18:43 / 31.07.2018
5 446

Ziyodaning "Mazza-mazza" qo‘shig‘iga ishlangan klip mazmunan sayozligi uchun rad etildi

Зиёданинг "Мазза-мазза" қўшиғига ишланган клип мазмунан саёзлиги учун рад этилди
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashda 8 nafar xonandalar tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi muassasa matbuot xizmati.

O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ijro etgan “Sensiz” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipni efirga uzatishga tavsiya berildi. Kelgusida xonandaga professional shoirlar bilan yaxshi asarlar yaratish taklif etildi.

Xabarda qayd etilishicha, “Maroqand” guruhi ijro etgan “Malikam”, “Nihol” mukofoti sovrindori Shaxrizoda Ahmedova (Kaniza) ijro etgan “Navbat sizga yetdi”, “Nihol” mukofoti sovrindori Bunyodbek Saidov ijro etgan “Marjona”, Xonanda Muxayyo Umarova ijro etgan “Mayda-mayda” deb nomlangan qo‘shiqlarga ishlangan videokliplardagi kadrlardagi juz’iy kamchiliklar san’atkorlarga tushuntirilib, shartli ravishda ruxsat berildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Qobulovaning “Mazza-mazza” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipdagi kadrlar ma’naviyatimizga zid xatti-harakatlarning mavjudligi, shuningdek, qo‘shiq matni mazmunan sayozligi va badiiy jihatdan jo‘nligi bois bir ovozdan rad etildi.

Mazkur qo‘shiqning matnida shunday jumlalar bor:

"Yuragimda halovat yo‘q,

Ketganingdan nari beri beri man.

Qoyil senga gap yo‘q,

Azob chekmay ham yuraverasan.

Mendan yo xafamisan,

Nega qo‘ng‘iroq qilmaysan?

Sevaman, deb aldayabsan,

Sevishim bilib bilib bilib.

Sendan men ham xafaman,

Kelaman, deb kelmayabsan.

Gapingga ishonmayman man,

Yurardim sezib sezib sezib.

Mazza-mazza mazzadeyeyeye,

Mazza-mazza mazzadeyeyeye.

O‘ylamay yuraverasande,

Mazza-mazza mazzadeyeyeye".

Badiiy Kengash a’zolari Ziyoda Qobulovaga (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist) unvoniga mos ravishda qo‘shiqlar kuylashini, professional shoirlar bilan ishlashini, klip olish jarayonida milliy mentalitetimizga xos kadrlar olishiga, uning ijodiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishi lozimligini ta’kidlashdi.

Xonanda Bahrom Karimov ijro etgan “Kelin qidirib” qo‘shig‘ining g‘oyasi yaxshi unda o‘zbek qizlarining ibo-hayo, or-nomusi kabi maqsad va g‘oya ilgari surilgan. Videoklip havaskorlik darajasida ishlangani hamda qo‘shiq bilan videoklip o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligi uchun rad etildi.

Xonanda Ulug‘bek Xoliqov ijro etgan “Gavana” qo‘shiq matni she’riyat talablariga mutlaqo javob bermasligi, “oldi-qochdi” gaplardan iboratligi, unga ishlangan videoklipdagi tasvirlarda milliy mentalitetimizga zid harakatlar, ma’naviyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar tasviri mavjudligi bois bir ovozdan efirga uzatish rad etildi.

Xonandaning qo‘shig‘i matnini o‘qiganimizda quyidagi jumlalarga duch keldik:

"Bir bechora,

Seni qidirish bilan ovora.

Hasta holatida nochora,

Sen tomona.

Bora-boraveraman janona,

Hayajonim ochadi tobora.

Gavana-savana,

Sayyoralarida sayohatdaman.

Gavana-savana,

Seni izlash bilan ovoraman.

Gavana-savana".

Kengash a’zolari xonandaning kelgusidagi ijodiy ishlariga yaqindan yordam berishlari, she’r tanlashda va klip suratga olishida o‘z ko‘maklarini ayamasliklarini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ziyodaning "Mazza-mazza" qo‘shig‘iga ishlangan klip mazmunan sayozligi uchun rad etildi