date

Stiv Jobsning qizi olimpiya chempioniga turmushga chiqdi: to‘y 6 million dollarga tushdi

Stiv Jobsning qizi olimpiya chempioniga turmushga chiqdi: to‘y 6 million dollarga tushdi

Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobsning kichik qizi Iv Jobs Olimpiya chempioni, ot sporti ustasi Garri Charlz bilan to‘y qildi. Pravilamag ma’lumotiga ko‘ra, ushbu go‘zal va tantanali marosim Buyuk Britaniyaning Oksfordshir grafligida bo‘lib o‘tdi hamda narxi 6 million dollardan ortiqqa tushgan.

Marosim Oksfordshirdagi Greyt-Tyu qishlog‘ida joylashgan qadimiy Avliyo Mixail cherkovida bo‘lib o‘tdi. To‘yda faqat yaqin insonlar va tanlangan do‘stlar qatnashdi. Ular orasida Microsoft asoschisi Bill Geytsning qizi Jennifer, Britaniya qirollik oilasi a’zosi prinsessa Beatris, Apple'ning sobiq bosh dizayneri Joni Ayv, AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris, Arctic Monkeys guruhi barabanchisi Mett Xelders va kelinning dugonasi Jessika Springstin bor edi.

To‘y o‘tkazilgan cherkov va uning atrofi maxsus bezatildi: buk va atirgullardan yasalgan arkalar, fors gilamlari, yuzlab shamlar va tirik gullardan yasalgan o‘rindiqlar orqali haqiqiy afsonaviy muhit yaratildi. Bezatish ishlari uchun yuzlab soatlar va bir necha o‘nlab mutaxassislar jalb qilingan. Bu ishlarga mashhur dekorator Stenli Gatti rahbarlik qildi — u avvalroq Elton Jon va Jorj Lukas bilan hamkorlik qilgan.

Tantanali marosim 45 daqiqa davom etdi va yoshlar cherkov qo‘ng‘iroqlari sadosi ostida o‘zaro muhabbat qasamlarini ifoda etishdi. Kechaning eng ta’sirli qismi — Elton Jonning jonli konserti bo‘ldi. Independent nashrining ta’kidlashicha, bu chiqish tashkilotchilarga taxminan 1 million funt sterlingga tushgan. Hattoki sahardagi yomg‘ir ham bayram kayfiyatiga xalaqit bermadi.

To‘ydan so‘ng Iv va Garri o‘z mehmonlari bilan Estelle Manor nomli xususiy mulkka yo‘l olishdi. Bu joyda mehmonxona, dam olish klubi va boshqa zamonaviy infratuzilmalar mavjud. Mehmonlar uchun butun kompleks va unga yaqin joylashgan Soho Farmhouse klubi to‘liq band qilingan.

Iv Jobs va Garri Charlz 2022 yildan beri uchrashib kelishayotgan edi. Ular haqida birinchi marta ommaviy ma’lumot 2024 yilgi Parij Olimpiadasida tarqaldi. Garri ot sporti bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritganidan so‘ng, Iv ijtimoiy tarmoqda: «Men sen bilan faxrlanaman, sevgilim!» — deb yozgan.

Bu to‘y nafaqat muhabbatning guvohi, balki zamonaviy elita orasidagi yuqori darajali ijtimoiy voqea sifatida ham tarixda qolishi aniq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Stiv Jobsning qizi olimpiya chempioniga turmushga chiqdi: to‘y 6 million dollarga tushdi