oʻzbekistonlik talabalarni Lvov shahrida uchta avtobus kutib turgandi. Shu tariqa ular Polshaga oʻtishgani va u erda kiyim-bosh, egulik, hamma narsa muhayyo qilinganini aytdi suhbatdoshimiz.
“Tinch hududga oʻtib olganimizga shukur qildik. Bizni maxsus bunkerga joylashtirishdi. Hamma sharoit qilib berildi, BMT vakillari ham oʻsha erda edi. Xavfsizligimiz ta'minlandi va barcha harakatlar uchun hech qanday toʻlov qilmadik”, deydi Jonibek.
Jonibek 1 mart kuni Polshadan oʻzi oʻtirgan samolyotda 250 kishi chiqqani va 2 mart kuni Oʻzbekistonga kelib tushganini bildirdi.
“Oʻzbekiston elchixonasi garchi Xarkovga kirib borib, bizga bevosita yordam berolmagan boʻlsa-da buni toʻgʻri tushunamiz. U joyga etib borishning oʻzi oson emasdi. Ammo biz bilan muntazam telefon orqali aloqada boʻlib, qanday harakatlanishimiz, qaerga borishimizni tushuntirib turishdi. Bevosita Lvov shahrida va Polshada elchixonamiz vakillarining yordamini his etdik. Urush oʻchogʻidan chiqqanimizdan soʻng biz uchun eng asosiy muammo pul va oziq-ovqat boʻlgan boʻlsa, bu borada davlatimiz bizni muhtoj qilib qoʻymadi”, dedi Jonibek.
Xarkov milliy universiteti talabasi Jonibek Berdiqulov Ukrainadan Oʻzbekistonga qaytib kelishda hukumat yordamini e'tirof etarkan, yurtga qayta olishiga koʻzi etmaganini aytib oʻtdi.
Isomiddin Poʻlatov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboev.
Ukrainadan qaytgan talaba hikoyasi1 Xarkov milliy universiteti1 Jonibek Berdiqulov1 Ukrainada urush1
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qidiruvdagi avtomashinaning Navoiy shahrida harakatlanganligi aniqlandi
Koʻproq pensiya olish uchun nima qilish kerak?
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar
“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
FVB boshligʻi 160 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi
Samarqand viloyati IIB tezkor xodimi 10 ming dollar pora olayotganda ushlandi
Amaldorlarning korruptsiyaga moyilligi tekshirilishi mumkin