
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida senator Abdurahim Erkayev mamlakatimizda sud-huquq tizimining bugungi holatiga bag‘ishlangan chiqish qilib, tanqidiy fikrlarni ilgari surdi. Erkayev so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan sud-huquq tizimidagi keng qamrovli islohotlarga qaramay, bu sohada kutilgan natijalar bo‘lmayotganini, aksincha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni sezilarli darajada pasayganini alohida ta’kidladi.
2023 yilda mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Ushbu muhim hujjatda huquq ustuvorligi va odil sudlov tizimiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Xususan, advokatura tizimiga bag‘ishlangan alohida bob ham Konstitutsiyaga kiritilgan bo‘lib, bu jahon amaliyotida uchrayvermaydigan yangilik edi. Shu bilan birga, ko‘plab yangi qonunlar qabul qilinib, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmi mustahkamlangan edi. Ammo bu barcha o‘zgarishlar kutilgan natijalarni bermagani, ba’zi sohalarda vaziyat aksincha yomonlashgani kuzatilmoqda.
Jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi bir yil ichida besh pog‘onaga pasayib, 83-o‘rinni egalladi. Yanada tashvishli tomoni shundaki, mazkur indeksning bir qismi bo‘lgan fuqarolik nizolarini hal etish imkoniyatlari bo‘yicha mamlakatimiz 96-o‘rindan 106-o‘ringa tushib ketgan. Senator Abdurahim Erkayev bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda fuqarolarning odil sudlovga erishishi qiyinlashganidan, sud tizimiga ishonch susayganidan va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida xolislik prinsipi buzilayotganidan dalolat berishini aytdi.
“Bu holat mamlakatda odil sudlovga ishonchning jiddiy ravishda pasayganligini ko‘rsatadi. Ko‘plab holatlarda sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar ijro qilinmasligi yoki kechiktirilishi kuzatiladi. Bunday holatlar aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovlarda ham o‘z aksini topmoqda”, dedi senator.
Abdurahim Erkayev xalqaro reytinglardagi bu salbiy natijalarning sabablari haqida gapirar ekan, ayrim sudyalarning malaka darajasi pastligi, korrupsiya holatlari va eng xavotirlisi – “telefon huquqi”, ya’ni sudyalarga yuqoridan tushadigan iltimoslar hanuz davom etayotganini ta’kidladi.
Senator Erkayev bu muammolarni hal qilish uchun sud tizimidagi mavjud muammolarni qat’iylik bilan hal qilish, islohotlarni real hayotda sezilarli darajada amalga oshirish kerakligini urg‘uladi.
“Keyingi yillarda amalga oshirgan ishlarimiz natijasi yo‘q bo‘lib qolmoqda. Bu – jiddiy xavotirga soladigan holat. Sud-huquq tizimidagi ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlash uchun amaliy choralar ko‘rishimiz shart”, dedi Abdurahim Erkayev.
Uning bu chiqishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lishi mumkin. Senatorning bu keskin tanqidi mamlakat sud-huquq tizimidagi kelgusi o‘zgarishlarga turtki bo‘ladi degan umiddamiz. Bu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish esa aholining davlat va odil sudlov tizimiga bo‘lgan ishonchini qayta tiklash uchun juda muhim ahamiyatga ega. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing