15:07 / 02.08.2017
8 471

Jenisbek Piyazov: tadbirlarning "yuzi" bo‘lish oson emas

Jenisbek Piyazov: tadbirlarning "yuzi" bo‘lish oson emas
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jenisbek Piyazovni nafaqat, O‘zbekistonning opera yo‘nalishi shinavandalari balki dunyoning deyarli barcha burchaklaridagi san’atsevarlar yaxshi tanishadi. O‘nlab tanlovlar g‘olibi, ochiqko‘ngil, hazilkash bu ijodkorni bugun tahririyatimizga taklif etdik.

— Jenisbek aka, operasiz hayotingizni tasavvur eta olasizmi?
— Ha, shunday kunlarim ham bo‘lgan. Lekin musiqa tinglamagan kunim bo‘lmagan. Hayotimdagi har qanday vaziyat va holatda ham musiqa hamrohim. Menimcha, bu har bir san’atkorda bo‘ladigan vaziyat.

— May oyida konsert dasturingizni taqdim etgan edingiz. Ammo konsert reklamasiga biroz bee’tibor bo‘lgandeksiz...
— Bu gapingizga qo‘shilmayman. Chunki har bir xonanda singari konsert oldi reklamalari rejaga ko‘ra amalga oshirilgan. Televidenie, radio, ko‘chalardagi bannerlarni ham unutmagan holda ma’lumotlar berilgandi. Faqat bu reklamalarga odamlar ahamiyat bermagan bo‘lishi mumkin. Chunki odamlarning opera xonandasi konserti haqida o‘z xulosasi bor. “Opera konsertlarida zerikib qolaman. Faqat baqirib kuylanadigan operani eshitgandan ko‘ra, bormaganim yaxshi” deydiganlar ham yo‘q emas. Konsert bermoqchiligimni eshitgan tanishlarim va hatto hamkasblarim ham opera kuylab, “Istiqlol” san’at saroyiga 4200 ta tomoshabin yig‘a olishimga shubhalanishdi. Tashkilotchilar esa chiptalarni sota olmaymiz, deb vahimaga tushishgandi. Lekin men tavvakal qildim. Tinglovchilarimni qoyil qoldirish uchun astoydil ishga kirishdim va nokamtarlikka yo‘ymangu, nazarimda maqsadimga erisha olganga o‘xshayman. Bundan tashqari men “Istiqlol”da konsert bergan birinchi opera xonandasi bo‘ldim.

— Konsert nimasi bilan odamlar yodida qoldi, deb o‘ylasizmi?
— Xorijiy davlatlarda o‘zim guvohi bo‘lgan “Opera-shou” konsert dasturini taqdim etdim. Konsertimda faqat og‘ir opera qo‘shiqlarini emas, elimiz suygan O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Nasiba Abdullaevalar bilan birgalikda duetlar kuyladik. Kelgan tomoshabinlarning e’tiborini yuqoridagi nomi keltirilgan xonandalarning qo‘shiqlarini opera yo‘nalishida kuylaganim va ularni ham opera kuylata olganim tortdi. Konsert bannerini ko‘rganlar, “Nega boshqa san’atkorlarning ham suratini qo‘ymading, agar qo‘yganingda, bir kun emas bemalol 5-6 kun konsert berishing mumkin edi” deyishdi. To‘g‘risini aytsam, bu konsert shaxsan o‘zim uchun ham sinov bo‘ldi. Meni tinglaydiganlarning asl sonini ham bilmoqchi edim. San’atimga qiziqadiganlar ko‘pchilikni tashkil etishidan juda xursandman.

— Ko‘pchilik opera yo‘nalishini maroq bilan tinglovchilar soni kam deb hisoblaydi. Bu borada fikringiz qanday?
— Bu juda mas’uliyatli ish... Chunki rahbarlar menga ishonib topshirgan vazifani kutilgandek bajarishim va xorijliklar ko‘z o‘ngida O‘zbekiston san’atkorlari mahoratini ko‘rsatib berish oson emas. Mehmonlar mening misolimda yurtimizdagi barcha mahoratli san’atkorlarga havas bilan qarashlarini ko‘rishdan faxrlanaman.
— Balki qachonlardir bunday o‘y menda ham bo‘lgandir, lekin aytganimdek sinovli konsertdan so‘ng bu savolning javobini topdim. Bu yo‘nalishning ham o‘z tinglovchisi bor va ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Men esa o‘z mehnatim va intilishim bilan bunday tomoshabinlarning sonini oshirgan bo‘lsam, bundan juda mamnunman.

— Bundan bir necha yil ilgari, xorijga ketib ishlamoqchi bo‘lgan ekansiz...
—Germaniyada ikki yil davomida ishlaganman. Juda ko‘p shartnomalar, minglab konsert dasturlari va dunyoning eng katta opera teatrlaridan tushgan takliflardan voz kechib Vatanga qaytib kelishga qaror qilganman. Odam ishlab faqat pul topish orqali baxtga erisha olmasligini tushunib etganman. Aytib o‘tish joiz, bu qarorim ham mukofotlanmasdan qolmadi. Davlatimiz tomonidan poytaxtdan uy-joy va boshqa sharoitlar yaratib berildi. Fursatdan foydalanib buning uchun o‘z minnadorchiligimni bildiraman.

— Siz davlat tadbirlarida faol bo‘lish bilan birga, xorijlik mehmonlar uchun tayyorlanadigan konsert dasturlarining “yuzi”ga ham aylangansiz...

— Keling, zamonaviy opera haqida gaplashsak. Bu tushuncha bugun qay darajada rivojlangan?
— Bir necha asrlar oldin yozilgan asarlarni ham zamonaviy ko‘rinishda, bugungi kunga moslab sahnalashtirish, liboslar tanlash va bugungi kunni ruhini berish tomoshabin uchun juda qiziq jarayon. Hamkasblarim bugun ana shu jarayon ustida ishlab, yuqoridagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratishyapti. Aslida opera asarlari jiddiy kuylanadi, men bo‘lsam, ariyalarga kayfiyat berishga, tomoshabinlar bilan muloqot tarzida kuylashga, jiddiylikni ham boshqacharoq talqinda havola etishga harakat qilyapman. Mana shuning o‘zi ham zamonaviylikka kiradi, deb o‘ylayman.

— Bugungi yosh opera xonandalari haqida fikringiz qanday?
—Ikki minginchi yillarning boshida opera ijrochiligi haqida hamma ham to‘liq tushunchaga ega emasdi. Hozirgi aytmoqchi bo‘lgan gapimga hayron bo‘lmang-u, shaxsan o‘zim ham opera o‘zi qanday san’at ekanini tushunmasdim. Lekin bugun O‘zbekistonning har bir viloyat va qishlog‘ida bu san’at haqida tushuncha borligiga guvoh bo‘lyapman. Bugungi kundagi tanlovlarda o‘ttizdan ziyod yoshlarning bellashayotganini ko‘rish mumkin. Rivojlanish va qiziqish ortib borayotganidan quvonaman.

— Jenisbek aka, xonandalikdagi faoliyatingizni rep yo‘nalishida kuylash bilan boshlaganingizni eshitdik, shu rostmi?
— (Kulib) Hamma ma’lumotni bilasizlar-a! Men nafaqat rep, balki rok va estrada yo‘nalishida ham qo‘shiqlar ijro etganman. Bu yo‘nalishdagi xonanda sifatida 2002 yillarda Qoraqalpog‘istonda juda mashhur edim. Kliplarim ham yo‘q emas (kuladi). 2004 yil ovoz mutasiyasi jarayonidan keyin vokal darslariga qatnashib, operaga mehrim uyg‘ongan.

— Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasidagi janjallar, mushtumzo‘rliklar ko‘payib borayotgani haqida o‘qib kishining ko‘ngli xira bo‘ladi. Bugungi yoshlarda bu kabi salbiy odatlar kamayishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak deb o‘ylaysiz?
— Har bir yigit kishining hayotida mushtlashuvlar, bolalarga xos sho‘xliklar bo‘lishi tabiiy. Shaxsan o‘zim ham urushganman, kaltak egan paytlarim ham bo‘lgan, ammo sira oqibat, rahm-shafqatni unutmaganmiz. Kaltaklashganimizda ham vaqtida o‘zimizni qo‘lga olishni bilardik. Lekin bugun ayrim yoshlarda agressiya kuchayayotgani odamni xafa qiladi. Kasbimdan kelib chiqqan holda bu muammoga echim sifatida bir yo‘lni aytishim mumkin. Ya’ni, bolalar va o‘smirlarda musiqaga mehr uyg‘otishimiz shart! San’atni tushungan bolada bunday agressiyani ko‘rmaysiz. Chunki musiqa tinglash asab tizimini tinchlantirib, o‘zini o‘zi boshqara olishni o‘rgatadi. Bolaning bo‘sh vaqtni foydali ishlar bilan band qilish kerak.

— Hayotingiz davomida, ichki holat va o‘y-fikrlaringizni o‘zgartirgan voqea bo‘lganmi?
— (O‘ylanib) Hayotimda bunday vaziyatlarga duch kelmagan ekanman. Lekin meni doim “ramka”ga solib turadigan bobomning bir nasihatlari bor. Bolaligimdan bobom menga “Kamtar bo‘l, bunda gap ko‘p. Hadeb, o‘zingga bino qo‘yaverma, pulning ortidan quvma” deb ko‘p qaytarardilar. Bu pand-nasihat hayotim davomida menga ko‘p bora to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan.

— Oilangiz haqida gapirib bersangiz...
— Uylanganman, ikki o‘g‘lim bor. Shaxsiy hayotim haqida ko‘p ma’lumot bermayman. Asosiysi, tinch va to‘kis, baxtli umr kechiryaman, shukr deyman.

— Suhbatlarimizning birida rafiqangiz rashkchi ekanini aytgandingiz?
—To‘g‘ri, u juda rashkchi. Bu odati o‘zimga juda yoqadi. Ba’zida qizg‘anmay qo‘ysa, nega rashk qilmayapti, deb xavotir ham olaman (kuladi).

— Oilangizga tinchlik va xotirjamlik tilaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
— Taklif etganingiz tashakkur.

Blis:
— Qaysi davlatga qayt- qayta borishni istardingiz?
— Fransiyaning Kann shahriga yana borishni xohlayman. Hordiq chiqarish uchun juda qulay shahar. Havosi va tabiati go‘zal.

— Siz uchun omad bu...
— Kerakli vaqtda kerakli joyda bo‘la olish.

— Hayotda yolg‘on ishlatib turasizmi?
— Faqat yaxshilik uchun va juda kam hollarda.

— Qo‘shimcha daromadga vaqtingiz bormi?
— San’atdan tashqari ishim yo‘q. Estrada yo‘nalishidagi hamkasblarim to‘y va tadbirlardan pul ishlasa, mening daromadim konsertlardan.

— So‘nggi bor o‘qigan kitobingiz?
— To‘g‘risini aytishim kerak, badiiy asar mutolaasiga vaqtim yo‘q. Ayni kunlarda fransuz tilidagi 300 betdan iborat — “Faust” operasini yod olyapman. Musiqa ohanglari bilan ijro etib, yodlayotganim uchun qiyinchilik sezganim yo‘q.

QISQA VA LO‘NDA
—Ko‘pincha bepul konsertlar berganman. Bu orqali opera va jonli ijroga xalqning mehrini oshirishni maqsad qilganman.

— Eng oliy maqsadlarimdan biri tarixiy “Karmen” operasini zamonaviy tarzda sahnalashtirib konsert dasturini taqdim etish! Bu niyatimni yaqin ikki yil ichida amalga oshirmoqchiman.

Aliya Sulaymanova suhbatlashdi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jenisbek Piyazov: tadbirlarning "yuzi" bo‘lish oson emas